Xalq deputatlari Amudaryo tumani Kengashining 25-sessiyasi toʻgʻrisida axborot
Amudaryo tumani hokimligi majlislar zalida Xalq deputatlari Amudaryo tumani Kengashining navbatdagi 25-sessiyasi boʻlib oʻtdi. Sessiyada tuman hokimi Sobir Xoʻjametov, tuman hokimi oʻrinbosarlari, tegishli tashkilot va idoralar rahbarlari, fuqarolar yigʻinlari raislari, xotin-qizlar faollari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Sessiya ishini Xalq deputatlari Amudaryo tumani Kengashi raisi Alisher Yoʻldashev olib bordi. Yigʻilish Oʻzbekiston Respublikasi va Qoraqalpogʻiston Respublikasi davlat madhiyalari ijrosi bilan boshlandi.
Sessiya kun tartibidagi birinchi masala — Amudaryo tumani mahalliy byudjetining maqbullashtirilgan mablagʻlarini yetishmayotgan ish haqi xarajatlariga yoʻnaltirish toʻgʻrisida tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari — Iqtisodiyot va moliya boʻlimi boshligʻi Faxriddin Yusupov hisobot berdi.
Hisobotda maqbullashtirilgan mablagʻlarni birinchi navbatda byudjet tashkilotlari va muassasalarining ish haqi, ijtimoiy soliq hamda kommunal xizmatlar toʻlovlarining yetishmagan qismiga yoʻnaltirish nazarda tutilganligi taʼkidlandi.
Sessiya kun tartibidagi navbatdagi masala mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga bagʻishlandi. Mazkur masala yuzasidan Amudaryo tumani prokurori Ravshanbek Bauaddinov axborot berdi. Qayd etilganidek, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish maqsadida hududda 20 ta “Namunaviy xavfsiz koʻcha” va 7 ta “Namunaviy xavfsiz uy” tashkil etilgan.
Koʻp qavatli uylarning eshiklariga 16 ta zamonaviy domofon kompleksi, koʻp qavatli uylarning kirish yoʻlaklari oldiga 9 ta “Tashvish” tugmasi, mahallalardagi aholi gavjum joylar va koʻchalarga 30 ta kuzatuv kamerasi oʻrnatildi. Koʻp qavatli uylarning hovlilariga 4 ta, maktablarning kirish va chiqish joylariga 8 ta, sport maydonchalariga esa 2 ta kamera oʻrnatilgan.
Mahallalarning asosiy kirish va chiqish joylariga 14 ta, savdo markazlari va bozorlarga 2 ta yuzni va avtotransport raqamlarini tanib oluvchi kamera oʻrnatildi. Shuningdek, 77 ta koʻp qavatli uy va yakka tartibdagi xonadon hamda 39 ta savdo va maishiy xizmat koʻrsatish obʼekti texnik qoʻriqlovga olindi.
Jinoyatchilikning oldini olishda viktimologik tadbirlardan samarali foydalanilib, jinoyat sodir etishga moyil 373 nafar hamda jinoyatdan jabr koʻrishi mumkin boʻlgan 162 nafar, jami 535 nafar shaxs roʻyxati shakllantirildi. Ushbu masala yuzasidan tuman Ichki ishlar boʻlimi boshligʻi Mahsud Sherimbetovning hisobotida aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish borasida voyaga yetmaganlar oʻrtasida 476 ta, probatsiya hisobidagi shaxslar oʻrtasida esa 382 ta targʻibot tadbiri oʻtkazilgani qayd etildi.
Tarbiyasiga masʼuliyatsizlik bilan yondashayotgan 844 nafar ota-onaga nisbatan maʼmuriy choralar koʻrilgani, tarbiyasi ogʻir 134 nafar oʻquvchi bilan manzilli profilaktik ishlar olib borilgani taʼkidlandi.
Shu kabi amaliy ishlar natijasida tumandagi 38 ta mahallada jinoyat sodir etilishiga yoʻl qoʻyilmadi va ular “yashil” mahalla toifasiga kiritildi. 10 ta mahalla “sariq” toifaga kiritilgan boʻlsa, oʻtgan 9 oy mobaynida 1 ta mahalla “qizil” toifaga kiritildi.
Sessiyada “Mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish jamgʻarmasi” daromadlari va xarajatlari ijrosi hamda mahalla institutini rivojlantirishga qaratilgan farmon va qarorlarning ijrosi toʻgʻrisida Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi Amudaryo tuman boʻlimi boshligʻi Alisher Yoʻldashev hisobot berdi.
Hisobotda joriy yilning oʻtgan 9 oyi davomida mahalla hududidagi ichki yoʻllar, piyodalar yoʻlakchalari, yoritish tizimi, elektr energiyasi va tabiiy gaz tarmoqlari, ichimlik va oqova suv tizimlarini taʼmirlash va tiklash, shuningdek, ehtiyojmand oilalarni moddiy tomondan qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qator ishlar amalga oshirilgani qayd etildi. Mart oyida Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi tuman boʻlimi va fuqarolar yigʻinlari bilan hamkorlikda “Yashil makon” umummilliy harakati doirasida jami 120 mingdan ortiq koʻchat ekilgan. Uyushma tomonidan Qipchoq oʻrmon xoʻjaligidan shartnoma asosida 20 ming dona mevali daraxt koʻchatlari sotib olinib, fuqarolar yigʻinlari tomonidan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga tarqatilgan. Mazkur tadbir uchun 299 million soʻm sarflangan. Fuqarolar yigʻinlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida 15 ta kompyuter texnikasi, 13 ta printer va 20 ta mebel jamlanmasi berilgan. Shuningdek, 8 ta ovul va mahallalar binolarida taʼmirlash ishlari olib borilgan. Bu tadbirlar uchun 319 million soʻm sarflangan.
Sessiyada kun tartibidan tuman hokimligi ijro intizomi nazorati boʻlinmasi bosh mutaxassisi Maʼmurjon Tajiboyevning axboroti ham oʻrin oldi. Axborotga koʻra, tuman hokimligiga 2026-yilning 9 oyida 22 ta Prezident farmoni, 38 ta qarori, 1 ta farmoyishi hamda Vazirlar Mahkamasining 18 ta qarori va farmoyishlari asosida tayyorlangan Vazirlar Kengashining 79 ta normativ-huquqiy hujjati kelib tushgan. Mazkur hujjatlar ijrosi yuzasidan tuman hokimining 38 ta qaror va farmoyishi qabul qilinib, 41 tasi ijro va maʼlumot uchun qabul qilingan.
Sessiya davomida tuman hududida favqulodda vaziyatlarning oldini olish hamda ularni bartaraf etish borasida 2026-yilning 3-choragi davomida amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida tuman Favqulodda vaziyatlar boʻlimi boshligʻi Zafar Ahmedov hisobot berdi.
Hisobotda keltirilishicha, tuman hududida joriy yilning 3-choragi davomida 24 ta yongʻin sodir boʻlgan. Natijada fuqarolarga 1 milliard 925 million 810 ming soʻm miqdorida zarar yetkazilgan. Yongʻinlar oqibatida tan jarohati olish yoki halok boʻlish bilan bogʻliq holatlar qayd etilmagan. “112” qisqa raqamiga fuqarolardan kelib tushgan xabarlar boʻyicha 78 marotaba chiqish amalga oshirilib, fuqarolarga amaliy yordam koʻrsatilgan.
Sodir boʻlishi mumkin boʻlgan yongʻinlar va favqulodda vaziyatlarni tezkor hamda samarali bartaraf etish maqsadida 26 marotaba yongʻin-taktik mashq va 12 marotaba yongʻin-taktik mashgʻuloti oʻtkazilgan. Reja asosida davlat tasarrufidagi 172 ta hamda tadbirkorlik subʼektlariga tegishli 314 ta obʼekt tekshiruvdan oʻtkazilgan. Tekshiruvlar davomida amaldagi talablarni buzgan shaxslarga nisbatan 834 ta holat boʻyicha jami 557 million 664 ming soʻm jarima qoʻllanilgan. Yongʻin kelib chiqish xavfi yuqori boʻlgan 52 ta obʼektning faoliyati esa vaqtincha toʻxtatilgan. 272 ta qoʻlbola va nosoz agregatdan foydalanish taqiqlanib, 18 ta tadbirkorlik subʼektida monitoring va profilaktika tadbirlari oʻtkazilgan.
Sessiya kun tartibiga davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarini tashkil etish toʻgʻrisidagi masala ham kiritildi. Mazkur masala belgilangan tartibda doimiy komissiya tomonidan koʻrib chiqilib, Kengash qarori loyihasi ishlab chiqilgan. Qaror loyihasi sessiya ishtirokchilari muhokamasiga qoʻyildi.
Muhokamalar davomida deputatlar tomonidan bildirilgan taklif va mulohazalar atroflicha koʻrib chiqildi. Berilgan savollarga masʼullar tomonidan batafsil javoblar berildi.
Sessiya yakunida kun tartibidagi barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilinib, ularning ijrosini taʼminlash boʻyicha masʼullarga zarur vazifalar belgilandi.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶