AYoL BOʻLIB TUGʻILISh BAXT SANALUVChI YuRTIM
"... Oila sogʻlom ekan – jamiyat mustahkam, jamiyat mustahkam ekan – mamlakat barqarordir”, deya yozgan edi Birinchi Prezidentimiz I.A.Karimov "Yuksak maʼnaviyat – yengilmas kuch” asarida.
Oilalar sogʻlomligi, undagi sof maʼnaviy muhitning barqarorligi, tinch-totuvligi esa nomi ojiza sanalsa-da, tabiatan mehri ummonday, mislsiz sabru qanoatga ega, farishtaga qiyos qilinguvchi ayolga bogʻliq.
Shu boisdan ham mustaqillik yillarida oila, onalik va bolalikni muhofaza qilish, xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning oiladagi va jamiyat hayotidagi rolini oshirish, ijtimoiy va siyosiy faolligini hamda mavqeini yuksaltirish davlatimizning ustuvor vazifalaridan biriga aylandi. Shu maqsadga xizmat qiluvchi qator farmonlar, qarorlar, dasturlar qabul qilinib, hayotga tatbiq etilmoqda. Natijada har bir ayol, qizning oʻz qiziqishlari, tanlagan sohasida emin-erkin faoliyat olib borishiga, iqtidorini namoyon eta olishiga imkoniyatlar yaratildi. Pirovardida ilm, fan, sanʼat, adabiyot, sportda, ishlab chiqarishning turli sohalarida qoʻlga kiritilayotgan ulkan yutuqlarda, yuksalishlarda, hatto mamlakat boshqaruvida xotin-qizlarning hissasi nechogʻlik ulkan ekanligi bugun barchamizga ayon.
Bular haqida oʻylash – har bir ayol-qiz koʻnglida hayotdan mamnunlik uygʻotishi shubhasiz. Va beixtiyor tilimizga shukrona keladi. Axir biz umrguzaronlik qilayotgan yer kurrasining turli hududlarida hayot turlicha, ayollarga munosabat turlicha...
Yaqinda xalqaro ekspertlar ayol boʻlib tugʻilish dahshat sanalgan davlatlar roʻyxatini eʼlon qildi. Undagi maʼlumotlarni oʻqib koʻrib... toʻgʻrisi, qanchalik tolei baland ayol ekanligimni teranroq anglaganday boʻldim. Toleim shuki, Oʻzbekistonday jannatmakon yurtda tugʻilganim (axir qay makonda tugʻilishimizni oʻzimiz belgilamaymiz-ku)!
Ayol boʻlib tugʻilish dahshat sanalgan mamlakatlarning biri – Somali. U yerda parlamentda ayollar 7,5 foiz oʻrin egallaydi, 9 foiz ayollargina tibbiyot muassasalarida tugʻadi. Qolgan ayollarning bunday maskanlarga tugʻruq uchun pul toʻlashga qurbi yetmaydi.
Dunyoning eng kambagʻal mamlakatlaridan biri boʻlmish Malida qizlar yoshligidanoq tahqirlanishlarga uchraydi. Ular bolaligidan turmushga chiqishga majbur. Har oʻninchi homilador tugʻruq vaqtida yoki homiladorligida vafot etadi.
Gvatemalaning bechora ayollari oʻz oilalarida zoʻrliklarga uchrashadi. Shuningdek, bu yerda OITSning eng yuqori darajasi qayd etilgan.
Sudan gʻarbida ham ayollarning ahvoli juda yomon. Oʻgʻirlash, zoʻrlash mamlakatda 2003-yildan buyon milliondan ortiq ayolning oʻlimiga sababchi boʻlgan.
Iroq – ziyolilik darajasi arab mamlakatlari ichida bir vaqtlar eng yuqori oʻrinlarda turgan boʻlsa-da, ayni damda bu yerda ayollarning ahvoli juda ogʻir.
Pokistonning ayrim hududlarida erkak kishining aybi uchun ham ayollarni tahqirlashadi. Bu yerda 90 foiz ayollar zoʻravonlik, qoʻpol munosabatlar qurboni boʻlayotgan boʻlsa-da, hali bunga qarshi qonunlar ham qabul qilinmaganligiga nima deyish mumkin?
Hindistonda ayollar umumiy OIV yuqtirganlarning 39 foizini tashkil qilarkan, 70 foizi oiladagi zoʻravonlik qurboni. Har uch daqiqada ayollarga nisbatan jinoyatlar sodir etiladi.
Chadda ayollarning mutlaqo huquqi yoʻq. Turmush tashvishlarining aksariyati ayollar zimmasida.
Kongoda ayollar frontning old qismida jang olib borishadi. Ular koʻpincha toʻgʻridan-toʻgʻri hujumlarga duch kelishadi, har kuni 1100 nomusga tegish holati qayd etiladi, 57 foiz homilador ayollar kamqonlikdan aziyat chekishadi.
Oʻzbekistonga qoʻshni davlat hisoblanmish Afgʻonistonda ayollar oʻrtacha 45-yil umr koʻradi, aksariyati savodsiz. Har yarim soatda tugʻayotgan ayol vafot etadi. Kelinlarning yarmidan koʻpi 16 yoshgacha boʻlgan qizlar. Bu davlat dunyoning onalar oʻlimi eng koʻp qayd etiladigan mamlakatlaridan biri.
Bu maʼlumotlarni oʻqishning oʻzi dahshat! Biroq, bugungi globallashuv jarayoni kechayotgan shiddatkor zamonda har birimiz oʻz hayotiy pozitsiyamizni toʻgʻri belgilab olishimiz uchun, oʻzimiz umrguzaronlik qilayotgan shu muqaddas yurtimizning qadrini chuqurroq anglashimiz uchun albatta, dunyodagi ahvoldan xabardor boʻlishimiz lozim. Ushbu satrlarni yozar ekanman, beixtiyor ulugʻ shoirimiz Abdulla Oripovning "Bir xoʻplam suv uchun shukrona darkor”, degan soʻzlari yodimga tushadi.
Ha, azizlar! Biz saxovatli oʻzbek zaminida dunyoga kelganimizga, oilamiz bagʻrida emin-erkin, tinch-osuda yashayotganimizga, farzandlarimiz bagʻrimizda hech narsaga zoriqmay ulgʻayib, voyaga yetayotganiga, yurt koriga yarab, Vatanimiz ravnaqiga hissa qoʻshayotganiga... va har oqshom ularning ertasidan koʻnglimiz xotirjam, osuda orom olayotganimizga shukronalar aytaylik.
Endi maqola muqaddimasidagi mamlakatimizda ayol-qizlarga qaratilayotgan eʼtibor haqidagi fikrlarimga qaytsam: Faylasuflar ayolga eʼtiborni millatga, jamiyatga eʼtibor sifatida baholashadi.
Bas, shunday ekan, men faxr bilan ayta olamanki, istiqlol yillarida yurtimizda erishilgan yuksak taraqqiyotga asos boʻlgan omillardan biri – faoliyatining har lahzasida insoniy qadri, shaʼni yuksak tutilgan ayol-qizlar mehnatidir.
Ilohim, ayol boʻlib tugʻilish dahshat emas, balki, baxt sanaluvchi yurtimizda ana shunday farahli turmushimiz, tinch mehnatimizdan obod hayotni Yaratganning oʻzi bardavom qilgay!
Oygul
RAJABOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶