"DALALAR ChETLARIDAN SAMARALI FOYDALANISh ISTIQBOLLARI" MAVZUSIDA SEMINAR OʻTKAZILDI
Soʻnggi yillarda yer yuzida roʻy berayotgan iqlim oʻzgarishlari, tabiiy ofatlar va qurgʻoqchilik kabi ekologik vaziyatning buzilish holatlari qishloq xoʻjaligi sohasiga jiddiy taʼsirini oʻtkazib, oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishni qiyinlashtirib bormoqda. Albatta, bu holat Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlari, xususan, bizning mamlakatimizga ham oʻzining salbiy taʼsirini koʻrsatmoqda.
Ana shunday holatlarning oldini olish maqsadida mamlakatimizda soʻnggi bir yilda agrar tizimni yanada rivojlantirish, sohaga suv va energiya tejamkor texnologiyalarni keng joriy etish orqali yuqori sifatli oziq-ovqat va sanoatbop mahsulotlar yetishtirishni koʻpaytirish maqsadida muhtaram Prezidentimiz tomonidan qator Farmon va Qarorlar qabul qilinib, buning natijasida joylarda ulkan yutuqlarga erishilmoqda.
Prezidentimizning 2024-yil 30-dekabrdagi “Qishloq xoʻjaligi maydonlaridagi qoʻshimcha imkoniyatlardan foydalangan holda mahsulot yetishtirishni koʻpaytirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Qaroriga muvofiq dalalar chetlarida, aholining tomorqa yerlarida, koʻp qavatli uylar yonida, mahalla ichki koʻchalarida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish tartibi belgilanib, Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligiga mahsulot yetishtirishni tashkil etish, urugʻ va koʻchatlarni yetkazib berish, shuningdek, yetishtirilgan mahsulotni eksportga yoʻnaltirish vazifalari yuklangan edi.
30-oktyabr kuni Amudaryo tumanining Toʻlqin ovuli hududidagi “Amat Toʻrayev” fermer xoʻjaligi dalasida tuman Fermerlar kengashi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi hamda Bogʻdorchilik agentligi tuman boʻlimlari hamkorligida “Dalalar chetlaridan samarali foydalanish istiqbollari” mavzusida seminar tashkil etildi.
Seminarda tumanda faoliyat olib boruvchi qishloq xoʻjalik korxonalari, fermer va dehqon xoʻjaliklari rahbarlari hamda ilgʻor tomorqa yer egalari, soha mutaxassislari ishtirok etishib, sohaga tatbiq qilinayotgan yangiliklar va oʻzgarishlar bilan yaqindan tanishdilar.
Seminarda mutaxassislar tomonidan ichki fitosanitar sertifikati dalalar chetlaridan samarali foydalanayotgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga bepul berilishi, Agrosanoatni rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi hisobidan dalalar chetlariga “in-vitro” usulida ekilgan mevali koʻchatlar payvandtaglarini xarid qilish xarajatlarining 50 foizi miqdorida, yaʼni, har bir mevali koʻchat payvandtagi uchun 25 ming soʻmdan oshmagan miqdorda subsidiya ajratilishi haqida maʼlumotlar berildi.
Bundan tashqari, Prezident Qarori ijrosini taʼminlash maqsadida, tuman Fermerlar kengashi hamda Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi tuman boʻlimi bilan birgalikda dalalar chetlarida, kanallar, sugʻorish va kollektor-drenaj tarmoqlari atrofidagi maydonlarda, tomorqa yerlarida, koʻp qavatli uylar atrofida, mahalla ichki koʻchalarida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirishni tashkil etishni muvofiqlashtirish boʻyicha tuman ishchi guruhi tuzilgani maʼlum qilinib, mazkur ishchi guruh aʼzolarining vazifalari yuzasidan batafsil maʼlumotlar ham berildi.
Seminarda ishtirokchilar tuman Femerlar kengashi hamda Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi tuman boʻlimi mutaxassislari bilan oʻzaro fikr almashdilar, shuningdek, tajribali dehqonlar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarni ommalashtirish yuzasidan takliflar va tavsiyalar berilib, kelgusida qilinishi lozim boʻlgan ishlar kelishib olindi.
ROBIYa YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶