JAHON QIZLARINI BIRLAShTIRGAN ANJUMAN
Farzand tarbiyasiga oilada ona koʻproq vaqt ajratadi. Voyaga yetayotgan farzand olamga dastavval onasining nigohlari bilan qaraydi. Ona maʼnan yetuk boʻlsa, shubhasiz, oilada komil farzandlar ulgʻayadi. Shu bois, qiz bolaga boʻlgʻusi oila bekasi, kelajak avlodni kamolga yetkazuvchi shaxs deb qarash hamda qizlarda bu toʻgʻridagi tushunchalarni shakllantirib, maʼnaviyati boyitilib borilishi darkor.
Mamlakatimizda bu azaldan milliyligimizga xos jihatlar sanaladi. Shu bois, qiz bola tarbiyasiga jiddiy eʼtibor qaratilib, qizlarning salomatligini asrash, erta turmushning oldini olish, puxta bilim berish, kasb-hunar oʻrganishi hamda oliy taʼlimni davom ettirishi yoki ish bilan bandligini taʼminlash yuzasidan tizimli ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.
Ammo, bu borada jahon miqyosida qator muammolar borligi insoniyat uchun tashvishlidir. YuNISEFning maʼlum qilishicha, jahon boʻyicha 31 mln. nafar maktab yoshidagi qiz taʼlim olmaydi. 17 mln. nafar qiz esa umuman maktabga bormaydi. Erta va majburiy nikoh, asosan, Afrika mamlakatlarida, Janubiy Osiyo mamlakatlarida uchraydi.
Butun jahon boʻyicha qizlarning kamsitilishi, jumladan ularning ijtimoiy muammolariga eʼtibor qaratish maqsadida 2011-yil, 11-oktyabrda BMT Bosh assambleyasida Xalqaro qizlar kuniga asos solindi va har yili bu sana jahonda keng nishonlanib kelinmoqda.
Mamlakatimizda ham Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi tomonidan 11-oktyabr – Xalqaro qizlar kuni munosabati bilan I Respublika qizlar festivali tashkil etildi. Festival tumanimizda ham koʻtarinki ruhda oʻtkazildi. Tumandagi 9-sonli bolalar musiqa va sanʼat maktabida "Qiz bola – boʻlgʻusi oila bekasi, kelajagimiz egasidir” shiori ostida oʻtkazilgan I Respublika qizlar festivalida tuman xotin-qizlar qoʻmitasi, Yoshlar ittifoqi tuman Kengashi faol yoshlari, uyushmagan qizlar, tuman XTMFMTTEB, oʻrta maxsus kasb-hunar taʼlimi muassasalari va boshqa jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdilar.
Festival munosabati bilan iqtidorli qizlarning ijod namunalaridan koʻrgazma tashkil etildi. Koʻrgazmada ishtirokchilar havaskor qizlar tomonidan yaratilgan rassomchilik, tikuvchilik va toʻquvchilik namunalari, maketlar va bukletlarni tomosha qildilar. Shundan soʻng, festivalga bagʻishlangan tadbir boshlanib, uni tuman hokimi oʻrinbosari, xotin-qizlar qoʻmitasi raisi M.Ahmedova ochib berdi. Tadbirda "Oʻzbek ayollarining tarixiy siymolariga munosib izdosh boʻlaylik”, "Reproduktiv salomatlik va erta turmushning salbiy oqibatlari”, "Qizlar koʻproq kitob oʻqisin” mavzularida Qoraqalpogʻiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist R.Yoʻldosheva, tuman Markaziy shifoxonasi bosh akusher-ginekologi M.Yusupovalarning maʼruzalari tinglandi. Maʼruzalardagi tarixiy siymolar, yaʼni Toʻmaris, Nodirabegim, Zulfiyaxonim kabilarning ezgu ishlari, ularga munosib boʻlish, salomatlikni asrash, erta turmush va erta tugʻruqning salbiy oqibatlari, boʻlgʻusi oila bekasi, boʻlgʻusi onaning maʼnaviyatli boʻlishida kitobxonlik, kitob mutolaasining ahamiyati haqidagi mulohazalar ishtirokchilarning bu boradagi tushunchalarini yanada boyitdi.
Tadbir davomida "Taraqqiyot koʻzgusi” gazetasi tahririyati xodimlari va bir guruh ijodkorlar tashabbusi bilan tashkil etilgan "Jayxun ilhomlari” nodavlat notijorat tashkiloti aʼzolari, havaskor ijodkor qizlar ishtirokida mushoira oʻtkazildi. Mushoirada ijodkor qizlar oʻzlarining turli mavzulardagi ijod mahsullarini ishtirokchilarga ifodali aytib berdilar. Shuningdek, tuman madaniyat ishlari boʻlimi tomonidan tarixiy siymolar – Toʻmaris va Nodirabegim obrazlari monologlari sahna koʻrinishida ijro etildi hamda havaskor sanʼatkorlarning qoʻshiq va raqslari tomoshabinlar eʼtiboriga havola qilindi.
Festival yakunida tuman hokimi oʻrinbosari M.Ahmedova soʻzga chiqib, yoshlar davlatimiz tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, kelajakning munosib egalari va barkamol avlod boʻlish uchun doim intilishlari kerakligini taʼkidladi.
Festival juda zavqli va taassurotlarga boy boʻldi.
Ozoda XUDOYBERGANOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶