MADANIYaT VA AHOLI DAM OLISh MASKANI IQTIDORLILARNI TARBIYaLAShGA XIZMAT QILADI
Istiqlol yillarida barcha sohalarda olib borilgan islohotlarning ijobiy natijalari bugungi kunda turmushimizda oʻz aksini topmoqda. Olib borilayotgan saʼy-harakatlarning pirovard natijasi insonlar baxt-saodati, obod va farovon turmushi uchun xizmat qilayotgani mamlakatimizning har bir fuqarosiga faxr-iftixor tuygʻularini baxsh etadi va ana shunday buyuk va moʻʼtabar Vatanga munosib farzand boʻlishga chorlaydi.
Yaqinda tumanimizning "Uyshin” mahallasi aholisi hayotida yuz bergan quvonarli yangilik davlatimizning fuqarolarning keng qatlamlariga madaniy-ommaviy xizmatlar koʻrsatishni yaxshilash, isteʼdodli yoshlarni izlab topib, qobiliyatini rivojlantirishga koʻmaklashish, oʻz iqtidorlarini namoyon etishlariga sharoitlar yaratish borasidagi yana bir gʻamxoʻrligi ifodasi boʻldi. 2014-yilda Madaniyat va aholi dam olish markazi, deb qayta tashkil etilgan avvalgi qishloq madaniyat uyi maʼmuriy binosi bugungi kun talabiga javob bermay qolganligi bois, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 25-iyundagi "2013-2018 yillarda zamonaviy madaniyat va aholi dam olish markazlarini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 178-sonli qaroriga muvofiq, 605 mln. soʻmlik mablagʻ evaziga kapital rekonstruktsiya qilindi hamda jihozlandi. Kapital taʼmirlash ishlarini "Amudaryo qurilish” MChJ quruvchilari sifatli olib borganligi tufayli bino butunlay yangicha va fayzli qiyofa kasb etdi.
Shu yilning 17-noyabrida mazkur Madaniyat va aholi dam olish maskanining ochilishiga bagʻishlangan tantanali marosim boʻlib oʻtdi.
Tantanada Qoraqalpogʻiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vaziri M.Aytniyozov ishtirok etdi va bino oldiga tortilgan ramziy tasmani kesdi. U hudud aholisini shu munosabat bilan qutlar ekan:
- Yangi ishga tushirilayotgan Madaniyat va aholi dam olish markazi hudud aholisining, ayniqsa, yoshlarning madaniy-maʼrifiy ehtiyojlarini qondirish, boʻsh vaqtlarini samarali va mazmunli oʻtkazishlariga koʻmaklashish, oʻsib kelayotgan yosh avlod qalbida ajdodlarimizdan meros boʻlib kelayotgan milliy urf-odatlar, anʼanalarga hurmat tuygʻularini tarbiyalash, xalqimizning boy ogʻzaki ijodi nodir namunalarini keng targʻib etish, qisqa qilib aytganda, yuksak maʼnaviyatli yoshlarni kamolga yetkazish ishlariga beminnat hissasini qoʻshadi, – deya yuksak ishonch bildirdi.
Markazda ayni kunda raqs va qoʻshnay toʻgaraklari samarali faoliyat olib bormoqda. Yana yangi toʻgaraklar ochish rejalashtirilgan. 150-oʻrinli ulkan va hashamatli tomosha zalida Konstitutsiyamizning 23-yilligiga bagʻishlangan ulkan teatrlashtirilgan bayram tomoshasi oʻtkazishga qizgʻin tayyorgarlik koʻrilayapti.
Tumanimizning eng chekka hududi hisoblangan "Uyshin”dagi ushbu maskan badiiy havaskorlik toʻgaragi aʼzosi, ikki yil muqaddam mamlakatimiz poytaxti Toshkent shahrida nishonlangan "Navroʻz” umumxalq bayrami sahnasida qoʻshiq aytish baxtiga musharraf boʻlgan 47-sonli maktabning 9-sinf oʻquvchisi Adhambek Rajabov ushbu tantanali marosimda "Vatan” qoʻshigʻini ijro etishga hozirlik koʻrayapti.
- Hududimizda isteʼdodli yoshlar judayam koʻp. Bizga yaratilgan buningdek sharoitlar ularni tarbiyalab, qiziqishlarini ragʻbatlantirib, xalqimizga madaniy xizmat koʻrsatish sifatini tubdan yaxshilashga imkon beradi, - deydi maskan direktori Quvonchboy Raimov.
Oygul RAJABOVA.
Suratlarda Madaniyat va aholi dam olish maskanining ochilish marosimidan lavhalar tasvirlangan.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶