Mustaqillik bayrami arafasida frontorti mehnat faxriylari holidan xabar olindi
Keksa avlod vakillarining ehtiyojlarini oʻrganish, ularga moddiy va maʼnaviy koʻmak koʻrsatish bugungi kunda davlat ijtimoiy siyosatining ajralmas qismi boʻlib, bu borada faxriylar tashkilotlari, jamoat birlashmalari va mahalla faollari oʻrtasidagi hamkorlik yildan-yilga kuchayib bormoqda.
Inson qadrini ulugʻlash gʻoyasi amaliy ishlarda oʻz ifodasini topar ekan, ayniqsa, Ikkinchi jahon urushi yillarida front ortida matonat va fidokorlik koʻrsatgan mehnat faxriylariga eʼtibor qaratish, ularning hayotini yengillashtirish davlatimiz siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi. Zero, bu avlod vakillarining har biri oʻz davrida elu yurt oldidagi burchini sidqidildan ado etgan, ogʻir sinovlar girdobida ham umidini yoʻqotmagan insonlardir.
Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi arafasida «Nuroniy» jamgʻarmasining Amudaryo tumani boʻlimi vakillari tumanda istiqomat qiluvchi frontorti mehnat faxriylari, muhtarama onaxonlar holidan xabar olishdi.
Urush yillarining ogʻir va mashaqqatli sinovlarini, undan keyingi qayta tiklanish davri qiyinchiliklarini sabr-matonat bilan yengib, bugungi tinch va farovon kunlarimiz poydevorini qoʻyishda beqiyos hissa qoʻshgan faxriy onaxonlarga alohida ehtirom koʻrsatildi, ularning hol-ahvoli va ehtiyojlari oʻrganildi.
Tashrif davomida masʼullar Ayoqchi mahallasida istiqomat qiluvchi 1929-yilda tugʻilgan Toʻxta momo Boltayeva, Bogʻ mahallasida yashovchi 1930-yilda tavallud topgan Hayitbika momo Qoʻchqorova hamda Jumurtov shaharchasida yashovchi, 1925-yilda dunyoga kelgan Tursin momo Boltaboyeva xonadonlarida boʻlishdi.
“Nuroniy” jamgʻarmasining Amudaryo tuman boʻlimi boshligʻi Bekman Alaberganov va boshqa mutasaddilar Choykoʻl ovulida istiqomat qiluvchi 1930-yilda tugʻilgan Shukur momo Haytakova, Oʻzbekiston mahallasida yashovchi, 1929-yilda tavallud topgan Xadicha momo Haytimbetova va Jayxun ovulida istiqomat qilayotgan 97 yoshli onaxon Xanifa momo Sabirova xonadonlarida ham boʻldilar.
Bundan tashqari, Xizr eli mahallasida istiqomat qiluvchi 1915-yilda tugʻilgan Parda momo Bekniyazova hamda Doʻstlik mahallasida yashovchi 96 yoshni onaxon Orzigul momo Madaminovalar xonadoniga ham tashrif uyushtirilib, ularning turmush sharoiti bilan yaqindan tanishildi.
Samimiyatga boy kechgan suhbatlar chogʻida momolar oʻz davrida chekkan zahmatlari, yoshlik yillari va suronli davr xotiralarini yodga oldilar. Ularning hikoyalari bir avlodning emas, balki butun bir davrning yozilmagan solnomasidir. Tashrif buyuruvchilar tomonidan faxriy onaxonlarga bayram sovgʻalari topshirilib, moddiy va maʼnaviy yordam koʻrsatildi.
Yelkasida davr yukini koʻtarib, butun umrini halol mehnatga, farzandlar tarbiyasi va vatan ravnaqiga bagʻishlagan momolarning yuz-koʻzidan shukronalik, tilidan ezgu duolar arimaydi. Ular oʻz duolarida yurtimizga tinchlik-omonlik, elimizga farovonlik va mustaqilligimiz abadiy boʻlishini tilab, mehmonlarga minnatdorlik izhor qildilar.
Keksa avlod vakillarini eʼzozlash, ularning boy hayot va mehnat tajribasini yoshlar oʻrtasida keng targʻib qilishga qaratilgan bunday xayrli tadbirlar “Nuroniy” jamgʻarmasi tomonidan tuman boʻylab izchil davom ettirilmoqda. Bunday tashriflar faqat bayram kunlari bilan chegaralanib qolmay, yil davomida muntazam tashkil etilayotgani esa faxriylarga koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrlik tizimli tus olganidan dalolat beradi.
Bir umr halol mehnat bilan yashagan insonning qadrini bilish — jamiyat yetukligining oʻlchovidir. Faxriylar xonadoniga uyushtirilgan har bir tashrif, ularga aytilgan har bir samimiy soʻz avlodlar oʻrtasidagi rishtani mustahkamlaydi va yoshlarga ibrat maktabi boʻlib xizmat qiladi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶