Bobur nomli ovulda 54 oila imtiyozli kredit evaziga oʻz ishini boshladi
Xonadon daromadini koʻpaytirish, mehnatga layoqatli har bir fuqaroni munosib ish bilan taʼminlash va oilaviy tadbirkorlikni ommalashtirish soʻnggi yillarda ijtimoiy siyosatning oʻzagiga aylandi. Bu vazifalar mahallabay ishlash tizimi orqali, yaʼni har bir xonadonning ehtiyojini joyida oʻrganish yoʻli bilan hal etilmoqda.
Mahalladagi imkoniyatlardan unumli foydalanish, boʻsh turgan yer maydonlarini muomalaga kiritish hamda norasmiy bandlikni rasmiylashtirish ushbu ishlarning natijadorligini belgilaydigan asosiy mezonlardan sanaladi. Zero, bir xonadonda boshlangan kichik tadbirkorlik koʻpincha butun bir mahalla iqtisodiyotiga turtki beradi.
Amudaryo tumanining Bobur nomli ovuli hududida 906 ta xonadon mavjud boʻlib, ularda 1285 ta oila roʻyxatga olingan, jami aholi soni esa 4748 nafarni tashkil etadi. Shuncha koʻlamdagi aholi bilan ishlash mahalla faollari oldiga aniq manzilli yondashuv talabini qoʻyadi. Hokim yordamchisi Ulugʻbek Ibragimov “Mahalla yettiligi” aʼzolari bilan birgalikda bu vazifaning uddasidan chiqmoqda, desak yanglishmaymiz.
Joriy yil davomida hokimi yordamchisi boshchiligida aholini ish bilan taʼminlash, xonadonlarga qoʻshimcha daromad keltirish hamda tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha bir qator amaliy ishlar bajarildi. Xususan, norasmiy band boʻlgan 56 nafar fuqaro oʻzlari faoliyat yuritib kelayotgan yoʻnalishlar boʻyicha oʻzini oʻzi band qilgan shaxs sifatida roʻyxatdan oʻtkazildi.
Mahalla yoshlaridan Davronbek Yuldashev 2026-yilda 50 million soʻm miqdorida imtiyozli kredit olib, tumanda birinchilardan boʻlib har xil turdagi dekorativ qurilish vositalarini ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻydi. Mazkur yoʻnalish tuman hududida ilgari keng tarqalmagan sohalardan boʻlgani bois, yosh tadbirkorning tashabbusi amaliy ahamiyati jihatidan eʼtiborga molikdir.
Tadbirkor ishlab chiqarish maydoni va oʻrnatilgan uskunalar hisobiga tsexda koʻplab mahalladoshining doimiy bandligini taʼminlagan. Aytish joizki, bunday kichik ishlab chiqarish nuqtalari qurilish materiallari bozorida mahalliy mahsulot ulushini oshirishga xizmat qiladi. Shu tariqa mahalla ahli zarur bezak mahsulotlarini uzoq hududlardan emas, oʻz ovulidan topish imkoniyatiga ega boʻlmoqda.
Hokim yordamchisining koʻmagi bilan 2026-yilning oʻtgan davri mobaynida 54 nafar fuqaroga oilaviy tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish maqsadida jami 1 milliard 173 million soʻm imtiyozli kredit ajratilib, ular chorvachilik, parrandachilik, xizmat koʻrsatish va ishlab chiqarish yoʻnalishlarida oʻz faoliyatlarini boshladilar. 3 nafar kishining bandligi esa subsidiya hisobidan taʼminlandi.
Ovulda yashovchi Nilufar Rajapova 2026-yilda 10 million soʻm imtiyozli kredit mablagʻi hisobidan non va non mahsulotlari ishlab chiqarish faoliyatini yoʻlga qoʻydi. Kundalik ehtiyoj mollari qatoriga kiruvchi bu mahsulotga talabning barqarorligi oilaviy tadbirkorlik uchun qulay sharoit yaratadi.
Hozirgi kunda novvoyxonada bir kecha-kunduzda yuzlab non yopilib, mahsulot mahalladagi savdo shoxobchalariga, shuningdek, toʻy va boshqa oilaviy marosimlarga yetkazib berilmoqda. Tadbirkor ayolning faoliyatiga mahalladoshlari ham jalb qilingan boʻlib, xotin-qizlar bandligini taʼminlashda aynan shunday kichik ishlab chiqarish nuqtalari samarali vosita sanaladi.
Aytish joizki, 2026-yil davomida ovul boʻycha ishsiz fuqarolardan 38 nafari mavsumiy va doimiy ish oʻrinlariga joylashtirildi, shuningdek, yangidan 3 ta tadbirkorlik subʼekti tashkil etilib, ular oziq-ovqat savdo shahobchasi, xizmat koʻrsatish hamda umumiy ovqatlanish yoʻnalishlarida faoliyat boshladi. Yangi ochilgan obʼektlar aholining kundalik ehtiyojlarini oʻz hududida qondirish imkonini bermoqda.
Shahnoza Bazarbayeva ham ana shunday yangi tadbirkorlardan. 2026-yilda 33 million soʻm miqdorida imtiyozli kredit olib, 3 sotix maydonda issiqxona barpo etgan ishbilarmon bugungi kunda asosan bodring yetishtirish bilan shugʻullanib kelmoqda. Tomorqadan samarali foydalanishning bu shakli mavsumiy daromadni yil davomida barqaror saqlash imkonini beradi.
Shu oʻrinda aytish kerakki, issiqxona xoʻjaliklari kichik yer maydonidan yuqori daromad olish imkonini bergani bois mahallalarda tobora ommalashib bormoqda. Bunday xoʻjaliklar oila aʼzolarining oʻzi uchun ham doimiy mashgʻulot yaratadi.
Qolaversa, ovulda ishsiz aholini kasb-hunarga oʻqitish ishlariga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Kasb-hunar va tadbirkorlik yoʻnalishida tahsil olish istagini bildirgan 7 nafar fuqaro kasb oʻrganishga yoʻllanma olgani holda, jami 10 nafar talabgorlar oʻqishga yoʻnaltirildi.
Bundan tashqari, boʻsh yer maydonlarini hududiy soliq organlari bilan hamkorlikda elektron savdoga chiqarish orqali ham ovulda tadbirkorlik muhitini yaxshilash choralari koʻrilmoqda. Birgina joriy yilning oʻzida 2 ta auktsion yakuniga koʻra gʻolib deb topilgan tadbirkorlarga ajratilgan yer maydonlarida koʻchma savdo va xizmat koʻrsatish obʼektlarini tashkil etish ishlariga hokim yordamchisi tomonidan har tomonlama koʻmak berildi. Bunday yondashuv ham byudjet tushumlarini oshiradi, ham mahallada yangi ish oʻrinlari paydo boʻlishiga zamin yaratadi.
Qishloq sharoitida chorvachilik bilan shugʻullanish nafaqat oilani goʻsht va sut mahsulotlari bila taʼminlashda, balki barqaror daromad manbaini yaratishda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Salamaddin Quchqarov 2026-yilda 22,5 million soʻm imtiyozli kredit hisobidan oʻz xonadonida naslli qoʻychilikni yoʻlga qoʻydi. Chorva mollarining nasl sifatiga eʼtibor qaratish mahsuldorlikni oshirishning ishonchli yoʻllaridan biri ekanini inobatga olgan holda, tadbirkor aynan shu yoʻnalishni tanladi. Xonadondagi naslli qoʻylar yil sayin barqaror koʻpaymoqda.
Bu misollar mahallaga ajratilgan imtiyozli kredit va subsidiyalar aniq manzilga — ish boshlashga tayyor xonadonlarga yoʻnaltirilganini koʻrsatadi. Bu borada “Mahalla yettiligi”, xususan hokim yordamchilari institutining ahamiyati va oʻrni juda katta. Zero, har bir mablagʻ ortida bir oilaning barqaror daromad manbai va mahalladagi bir necha ish oʻrni turganini toʻgʻri anglab, uni maqsadli va manzilli yoʻnaltirish mamlakatimizning yanada taraqqiy etishi va xalqimiz farovonligiga zamin yaratadi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶