MAʼNAVIY QADRIYaTLARNI ASRASh YOʻLIDA
Har qanday mamlakatning buyukligini uning madaniyati belgilaydi. Shu boisdan sohaga eʼtibor yil sayin kuchaymoqda. Tuman Madaniyat va sport ishlari boʻlimi xalqimizning boy madaniy merosini, maʼnaviy qadriyatlarini asrab-avaylash yoʻlida samarali faoliyat olib bormoqda. Boʻlim tasarrufidagi 7 ta madaniyat va aholi dam olish markazlari, 3 ta xalq ansambllari, koʻzi ojizlar kutubxonasi xodimlari xalqimiz orasida milliy qadriyatlarimizni tiklash, istiqlol gʻoyalari asosida tarbiyaviy ahamiyatga ega madaniy tadbirlarni, madaniyatimizni dunyoga tanitish maqsadida bir qancha ishlarni samarali amalga oshirib kelishmoqda.
Bugungi kunda tuman Madaniyat va sport ishlari boʻlimida taniqli ustoz sanʼatkor va madaniyat xodimlari - Anvar Xudoyberganov, Yoʻldosh Jumamurodov, Quvonch Rayimov, Karim Yoʻldoshev, Murod Ibragimov, Tohir Fayzullayev, Madina Kenjaqarayeva, Rahima Xudoyberganovalar yoshlarga ustozlik qilib, sohaning sir-asrorlarini oʻrgatib kelishmoqda.
Yuqorida nomlari zikr qilingan sanʼatkorlar va madaniyat xodimlaridan taʼlim olib kelayotgan yosh xodimlar sohada yuksak muvaffaqiyatlarni qoʻlga kiritib kelmoqdalar. Ommaning siyosiy ongini oshirish, eʼtiqodini mustahkamlash va dunyoqarashini shakllantirishda, milliy madaniyatni rivojlantirishda nafaqat Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻyicha, balki Oʻzbekiston miqyosida ham salmoqli yutuqlarga erishilmoqda. Xususan, tuman madaniyat va aholi dam olish markazi direktori Olimboy Erniyozov bilan hamkorlikda aholi bilan ish olib borish sanʼatini puxta egallagan Oybek Begimov, Mehribon Yoʻldosheva, Dilfuza Bobojonova, Nasiba Hayitmuratova, Muzaffar Ibragimovlar aholiga sidqidildan xizmat qilib kelmoqdalar. "Uchqun” ashula va raqs xalq ansambli badiiy rahbari lavozimida ishlab kelayotgan isteʼdodli xonanda Murod Ibragimov uchun bu yil omadli boʻldi. U 2015-yil mart oyida boʻlib oʻtgan "Otam - suyangan togʻim, onam - mehr bulogʻim!” koʻrik-tanlovining Qoraqalpogʻiston Respublikasi bosqichida faxrli 2-oʻrinni egallashga muvaffaq boʻldi. 2015 yil 15-aprelda Qoraqalpogʻiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan artist D.Otajonov xotirasiga bagʻishlangan "Soʻnmas yulduz” tanlovida ishtirok etib, 2-oʻrinni egalladi. 2015-yil 20-iyun kuni K.Otaniyozov xotirasiga bagʻishlangan "Otashnafas qoʻshiqlar” Respublika tanlovining Qoraqalpogʻiston Respublikasi bosqichida 1-oʻrinni egallab, Xorazm viloyatida boʻlib oʻtgan Respublika bosqichida sovrindor boʻldi.
Tuman madaniyat va aholi dam olish markazida 3 ta xalq ansambli - "Uchqun” ashula va raqs xalq ansambli, "Ofarin” folklor-etnografik xalq ansambli, "Jayhun moʻʼjizasi” anʼanaviy sahna tsirk xalq jamoalari xalqimizning maʼnaviy qadriyatlarini tiklash, ularni asrab-avaylash va rivojlantirish, muqaddas dinimiz, urf-odatlarimizni, tarixiy, ilmiy, nomoddiy-madaniy merosimizni asrash va yuksaltirish borasida tinmay xizmat qilmoqdalar.
1973-yilda xalq ansambli maqomini olishga sazovor boʻlgan "Uchqun” ashula va raqs xalq ansambli bugungi kunda ham xalqimizga beminnat xizmat qilib kelmoqda.
Hozirgi kunda el sevgan sanʼatkorlarni birlashtirgan ansamblga Anvar Xudoyberganov badiiy, Vahobjon Abdullayev musiqiy rahbarlik qilmoqda. Yosh isteʼdod sohiblari Botirjon Norimbetov, Shahnoza Aminboyevalar ansamblga isteʼdodli havaskor aʼzolarni jalb qilish borasida samarali mehnat qilmoqdalar.
"Uchqun” ashula va raqs xalq ansamblining maqsadi tumanimiz mehnatkashlarining ishdan boʻsh vaqtlari hamda dam olish kunlarini mazmunli va maroqli oʻtkazish bilan bir qatorda xalqimizning madaniyatini rivojlantirish, yosh isteʼdodlarni izlab topish va ular bilan doimiy ish olib borib, katta sahnalarga olib chiqish, qobiliyatlarini rivojlantirishga koʻmaklashishdir.
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari Vazirligi qaroriga binoan 2008-yil 1 noyabrda havaskorlik sanʼatini rivojlantirishdagi, milliy qadriyatlarni tiklashdagi faol xizmatlari hamda yuksak ijrochilik mahorati uchun "Ofarin” folklor-etnografik ansambliga "Xalq havaskorlik jamoasi” maqomi berildi.
"Ofarin” folklor-etnografik ansambli Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanida oʻtkazilgan "Asrlar sadosi” festivalida ishtirok qilib, "Fond forum” laureati boʻlib qaytdi. Jamoada yosh mutaxassis Rinat Safarboyev badiiy rahbar boʻlib faoliyat yuritib kelmoqda. Sarvar Xudoyberganov musiqiy rahbar, el olqishiga sazovor boʻlib, masxarabozlik sanʼatini qadrlab kelayotgan Xayrulla Habibullayev baletmeysterlik qilib kelmoqda.
"Jayhun moʻʼjizasi” anʼanaviy sahna tsirk havaskorlik jamoasi 1983-yilda madaniyat uyida tashkil qilingan.
2009-yil 24 aprelda mazkur guruhga "Xalq havaskorlik jamoasi” maqomi berildi. Jamoada Haytboy Jumaniyozov, Komiljon Boltaboyev, Bahrom Sultonov, Ilhom Davlatyorov, Rashid Sultonov, Aminboy Jumaniyozovlar faoliyat yuritib, el-yurt olqishiga sazovor boʻlib kelmoqdalar.
Bu jamoa 2015-yil aprel oyida Samarqand shahrida oʻtkazilgan dorbozlar va anʼanaviy tsirk sanʼati jamoalarining Respublika koʻrik-festivalida ishtirok etib, diplom va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlanib qaytdi. Navoiy shahrida boʻlib oʻtgan Xalq ijodiyoti Respublika festivalida "Uchqun” ashula va raqs xalq ansambli, "Ofarin” folklor etnografik xalq jamoasi, "Jayhun moʻʼjizasi” anʼanaviy sahna tsirk xalq jamoalari oʻz dasturlari bilan ishtirok etib, maxsus diplomni qoʻlga kiritishga muvaffaq boʻlishdi.
Tuman madaniyat va sport ishlari boʻlimi yoshlarimiz orasidan eng isteʼdodlilarini tanlab olish, ularni qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish maqsadida turli koʻrik-tanlovlar oʻtkazib kelmoqda.
Estrada va anʼanaviy ijro, drama, musiqa va raqs yoʻnali-shida tashkil qilingan toʻgaraklarda qatnashchilarning soni yildan-yilga oshib borayotgani mazkur yoʻnalishlarga yoshlar oʻrtasida qiziqishning ortayotganidan dalolat beradi.
Ona Vatan - Oʻzbekistonimizni ulugʻlash, uni koʻz qorachigʻidek asrash, shaʼn-u sharafini himoya qilish va yuksaltirish kabi ezgu tuygʻularni oʻsib kelayotgan yosh avlod qalbiga singdirish, Vatanga sadoqat, uning taqdiri uchun daxldorlik hissi bilan yoʻgʻrilgan mazmunan teran, badiiy yetuk qoʻshiqlar yaratishni ragʻbatlantirish hamda ularni xalqimizning maʼnaviy mulkiga aylantirish maqsadida 2009-yildan buyon "Yagonasan, muqaddas Vatan!” koʻrik-tanlovini oʻtkazish anʼanaga aylangan. Ayniqsa, tumanimizning eng chekka hududlarida gimnastika boʻyicha yangi markazlarning tuzilishi natijasida qizlarning bu nafis sport turi bilan shugʻullanish imkoniyatlari yanada kengaydi. Soʻnggi besh yilda badiiy gimnastika bilan shugʻullanadigan qizlarning soni uch hissaga oshdi. Bundan tashqari, stol tennisi bilan shugʻullanib kelayotgan qizlarning soni tobora ortmoqda.
Ayni kunlarda tuman Madaniyat va sport ishlari boʻlimi xodimlari yosh rahbar Shuhrat Yusupov boshchiligida mamlakatimiz mustaqilligining 24-yilligi oldidan "Betakrorimsan, yagonasan, ona Vatanim – Oʻzbekistonim!” degan ezgu gʻoyani oʻzida mujassam etgan madaniy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazish boʻyicha katta tayyorgarlik ishlarini olib bormoqdalar.
Nasiba EShChONOVA, tuman Madaniyat va aholi dam olish markazining havaskorlik jamoalari va ijodiy toʻgaraklar faoliyatini tashkil etish guruhi rahbari.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶