XALQ BILAN MULOQOT OLIY QADRIYaTGA AYLANGANDA yoki xalq bu Vatandir
Publitsistika
(Davomi)
Kaʼbani obod etgan kabi yaxshilik
– Davlatimizdan, ayniqsa, umrlari uzoq boʻlsin, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevdan cheksiz minnatdorman, – deydi Mangʻit shahrining «Yangiobod» mahallasi, Kimyogarlar koʻchasida yashovchi Barno Anorova. – Davlat oʻz fuqarosiga, Prezident xalqiga qayishgani shunchalik boʻlar. 1997-yilda tugʻilgan oʻgʻlim ogʻir dardga chalindi. Butun oilamiz bilan uning dardiga malham boʻlishga intilib, yelib-yugurdik. Mamlakatimizning eng nufuzli shifokorlariga olib borib koʻrsatdik. Maʼlum boʻldiki, oʻgʻlimni faqat Rossiya davlatidagina davolatib, hayotga qaytarish mumkin ekan. Koʻz oʻngimda Alpomishday farzandim kun sayin soʻlib borardi. Men umid bilan Prezidentimizning virtual qabulxonasiga murojaat qildim. 2017-yilning 5-iyun kuni tumanimizga sayyor qabulxona tashrif buyurib, xalq bilan ochiq muloqot oʻtkazdi. Shu kuniyoq oʻgʻlimning kasalligi bilan bogʻliq muammoni hal etishga kirishishdi.
Murojaatdan soʻng Javlonbekni Qoraqalpogʻiston Respublikasi Onkologik kasalliklar dispanseri bosh shifokori Qurbonov Murod Ismoilovichning qabuliga chaqirishdi va oʻgʻlini Oʻzbekiston Respublikasi onkologiya markazi tayanch-harakat tizimi oʻsmalari jarrohlik boʻlimiga yotqizib, tibbiy tekshiruvdan oʻtkazishlari uchun barcha sharoitlar yaratildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi va taklifi bilan mamlakatimizga tashrif buyurgan Rossiya Fanlar Akademiyasi Onkologiya ilmiy Markazi direktori M.I.Davidov va Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻlikni saqlash vazirligi huzuridagi Onokologiya ilmiy markazi tayanch-harakat tizimi oʻsmalari harrohlik boʻlimi professori Gʻafur Axunovlar tomonidan oʻtkazilgan tibbiy tekshiruv xulosasiga muvofiq Javlonbek Safarboyevga Rossiya davlatida davolanish uchun yoʻllanma berildi. Bemorni jarrohlik muolajalariga tayyorlash va hayotini saqlab qolish uchun ketadigan barcha xarajatlar davlat hisobidan amalga oshirildi. Bugun Javlonbek va uning ota-onasi Mahmud bilan Barnoning quvonchlari cheksiz:
– Oʻgʻlimizning hayoti saqlab qolindi, – deydi Barno quvonch yoshlarini yashirolmay. – Ilohim, Prezidentimiz xalqimiz, menday onalar, farzandlarimiz baxtiga omon boʻlsinlar. Koʻnglim toshib ketaveradi, bu gʻamxoʻrlik haqida oʻylasam. Axir koʻngil uyim vayron edi, uni davlat gʻamxoʻrligi, Prezidentimizning biz – oddiy xalqqa mehri obod etdi!
Biz ijodiy guruhimiz bilan Mahmudjon va Barnoxonlarning quvonchiga sherik boʻlib, Javlonbek bilan uchrashdik. Javlonbekning sogʻligi, kayfiyati yaxshi.
– Muhimi, men hayotga qaytdim, – deydi Javlonbek. – Maqsadim, dildagi orzularimni amalga oshirish uchun kurashib yashash. Men kelajakda albatta onkolog-shifokor boʻlaman. Vatanim men uchun qanchalik fidoyilik koʻrsatayotgan boʻlsa, bu mehr va gʻamxoʻrlikni ortigʻi bilan qaytarishga, ona xalqim salomatligi yoʻlida fidoyilik qilib yashashga intilaman.
Prokuror tadbirkorning tarafdori
Yetkazganiga shukur, ming-ming shukur! Adolat, haqiqat manzili bugun ona xalqimizni oʻziga ohanrabodek tortayotir. Mamlakatimizda nainki sudlar, balki prokuratura va IIB tuzilmalari ham bugungi kunda xalq, inson manfaatining chinakkam himoyachisiga aylanib ulgurdi. Endilikda xalq oʻz tadbirkorlik sohasini yoʻlga qoʻyishi uchun oylab ovoragarchiliklar zahrini totmaydi. Qonun posbonlari tadbirkorning eng yaqin himoyachisi!
– Davlat mulki obʼektlarining xususiy sektor vakillariga "nol” qiymatida (bepul) berilishi haqidagi Prezident Qaroridan, ochigʻi, quvonib ketdim, – deydi "Tole” xususiy firmasi rahbari Poʻlat Xoʻjaboyev. – Sababi, koʻpdan beri asosan qurilish, xalq isteʼmol mollarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan firmamiz faoliyatini kengaytirish orzusida yurardim. Lekin qanday qilib? Qaysi joy va qancha mablagʻ evaziga? Axir banklardan kredit olish ham, ishlab chiqarish korxonasi uchun zarur bino topish ham mushkul edi-da. Shunday boʻlsa-da firmamiz mutaxassislari bilan maslahatlashib, orzuimdagi ishni amalga oshirish uchun harakatni boshlab yubordik.
Tadbirkor Poʻlat Xoʻjaboyev ishga kirishdi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi xususiylashtirilgan korxonalarni qoʻllab-quvvatlash va raqobatni rivojlantirish boʻyicha davlat qoʻmitasi bilan "Tole” xususiy firmasi oʻrtasidagi 2015-yil 29-sentyabr kungi RK-79-sonli shartnomaga asosan firma tomonidan bajarilishi koʻrsatilgan investitsiya majburiyatlari – sobiq ATP-44 bino va inshootlarining 11 600 kvadrat-metr maydonidagi qismini qayta taʼmirlash va rekonstruktsiya qilish uchun 300 mln. soʻmlik investitsiya kiritish, alyuminiy profillari, PVX, temir-metall va yogʻoch materiallaridan eshik va deraza bloklari, darvozalar ishlab chiqarish, shpatlyovka, suv-boʻyoqlar, shlakobloklar ishlab chiqaruvchi uskunalar sotib olish uchun 2017-yilning 2-choragida 340 mln. soʻmlik, yuqoridagi shartnomaga koʻra, jami 640 mln. soʻmlik investitsiya mablagʻlari jalb etilishi koʻzda tutilgan edi. Amalda "Tole” firmasi tomonidan shartnomada belgilangan investitsiya majburiyatlari toʻliq bajarildi. Natijada 10 ta yangi ish oʻrni yaratildi.
Yaqinda tadbirkor Poʻlat Xoʻjaboyev yana bir ezgu ishga qoʻl urdi. U firma faoliyatini yanada kengaytirish maqsadida paypoq toʻquvchi uskunalar sotib olish va shu faoliyat turini rivojlantirish uchun biznes-loyiha tayyorladi va AT "Ipotekabank”ning Qoraqalpogʻiston boʻlimiga 300 mln. soʻmlik kredit soʻrab ariza berdi. Ishlab chiqarishni rivojlantirish boʻyicha Davlat dasturiga kiritilgan P.Xoʻjaboyevning ushbu loyihasi amalga oshirilsa, yana 10 ta yangi ishchi oʻrni yaratiladi. Muhimi, mahalliy homashyo hisobidan ishlab chiqariladigan mahsulot tannarxi ham bugungi Mangʻit bozoridagi narx-navodan ancha arzon boʻladi.
– Yillik 12 foizlik bank krediti uchun barcha zarur hujjatlar topshirilishiga qaramay, kreditni olish muddati kechiktirilayotgani bois, tuman prokuraturasiga murojaat qildik, – deydi Poʻlat Xoʻjaboyev. – Tuman prokuraturasi aralashgach, ishimiz bitadigan boʻldi. Qonun himoyachilari barcha muammolarimizga qalqon boʻlishayotir.
Idoralararo sargardon boʻlgan ona va bola
– "Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” men va nevaram Botirjon uchun cheksiz quvonch bagʻishladi, – mamnuniyat bilan soʻzlaydi Mangʻit shahrining "Gulzor” mahallasi, Avaz Oʻtar nomli koʻchasida istiqomat qiluvchi Gulchehra opa Salayeva. – Prezidentimizning inson omiliga yuksak eʼtibori bois, mening uzoq yillik armonim ushaldi. Oʻgʻlim Botirjon Rajapboyevga Oʻzbekiston fuqaroligi pasporti topshirildi.
Ehe, Gulchehraxon opa Salayeva oʻgʻil nevarasi Botirjon Rajapboyevning fuqarolik pasportini olishi uchun qancha eshiklarga bosh urdi, qanchalab maʼmurlar qabulida boʻldi. Jondan aziz qizi Tozagulni qoʻshni davlat – Turkmanistonda yashovchi qarindoshlaridan biriga turmushga berishdi. Taqdir ekan, Tozagul oʻgʻli Botirjonni dunyoga keltirdi-yu oʻzi...
Murgʻak goʻdakni onaxon oʻz tarbiyasiga oldi. Yaxshi tarbiya koʻrgan Botirjon maktabda oʻz xulqi, aʼlo oʻqishi, bilan ustozlari eʼtiborini tortdi. 12 yoshida Nukus shahridagi futbol sportiga ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim maktabiga oʻqishga qabul qilindi. To ushbu oʻquv maskanini tugatguncha u taniqli sportchiga aylandi. Turli sport musobaqalarida ishtirok etib, oʻnlab medallar, sertifikatlar sohibi boʻldi. Lekin uning Turkmaniston Respublikasida tugʻilgani bois, Oʻzbekiston fuqaroligi pasportiga ega boʻlishi juda qiyin kechdi. Bu jarayon uzoq choʻzildi. Shu bois, u iqtidorli sportchilar foydalanishi mumkin boʻlgan koʻplab imtiyozlardan foydalana olmadi.
– Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Nukus shahridagi Xalq qabulxonasiga murojaat qilgandim, tezda eʼtiborga olishdi, – quvonchini yashira olmaydi Gulchehra opa. – Xudoga shukur, Botirjon oʻgʻlimga yaqinda Prezident Farmoniga asosan fuqarolik pasporti tantanali ravishda topshirildi. Xalq dardini tinglab, muammolariga yelka tutib, davlat idoralari bilan oddiy xalq oʻrtasida mehr-muruvvat, samimiyat va insoniylik munosabatlarini oʻrnatib, qalblarda yuksak ishonch uygʻotgan Prezidentimizga ming rahmat!
Tengqurlari fuqarolik pasporti olganlarida koʻngli singan bola, necha oylab idorama-idora sargardon boʻlib, dili ranjigan ona shodligiga taʼrif yoʻq.
Xalq dardi bilan yashayotgan hukumat va hukumat idoralari, xalq oldida hisob berayotgan maʼmurlar, rahbarlar, deputatlar, eshiklarini lang ochib, xalq tashvishlarini yengillatish maqsadida turfa murojaatlar, shikoyat va arizalarni oʻrganib, muammolarga yechim izlayotgan mutaxassislar, ong-u shuurida adolat, tillarida haqiqat, qalblarida pokdomonlikni zohir qilib, xalqqa qayishib turgan qonun himoyachilari bugun mamlakat boʻylab adolat, haqiqat mezonlaridan turib soʻz aytishayotir. Soʻzki, hazrat Navoiy taʼbir qilganlariday, xalq koʻnglini koʻtargulik, Kaʼba vayronasini obod qilmoq darajasida! Demak, Vatanda Adolat, Haqiqat va Samimiyat daraxtlari boʻy tiklayotir.
Beixtiyor Prezidentimizning baland minbar aro sarbaland yangragan ushbu soʻzlari dillarda takror jaranglaydi:
– Hammamizni tarbiyalagan, voyaga yetkazgan – shu xalq. Barchamizga tuz-nasiba bergan ham – shu xalq. Bizga ishonch bildirgan, rahbar qilib saylagan ham aynan – shu xalq!
Shunday ekan,biz birinchi navbatda kim bilan muloqot qilishimiz kerak, odamlarimiz bilan. Kim bilan bamaslahat ish tutishimiz kerak, avvalo xalqimiz bilan.
Shunda xalqimiz bizdan rozi boʻladi. Xalq rozi boʻlsa, ishimizda unum va baraka boʻladi. Yaratgan ham bizdan rozi boʻladi!
Perzidentimiz bu haqiqatni xalq hayotiga olib kirgan kun, nazarimda, "yarq” etib koʻzimiz ochildi. Nima uchun, qaysi ezguliklar uchun yashayotganimiz va yashashimiz kerakligini anglab yetdik. Prezidentimiz aytmoqchi, axir xalq – bu Vatandir, Vatan esa Xalq boshidagi toj, tomiridagi qon, jismidagi jon, misli et bilan tirnoq! Ana shu uzilmas rishtaning mutanosibligi – elni, yurtni XALQ VA MAMLAKATni oʻstiradi, jahonda tengsiz qiladi. Demak, har birimizning jismimiz aro jo boʻlgan jon aro azizlik Vatanga xos, Xalqqa xos!
El-u Xalq, Vatan omon, istiqlol mangu boʻlsin!
Robiya YOʻLDOShEVA, jurnalist.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶