SANʼATGA OShUFTA BOLALAR MASKANI
Tumanimizdagi Hamza nomidagi bolalar musiqa va sanʼat maktabining filiali sifatida 1973-yilda oʻz faoliyatini boshlagan 21-sonli bolalar musiqa va sanʼat maktabi 1998-yilda mustaqil ilm dargohi qilib shakllantirildi. 2008-yildan boshlab esa 21-sonli bolalar musiqa va sanʼat maktabi huquqiy maqomiga ega boʻldi.
Sanʼatga oshufta, musiqaga ixlosi baland bolalarni nafosat olamiga olib kirish, ularga oʻzlari qiziqqan yoʻnalishlar boʻyicha ham nazariy, ham amaliy taʼlim va tahsil berish maktabimiz pedagogik jamoasi uchun bir tomondan zavqli mashgʻulot boʻlsa, ikkinchi tomondan nazariy mashgʻulotlarni oʻquvchilar ongiga singdirish ancha mashaqqatli jarayondir. Lekin Komiljon Murodov, Arzimbat Rajabov, Toʻliboy Hayitboyev, Rustam Oʻrozboyev, Alisher Yeshimbetov singari fidoyi murabbiylar qoʻlida tahsil olgan oʻquvchilarimiz turli bellashuvlar, koʻrik-tanlovlarda muvaffaqiyatli ishtirok etib kelishmoqda. Xususan, Komiljon Murodovning shogirdlari har uch yilda bir marta oʻtkaziladigan M.Qori Yoqubov nomidagi Respublika koʻrik-tanlovida ketma-ket uch marta Oʻzbekistonda 1-oʻrinni egallagani butun tumanimiz sanʼat ixlosmandlari qalbiga quvonch bagʻishladi. Arzimbat Rajabovning chang sinfi oʻquvchisi Jahongir Yerimbetov esa M.Qori Yoqubov nomidagi koʻrik-tanlovning Qoraqalpogʻiston Respublikasi bosqichi gʻolibi boʻldi. Ollayor Qodirov, Toʻliboy Hayitboyevlar rahbarligidagi gʻijjak va surnay sinfi oʻquvchilari esa ushbu tanlovning viloyat bosqichi gʻoliblari sifatida Toshkent shahrida oʻtkazilgan yakuniy bosqichda ishtirok etib, koʻrik-tanlovning 2-darajali Diplomlari bilan taqdirlandilar.
Maktabimiz moslashtirilgan binoda joylashganligi, zamonaviy uslubda dars oʻtish imkoniyati yoʻqligi bolalarga musiqiy taʼlim berish, madaniy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazishda ancha qiyinchilik tugʻdirardi. Shuni mamnuniyat bilan aytamanki, 2013-2014 oʻquv yilini yangi, zamonaviy binoda boshlash taraddudidamiz. Tumanimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish Dasturiga kiritilgan bizning 21-sonli bolalar musiqa va sanʼat maktabimizning Qipchoq qishlogʻida qad rostlagan yangi binosi nafaqat maktab pedagogika jamoasi, balki butun tumanimiz ahli uchun, ularning sanʼatsevar farzandlari uchun Mustaqilligimizning 22-yilligiga munosib tuhfadir. Sinf xonalari keng va yorugʻ, musiqa va sanʼat inventarlari bilan maxsus jihozlangan yangi maktab binosida tahsil olgan oʻquvchilarimiz kelajakda yanada katta va nufuzli koʻrik-tanlovlar gʻolibi boʻlib, tumanimiz dongʻini olamga yoyishiga ishonaman.
N.YoQUBOV,
21-sonli bolalar musiqa va sanʼat maktabi direktori.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶