XALQ BILAN MULOQOTNI YaXShI YOʻLGA QOʻYGAN MAHALLA RAISI TAQDIRLANDI
Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili deb nomlangan 2017-yilda mahalla tizimi xodimlari zimmasidagi vazifalar salmogʻi yanada ortdi.
Mangʻit shahridagi “Yangiobod” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Zebo Rajabova yil davomida mahalla ahli, ayniqsa, kam taʼminlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, shuningdek yosh oilalar bilan doimiy muloqot olib borgani bois , koʻplab muammolar joyida hal etildi. Yil davomida bevosita oila muammolariga bagʻishlangan jonli muloqot tarzidagi madaniy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazilishiga yigʻin raisining shaxsan oʻzi bosh-qosh boʻldi. Yoshlarni kitobxonlikka keng jalb etish maqsadida mahalla ofisida “Mahalla kutubxonasi” tashkil etildi. 10 ta oilada ajrashishlarning oldini olishga erishildi. Mahalla hududidagi oʻquv muassasalari, idora va tashkilotlar, xususiy korxonalar rahbarlarining vaqti-vaqti bilan hisobotlarini tinglab borish, oila-maktab-mahalla hamkorligini taʼminlashga qaratilgan keng qamrovli ishlar amalga oshirildi.
- 2017-yil davomida umuman oilaviy ajrashishlar boʻlmadi, - deydi Zebo Rajabova. – Mahallamizda “Qaynonalar maktabi” faoliyati yoʻlga qoʻyilgan va har bir oila doimiy nazoratda.
Mahallada ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam taʼminlangan oilalar hayotini izga solish, har bir oilada sogʻlom maʼnaviy muhitni shakllantirishga alohida eʼtibor bilan qaratiladi. Oʻtgan 2017-yil davomida 75 ta oilaga moddiy va maʼnaviy yordam koʻrsatildi. 2 ta oila esa Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi koʻmagi bilan 4 foizli imtiyozli kredit, 3 ta oila maishiy texnika anjomlari sohibi boʻlishdi. 3 nafar ayol-qiz esa haq toʻlanadigan jamoat ishlariga jalb etildi.
“Yangiobod” mahallasi ahli hayotidagi ijobiy oʻzgarishlar , mahalla fuqarolar yigʻini raisi sifatidagi tashabbuskorlik faoliyati, xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida mahalla institutini yanada rivojlantirishga qoʻshgan munosib hissasi uchun “Yangiobod” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Zebo Rajabova Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish Respublika Kengashining Faxriy yorligʻi bilan taqdirlandi.
- Mahalla – har birimiz uchun oilamiz kabi muqaddas, - deydi Zebo Rajabova. – Sababi farzandlarimiz xulq-atvori oiladan keyin mahalla muhitida shakllanadi. Mahalla hayoti tinch, osuda, farovon boʻlsa, farzandlarimiz yetuk va barkamol insonlar boʻlib voyaga yetishadi.
Suratda: “Yangiobod” MFY raisi Zebo Rajabovaga Amudaryo tuman hokimi muovini, tuman xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Maryam Ahmedova faxriy yorliq topshirmoqda.
Robiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶