40-sonli maktabda «Amir Temur — buyuk Sohibqiron» deb nomlangan tadbir oʻtkazildi
9-aprel sanasi nafaqat Oʻzbekiston, balki butun jahon tamadduni tarixida alohida oʻrin tutgan, markazlashgan davlat asoschisi, ilm-fan va madaniyat homiysi, buyuk sarkarda va davlat arbobi Amir Temur tavallud topgan sana sifatida keng nishonlanadi. Sohibqiron bobomizning boy merosi, u yaratgan adolatli boshqaruv tamoyillari va bunyodkorlik ishlari asrlar osha bizga maʼnaviy kuch va qudrat bagʻishlab kelmoqda. Sna munosabati bilan yurtimizning barcha goʻshalarida boʻlgani kabi, Amudaryo tumanida ham maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar tashkil etildi.
Tuman madaniyat boʻlimi bilan hamkorlikda 40-sonli maktabda tashkil etilgan «Amir Temur — buyuk Sohibqiron» deb nomlangan bayram tadbiri nafaqat tarixiy sanani yod etish, balki yosh avlod qalbida milliy oʻzlikni anglash va ajdodlar merosiga boʻlgan cheksiz hurmatni shakllantirish yoʻlidagi navbatdagi muhim qadam boʻldi.
Tadbirning ochilish marosimida soʻzga chiqqan Amudaryo tumani madaniyat va maʼrifat markazi rahbari Islom Matkarimov yigʻilganlarni bayram bilan muborakbod etar ekan, Amir Temur shaxsiyatining jahon tarixidagi oʻrni va ahamiyatiga alohida toʻxtalib oʻtdi. Taʼkidlanganidek, Sohibqironning «Kuch — adolatdadir» degan oliy tamoyili bugungi kunda ham davlatchilik va jamiyat taraqqiyotining poydevori boʻlib xizmat qilmoqda.
Mazkur maʼnaviy-maʼrifiy kechaning asosiy maqsadi — oʻquvchi-yoshlarga milliy qadriyatlarimizni singdirish, ularda buyuk ajdodlarimizga nisbatan faxrlanish tuygʻusini uygʻotish hamda vatanparvarlik ruhini kuchaytirishdan iboratdir. Zero, tarixini bilgan, oʻz oʻtmishidan saboq olgan millatninggina kelajagi porloq boʻladi.
Tadbir davomida ijro etilgan kuy-qoʻshiqlar, sahna koʻrinishlari va Sohibqiron hayotiga oid maʼlumotlar yoshlarning tarixiy bilimlarini boyitishga xizmat qildi. Davraga yigʻilgan yoshlarning koʻzidagi shijoat va intilishni koʻrib, ularning qalbida tarixiy oʻzlikni anglash va Vatanga muhabbat tuygʻulari naqadar yuksak ekanligiga amin boʻlish mumkin. Aynan mana shunday tadbirlar orqali yosh avlod vakillari oʻzlarining Temur avlodlari ekanini, zimmalarida esa ajdodlar munosib vorisi boʻlishdek ulkan masʼuliyat borligini chuqurroq his etadilar.
Bayram dasturi davomida Amir Temurning harbiy mahorati bilan bir qatorda, uning maʼnaviyat va madaniyat rivojiga qoʻshgan hissasi, buyuk saltanat barpo etishdagi fidokorligi ham keng yoritildi. Tuman madaniyat boʻlimi ijodkorlari tomonidan tayyorlangan badiiy chiqishlar kechaga alohida fayz kiritdi. Tadbirning har bir daqiqasi ishtirokchilar xotirasida oʻchmas iz qoldirib, ularni yurt istiqboli yoʻlida fidokorona mehnat qilishga, ilm-fan choʻqqilarini zabt etishga undadi.
Amudaryo tumanida oʻtkazilgan ushbu tantanali tadbir Amir Temur shaxsining millat ruhiyatidagi oʻrni naqadar yuksakligini yana bir bor isbotladi. Biz bugun erkin va obod vatanda yashar ekanmiz, bu zaminning har bir qarichida ajdodlarimizning nafasi va bunyodkorlik ruhi borligini unutmasligimiz lozim. Sohibqiron tavalludi munosabati bilan tashkil etilgan mazkur kecha yoshlar qalbida vatanparvarlik va tarixiy xotira tuygʻularini yanada yuksaltirishga xizmat qilgani bilan ahamiyatli boʻldi. Zero, oʻz tarixini eʼzozlagan va undan kuch olgan xalq hech qachon kam boʻlmaydi va albatta koʻzlagan ulugʻ maqsadlariga yetadi. Sohibqiron Amir Temurning maʼnaviy merosi esa biz uchun hamisha yoʻlchi yulduz boʻlib qolaveradi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶