ASOSIY FANLAR OLIMPIADASINING TUMAN BOSQIChI OʻTKAZILMOQDA
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 9-sentyabrdagi “Iqtidorli oʻquvchilar oʻrtasida fan olimpiadalarini oʻtkazish tizimini takomillashtirish hamda xorijiy tillarni oʻqitish boʻyicha eng yaxshi maktabni aniqlash tizimini joriy etish toʻgʻrisida”gi 562-sonli Qarori asosida har yili umumtaʼlim maktablari, ixtisoslashtirilgan maktablar va kasb-hunar maktablari oʻquvchilari oʻrtasida asosiy fanlar olimpiadasi oʻtkazib kelinmoqda.
Ushbu Qaror bilan oʻquvchilar oʻrtasida fan olimpiadalarini tashkil etish, oʻtkazish hamda xalqaro olimpiadalar ishtirokchilarini saralash va gʻoliblarni ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisida Nizom ham tasdiqlangan boʻlib, mazkur Nizom davlat va nodavlat umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari, akademik litsey va kasb-hunar maktablari oʻquvchilari oʻrtasida umumtaʼlim fanlari boʻyicha olimpiadalarni tashkil etish, oʻtkazish, xalqaro va mintaqaviy olimpiadalar ishtirokchilarini saralash hamda olimpiada gʻoliblarini ragʻbatlantirish tartibini belgilaydi.
Ushbu Nizom asosida joriy yilning 21-oktyabr sanasidan boshlab Amudaryo tumani Maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimiga qarashli umumtaʼlim maktablari oʻquvchilari oʻrtasida ham fanlar olimpiadasiga start berildi. Mazkur tadbirni talablar darajasida, qatʼiy intizom va shaffoflik asosida oʻtkazish maqsadida olimpiada oʻtkaziladigan 40-, 55-, 76-sonli maktablar binolari belgilangan fanlarga mutanosib ravishda zarur jihozlar bilan taʼminlandi.
Olimpiadada tumandagi 86ta maktablarning 9-11-sinflaridan taʼlim olayotgan 2700ga yaqin oʻquvchi ishtirok etmoqda.
21-oktyabr kuni 55-sonli umumtaʼlim maktabida tarix, geografiya, qozoq tili va adabiyoti, qoraqalpoq tili va adabiyoti fanlaridan tashkil etilgan olimpiadada ushbu fanlar boʻyicha eng bilimdon oʻquvchilar gʻoliblik uchun kuch sinashdilar.
Aytish joizki, asosiy fanlar olimpiadasi ikkita guruhga ajratilgan holda oʻtkaziladi. Nufuzli xalqaro olimpiadalar uchun tashkil qilinadigan fanlar mos keluvchi birinchi guruh matematika, fizika, kimyo, biologiya, informatika va axborot texnologiyalari fanlari hisoblanadi. Qolgan fanlar esa ikkinchi guruhga kiritilgan. Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirining buyrugʻi asosida asosiy fanlar olimpiadasining tuman bosqichi 21-25-oktyabr kunlari oʻtkazilishi belgilangan.
Olimpiadaning tuman bosqichining muvaffaqiyatli oʻtkazilishini taʼminlash maqsadida oʻquvchilar bilimini baholash uchun oʻz fanini mukammal biladigan, tajribali oʻqituvchilardan iborat hakamlar hayʼati hamda 7 kishidan iborat appelyatsiya komissiyasi faoliyat olib bordi.
Yakuniy natijalarga koʻra, 11-sinf oʻquvchilari oʻrtasida tarix fanidan 1-oʻrinni 65-sonli umumtaʼlim maktabining 11-sinf oʻquvchisi Zilola Sattorbergenova, 2- va 3-oʻrinlarni esa 28-maktabning 11-sinf oʻquvchilari Shodiyona Komilova hamda Feruza Umarovalar egalladilar.
Boshqa fanlar boʻyicha ham gʻoliblar aniqlanib, ular Amudaryo tuman Maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi tomonidan diplom va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandilar hamda 1-, 2- va 3-oʻrin gʻoliblari asosiy fanlar olimpiadasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi bosqichiga yoʻllanma oldilar.
Ayni kunlarda asosiy fanlar olimpiadasi bahslari belgilangan jadval asosida, 40-, 55- va 76-sonli umumtaʼlim maktablarida yuqori saviyada tashkil etilib, koʻtarinki ruhda, qatʼiy intizom va shaffoflik asosida oʻtkazilmoqda. Ushbu maʼrifiy tadbirda ishtirok etayotgan tumanimizning bilimdon yoshlariga omad va muvaffaqiyatlar tilaymiz.
Ravshan Bahromov.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶