Oʻquvchilar kutubxonaga tashrif buyurishdi
Men oʻzimdagi barcha yaxshi xislatlar uchun kitobdan minnatdorman, - deya yozgan edi buyuk faylasuflardan biri.
Darhaqiqat kitoblar maʼnaviyatimizni yuksaltiruvchi, idrokimizga shuur beruvchi va bu hayotda baxtli-saodatli turmush tarzimizni bunyod etishga yoʻl koʻrsatuvchi mayoqdir.
Buyuk soʻz ustasi Alisher Navoiy bobomizning "Kitobdin yaxshi yor boʻlmas”, degan purmaʼno soʻzlari bugungi kunda ham oʻz qadrini yoʻqotgani yoʻq. Aksincha kitob oʻqish, uqish ahamiyatini eslatib turadi.
Yosh avlodning sogʻlom va maʼnaviy barkamol boʻlib ulgʻayishida kitoblarning rolini oshirishga ayni kunda ham ulkan eʼtibor qaratilayotgani bejiz emas.
Joriy yilning 13-sentyabrida mamlakatimiz Prezidenti Sh.Mirziyoyevning "Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targʻib qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi toʻgʻrisida” qabul qilgan qarori bu boradagi ahvolni tubdan yaxshilash imkonini yaratmoqda.
Tumanimizdagi yosh ijodkorlarni qoʻllab-quvvatlash, birlashtirish va iqtidorlarini rivojlantirishga koʻmaklashish maqsadida tashkil etilgan "Jayxun ilhomlari” nodavlat notijorat tashkiloti aʼzolari ham qaror ijrosini taʼminlash maqsadida koʻpgina chora-tadbirlarni amalga oshirmoqdalar.
Amudaryo televideniyesi tahririyati Oliy Majlis huzuridagi NNTlarni va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi taʼsis etgan tanlovda "Odobli bola – el koʻrki” nomli loyihasi bilan qatnashib, gʻolib boʻlgan edi.
Loyiha rejasiga muvofiq joriy yilning 7-dekabrida 40-sonli maktab oʻquvchilaridan bir guruhining NNT qoshidagi kutubxonaga uyushtirilgan ekskursiyasi ham aynan shu maqsadga qaratildi.
Ekskursiyaga oʻquvchilarni maktab yoshlar yetakchisi Pavshanbek Peyimov boshlab keldi. Bu yerda ularni NNT aʼzosi Dildora Abdurahmanova mavjud kitoblar bilan tanishtirdi va kutubxonaga aʼzo boʻlish, kitoblarni oʻqish uchun olish, qaytarish tartib-qoidalarini oʻrgatdi, istak bildirgan oʻquvchilarni kutubxonaga aʼzo qildi.
Qariyb 4000 turdan ziyod kitob fondiga ega kutubxonaga qilingan ekskursiya oʻquvchilarda ulkan taassurotlar qoldirdi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶