Milliy qadriyatlardan uzoqlashgan avlodning maʼnaviy qiyofasi
Bugungi globallashgan davrda milliy qadriyat va anʼanalardan uzoqlashish jarayoni avlodlar oʻrtasidagi maʼnaviy bogʻliqlikni susaytirib, millatning barkamolligiga putur yetkazmoqda. Uch avlod oʻrtasidagi tafovutlar, raqamli texnologiyalarning tezkor rivoji, chet el madaniyati taʼsirining kuchayishi yoshlar orasida milliy qadriyatlarga nisbatan befarqlikni paydo qilmoqda. Bu esa milliy ruhiyatning zaiflashuviga olib kelmoqda.
Milliy qadriyatlar har bir xalqning tarixiy, madaniy va maʼnaviy asosi boʻlib, ular oʻz xalqining nomoddiy boyligini aks ettiradi. Oʻzbek xalqining mehmondoʻstligi, kattalarga hurmat, bolalarga mehr koʻrsatish va shu kabi boshqa qadriyatlari asrlar davomida jamiyatni birlashtiruvchi vosita boʻlib kelgan. Ammo zamonaviy yoshlar hayotida bu qadriyatlar oʻz oʻrnini yoʻqotayotganini kuzatish mumkin. Internet va ijtimoiy tarmoqlarda targʻib qilinayotgan ommaviy madaniyat, individualizm va isteʼmolchilik mafkurasi yoshlar dunyoqarashini oʻzgartirib yubormoqda. Oqibatda milliy oʻzlikka befarqlik, oilaviy birlikka nisbatan masʼuliyatsizlik kuchaymoqda.
Xalqni yoʻq qilish uchun uning maʼnaviyatini zaiflashtirish kifoya. Maʼnaviy boyligi yoʻqotilgan xalqning kelajagi boʻlmaydi. Yoshlarning maʼnaviyatdan uzoqlashishi ularning masʼuliyatsizlikka moyil boʻlishiga, jamiyatga befarq qarashiga sabab boʻlmoqda. Milliy qadriyatlarga asoslanmagan hayot esa ularni oʻzligidan uzoqlashtiradi.
Bugungi oila va taʼlim tizimi bu masalada katta rol oʻynashi lozim. Ota-onalar milliy qadriyatlarni farzandlarning bolalikdan ongi va qalbiga singdirish orqali ularning dunyoqarashini shakllantirishlari kerak. Shu bilan birga, maktab va oliy taʼlim muassasalarida milliy qadriyatlar va tarixiy shaxslar haqida bilim berishga jiddiy eʼtibor qaratilishi zarur. Yoshlar milliy oʻtmishini bilmas ekan, ular oʻzligini anglay olmaydi.
Madaniy sohalar ham milliy qadriyatlarni targʻib qilishda katta imkoniyatlarga ega. Kino, teatr va adabiyot orqali yoshlar qalbida oʻz tarixiga boʻlgan qiziqishni uygʻotish mumkin. Milliy qadriyatlarni targʻib qiluvchi asarlarning koʻpayishi, raqamli platformalarda milliy mazmundagi kontentlar yaratilishi bu jarayonda muhim ahamiyatga ega. Yoshlarning zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda milliy oʻyinlar, festivallar va musobaqalar orqali qadriyatlarimizni anglab yetishlariga yordam berish mumkin.
Milliy qadriyatlardan uzoqlashish yoshlar oʻrtasida nafaqat maʼnaviy zaiflik, balki oilaviy rishtalar zaiflashuvi, ajrimlar koʻpayishi kabi salbiy oqibatlarni ham keltirib chiqaradi. Shu sababli, jamiyat milliy qadriyatlarni saqlab qolish masʼuliyatini oʻz zimmasiga olishi kerak. Aks holda, yoshlar oʻzligini yoʻqotib, begona madaniyatlarning taʼsiri ostida qolishi mumkin.
Milliy qadriyatlar nafaqat tarixiy koʻzgu, balki kelajakni barpo etishda ham muhim poydevor vazifasini bajaradi. Yosh avlod milliy qadriyatlardan uzoqlashsa, bu butun millatning maʼnaviy tanazzuliga olib keladi. Shuning uchun barchamiz milliy qadriyatlarni targʻib qilish va kelajak avlodga yetkazishda oʻz masʼuliyatimizni chuqur anglashimiz lozim. Maʼnaviyatli, bilimli va oʻz tarixiga sodiq avlodni tarbiyalash orqali biz milliy oʻzligimizni asraymiz.
Shohzod Qurbonboyev.
Foto: president.uz

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶