Sinfdoshlar 60-yildan keyin yana maktab binosida diydorlashdilar
Inson hayotida shunday lahzalar borki, ular hech qachon vaqt hukmiga boʻysunmaydi, oradan qancha yillar oʻtmasin, ularning qadri va ahamiyati yanada oshib boraveradi. Bolalikning eng begʻubor damlari, qadrdon maktab partasidagi ilk saboqlar, ilm sirlarini birgalikda oʻrgangan doʻstlar bilan oʻtgan onlar hayotimizning eng yorugʻ va unutilmas xotiralari sirasiga kiradi. Inson taqdir taqozosi bilan qayerda boʻlmasin, qanday ulkan yutuqlarga erishmasin yoki qaysi kasb egasi boʻlmasin, uning qalbining eng toʻrida doimo oʻzining ilk bilim maskaniga, mehribon ustozlariga va qadrdon sinfdoshlariga nisbatan juda iliq, samimiy bir sogʻinch yashaydi. Bugun oradan naq 70-yil oʻtib, oʻzlarining bolalik xotiralari bilan yana oʻsha qadrdon maktabiga yoʻl olgan, sochlariga oq tushsa-da, qalbida oʻsha begʻubor yoshlik zavqini unutmagan insonlarning uchrashuvi haqida soʻz yuritamiz.
1956-yilda hozirgi Amudaryo tumani Mangʻit shahrida joylashgan 16-sonli, sobiq Strelkov nomli maktab eshigidan jajji, koʻzlarida quvonch porlab turgan oʻquvchilar ilk bor qadam qoʻygan edilar. Bugungi kunda nuroniy otaxon va onaxonlarga aylangan bu insonlar oʻsha paytda qoʻllarida alifbo ushlab, ilm-fan olamiga oʻzlarining birinchi qadamlarini tashlaganliklarini cheksiz hayajon bilan esga oladilar. Oradan 70-yil oʻtib, aynan shu muqaddas dargohda tashkil etilgan uchrashuvda ularni maktab maʼmuriyati va oʻquvchilar tantanali tarzda, yuksak hurmat-ehtirom bilan kutib oldilar. Tadbir davomida sinfdoshlar bolalik onlari, maktab yillaridagi shirin va begʻubor xotiralarni yodga olib, oʻtgan umr sahifalarini yana varaqladilar.
Ularning maktabdagi taʼlim yoʻli bir nechta bosqichlarni oʻz ichiga olgan boʻlib, har bir davr oʻziga xos izlanishlar va quvonchlarga boy boʻlgan. Xususan, 1961-yilda ushbu boshlangʻich maktabni muvaffaqiyatli yakunlagan sinfdoshlar taʼlimni davom ettirish maqsadida sobiq “Mangʻit” nomli oʻrta maktabga boradilar. Ilm olish yoʻlidagi tinimsiz intilishlar ularni oldinga yetaklab, ushbu 8 yillik maktabni 1964-yilda tamomlashga muvaffaq boʻladilar. Taʼlim olish va kamolotga yetish jarayoni bu bilan toʻxtab qolmadi. Bilimga chanqoq yoshlar 1964-yildan boshlab sobiq Lomonosov nomli maktabga oʻtib, oʻqishlarini davom ettiradilar. Ushbu taʼlim dargohida 2-yil, yaʼni yuqori sinflarni oʻqib tamomlagan sinfdoshlar 1966-yilda umumtaʼlim maktabini toʻliq va muvaffaqiyatli yakunlab, kelajak orzulari ogʻushida katta hayotga uchirma boʻldilar.
Maktabni tamomlagach, ularning har biri oʻz qiziqishlari va maqsadlari sari dadil qadamlar tashladi. Keyinchalik ularning koʻpchiligi mamlakatimizning nufuzli oliy oʻquv yurtlarida va turli yoʻnalishdagi texnikumlarda tahsil olib, oʻz mutaxassisliklari boʻyicha chuqur bilimlarga ega boʻldilar. Yillar oʻtib, bu azmu shijoatli yigit-qizlar xalq xoʻjaligining turli sohalarida muvaffaqiyatli faoliyat yuritdilar. Ular oʻzlarining halol va fidokorona mehnatlari orqali el-yurt ravnaqi, jamiyat rivoji va xalq farovonligiga munosib hissa qoʻshdilar. Ularning bosib oʻtgan mazmunli hayot yoʻli va jamiyatdagi mustahkam oʻrni bugungi yosh avlod vakillari uchun haqiqiy ibrat maktabi boʻlib xizmat qiladi.
Tadbirda Amudaryo tumani Maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi rahbariyati ham ishtirok etib, sobiq bitiruvchilarning el-yurtimiz ravnaqi yoʻlida qilgan uzoq yillik xizmatlarini alohida eʼtirof etdilar va ularga tashakkur izhor qildilar.
Sinfdoshlarning maktabga ilk bor qadam qoʻyganining 70 yilligi va maktabni tamomlaganining 60 yilligi munosabati bilan tashkil qilingan ushbu tadbir toʻkin dasturxon atrofida, shirin xotiralarga boy tarzda davom etdi.
Bundan 60-yil oldin jonajon maktabi bilan xayrlashib, katta hayot sari yoʻllanma olgan yigit-qizlar oradan yarim asrdan ziyod vaqt oʻtib, nuroniy yoshda yana diydor koʻrishishganlari uchun shukronalar qilib, duoga qoʻl ochdilar. Albatta, insonning kamolotga yetishida, hayotda toʻgʻri yoʻlni tanlashida ustozlarning oʻrni va xizmatlari beqiyosdir. Sinfdoshlar dasturxon atrofida ham oʻzlarining kasbiga sadoqatli, mehribon muallimlarini katta hurmat va ehtirom bilan tilga oldilar. Jumladan, ularga ilk bor harf tanitgan, qalam ushlashni oʻrgatgan 1-sinfdagi ilk oʻqituvchisi Hayot opa Eshayeva hamda maktab direktori Charsham aka Jumamuratovning nomlarini, shuningdek, ularga taʼlim-tarbiya bergan barcha ustoz va murabbiylarini bugungi kungacha cheksiz minnatdorlik bilan yodga oladilar. Ustozlar tomonidan berilgan saboqlar ularning butun umrlik yoʻlchi yulduziga aylangan edi.
Fayzli dasturxon atrofida qizgʻin va maroqli suhbatlar uzoq davom etdi. Tadbirda Amudaryo tumani madaniyat boʻlimi xonandalari tomonidan ijro etilgan doʻstlik, bolalik sogʻinchi va mehr-oqibat haqidagi qoʻshiqlar ishtirokchilarni xushnud etib, chin doʻstlik vaqt sinoviga hech qachon yengilmasligini, yillar oʻtsa ham maktabdagi doʻstlik hech qachon eskirmasligini yana bir bor isbotladi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶