Amudaryo tuman hokimi “Taʼlim homiysi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi
Taʼlim va tarbiya – har bir jamiyat taraqqiyotining poydevori, kelajak avlodning intellektual va maʼnaviy kamoloti garovidir. Shu yoʻlda yurtimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar jarayonida taʼlim tizimini rivojlantirish, oʻqituvchilar mehnatini qadrlash va oʻquvchilarga zamonaviy sharoit yaratish yoʻlida fidokorona mehnat qilayotgan rahbarlar alohida eʼtirof etilmoqda.
Shu oʻrinda Amudaryo tumani hokimi Sobir Xoʻjametovning taʼlim sohasidagi samarali faoliyati ham munosib qadrlanib, u Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining “Taʼlim homiysi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi.
Ushbu yuksak mukofotni Qoraqalpogʻiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Gulistan Kojabayeva tantanali ravishda topshirdi. Vazir oʻz nutqida tuman hokimining taʼlim-tarbiya sohasidagi tashabbuslari, zamonaviy maktablar qurilishi, oʻqituvchilar uchun yaratilayotgan sharoit va oʻquvchilarning taʼlim olishi uchun qulay muhit yaratilganini alohida eʼtirof etdi.
Darhaqiqat, soʻnggi ikki yil davomida Amudaryo tumanida taʼlim tizimini rivojlantirish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, tumanda 6 ta yangi maktabgacha taʼlim tashkiloti qurilib, bolajonlar uchun qulay va zamonaviy muhit yaratildi. 31-, 46- va 48-sonli maktablar binolari qayta rekonstruktsiya qilinib, yangi qoʻshimcha binolar barpo etildi. 59- va 68-sonli umumtaʼlim maktablari binolari esa toʻliq yangidan qurildi. 40-, 67- va 48-sonli maktablarda zamonaviy yopiq sport zallari hamda sport maydonchalari bunyod etildi. Shuningdek, 42-, 35- va 60-sonli maktablarga jami 359 million soʻm mablagʻ hisobiga yangi kompyuter jihozlari olib berilib, oʻquv jarayonlari raqamlashtirildi. Ushbu amaliy ishlar tumanda taʼlim sohasining sifat jihatdan yangi bosqichga koʻtarilishiga xizmat qilmoqda.
Tuman hokimi Sobir Xoʻjametov oʻz nutqida ushbu mukofot butun Amudaryo taʼlim jamoasining fidokorona mehnatiga berilgan yuksak eʼtirof ekanini taʼkidladi. “ Taʼlim – bu yurt kelajagi. Biz oʻqituvchilarimizni eʼzozlash, bolalarimiz uchun zamonaviy sharoit yaratish va har bir taʼlim muassasasini yangilash yoʻlida izchil ishlashda davom etamiz”, – dedi tuman hokimi oʻz nutqida.
Tadbirda tuman Maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi boshligʻi Yalgʻash Shomuratov ham soʻzga chiqib, soʻnggi yillarda tuman hokimligi tashabbusi bilan taʼlim muassasalarida amalga oshirilayotgan infratuzilma yangilanishlari, oʻquvchilar va pedagoglar uchun yaratilayotgan sharoitlar taʼlim sifatining oshishiga katta turtki boʻlganini qayd etdi.
Bugun Amudaryoda taʼlimga qaratilayotgan eʼtibor – ertangi kun, yosh avlodning baxtli kelajagiga qaratilgan eng muhim sarmoya, “Taʼlim homiysi” koʻkrak nishoni esa ana shu fidokorlik va masʼuliyatli mehnatning eʼtirofidir.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶