NAVQIRON AVLOD – KATTA KUCh
Yoshlik! Umrning joʻshqin fasli. Yoshlik gʻayrat-shijoati va intilishi tufayli yurtimiz ravnaqiga munosib hissa qoʻshayotgan yoshlar tumanimizning barcha hududida ham uchraydi. Ammo shunday toifa yoshlar ham borki, vaqtinchalik ishsiz boʻlsalar-da, eldoshlarimizning tashvishiga yelka tutadilar, qiyin-qistovli kunlarda yeng shimarib, ishga kirishadilar, umum manfaatiga xizmat qilishga doimo tayyor turadilar.
Tumanimizda ana shunday olovqalb yoshlardan paxta yigʻim-terimida paxtakorlarga koʻmakdosh boʻlish niyatida Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi tuman Kengashi tomonidan 17 ta "Fidoyi yoshlar otryadlari” tuzildi. Otryadlarga 840 nafar uyushmagan yoshlar qamrab olindi.
Yigʻim-terim surʼati kun sayin avj oldirilayotgan shu gʻanimat kunlarda uyushmagan yoshlar ham dehqonlar bilan bir safda mehnat qilib, tumanimizning yuksak paxta xirmoni bunyod etilishiga munosib hissa qoʻshmoqdalar.
Boʻyniga etak bogʻlab, dalalarda yaratilgan xalqimizning milliy boyligi – paxta terimida faol ishtirok etib, bugun kechagidan ham unumli ishlashga intilayotgan uyushmagan yoshlar uchun dala boshida barcha sharoitlar yaratilgan. Xususan, issiq ovqat, qaynagan suv bilan taʼminlanib, terim pullari oʻz vaqtida hisob-kitob qilib borilayotir.
Qayerdaki, munosib mehnat sharoiti yaratilsa, unumli ishlashga ragʻbat uygʻotilsa, shu yerda muvaffaqiyatlarga erishiladi.
"Fidoyi yoshlar otryadlari” aʼzolarining mehnatini baholab, ragʻbatlantirib borish niyatida Kengashimiz tomonidan "Eng ilgʻor terimchi”, "Eng yaxshi otryad rahbari”, "Eng faol hamkor”, "Eng faol tashkilotchi” nominatsiyalari boʻyicha gʻoliblar har 10 kunda aniqlanib, taqdirlanmoqda. Soʻnggi 10 kunlik yakunlariga koʻra, 7-otryad aʼzosi Marhabo Oʻrinboyeva "Eng ilgʻor terimchi”, deb topildi va unga qimmatbaho sovgʻa topshirildi.
Shuningdek, Shahlo Shomurodova, Marhabo Eshmanova, Dilnoza Qodirova, Shohida Jumamurodova, Gulzira Habiyeva kabi yoshlar boshqalarga oʻrnak boʻlib, 120-130 kilogrammdan paxta terishayapti.
Uyushmagan yoshlarni "Fidoyi yoshlar otryadlari” safida paxta yigʻim-terimiga jalb qilish tufayli ularning ham qalbida oʻz mehnati bilan yurt ravnaqiga hissa qoʻshish ishtiyoqi juda kuchli ekanligini angladik.
Kelgusida ular bilan hamkorlikni yanada mustahkamlab, imkon qadar biror faoliyat turi bilan shugʻullanishlariga harakat qilamiz. Chunki navqiron avlod – katta kuch.
Mahmud ShERMETOV,
Yoshlar ittifoqi tuman Kengashi raisi.
(Foto - http://xayriddin.uz)

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶