MEHNAT TAʼTILINI QAChON UZAYTIRISh MUMKIN?
Davlat korxonasida ishlayman. Mehnat taʼtiliga chiqqan vaqtimda tobim qochib, ikki-uch hafta kasalxonada davolandim.
Ayting-chi, ana shu holat eʼtiborga olinib, taʼtil kunlarim choʻzib beriladimi?
M. FAYoZOVA.
Yakkabogʻ tumani
— Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 145-moddasiga asosan,
xodimlar quyidagi hollarda taʼtilni uzaytirish yoki boshqa muddatga koʻchirish
huquqiga egadirlar: vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik davrida;
homiladorlik va tugʻish taʼtili muddati boshlanganda; yillik taʼtil oʻquv
taʼtiliga toʻgʻri kelib qolganda; davlat yoki jamoat vazifalarini
bajarayotganda, basharti qonunlar va boshqa normativ hujjatlarda bunday
vazifalarni bajarish uchun xodimni ishdan ozod etish nazarda tutilgan boʻlsa.
Agar taʼtildan foydalanishga toʻsqinlik qiluvchi sabablar taʼtil
boshlangunga qadar kelib chiqqan boʻlsa, xodim bilan ish beruvchi oʻrtasidagi
kelishuvga binoan, taʼtildan foydalanishning yangi muddati belgilanadi.
Bunday sabablar taʼtil davrida kelib chiqqan hollarda esa taʼtil tegishli
kunlar soniga uzaytiriladi yoki xodim bilan ish beruvchining kelishuviga
koʻra taʼtilning foydalanilmay qolgan qismi boshqa muddatga koʻchiriladi.
Xodim taʼtildan foydalanishga toʻsqinlik qiluvchi sabablar toʻgʻrisida ish
beruvchini xabardor qilishi shart.
Agar xodim belgilangan muddatda taʼtilning boshlanish vaqti toʻgʻrisida oʻz
vaqtida xabardor qilinmagan yoki unga taʼtil boshlangunga qadar taʼtil
vaqti uchun haq toʻlanmagan boʻlsa, xodimning arizasiga muvofiq, taʼtil
boshqa vaqtga koʻchirilishi belgilangan.
U. GAZIYeV,
Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashining yuridik boʻlimi mudiri.
BITTA KARTOChKADAN IKKINChISIGA
— Birovning nomidagi plastik kartochkada mavjud boʻlgan mablagʻni boshqa kishining plastik kartochkasiga oʻtkazish mumkinmi?
B. SOBIROV.
Urgut tumani
— Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 773-moddasida mijoz
bankdagi hisobvaraqda turgan oʻz pul mablagʻlarini mustaqil tasarruf etishi
belgilab qoʻyilgan.
Plastik kartochka egasining yozma arizasiga asosan, unga xizmat
koʻrsatuvchi bank mijozning arizasida soʻralgan hisob raqamga plastik
kartochkadagi mablagʻni koʻchirib beradi.
Shuningdek, 2005-yil 10-oktyabrda Adliya vazirligida 1518-son bilan davlat
roʻyxatiga olingan "Oʻzbekiston Respublikasida banklar tomonidan pul
muomalasiga doir ishlarni tashkil etish toʻgʻrisida”gi yoʻriqnomaning
34-bandiga muvofiq, jismoniy shaxslarning tadbirkorlik faoliyatini amalga
oshirish bilan bogʻliq boʻlmagan mablagʻlari ularning bank hisobvaraqlaridagi
omonatiga kirim qilinishi mumkin.
U. MUSTAFOYeV,
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki raisining birinchi oʻrinbosari.
EGASI YOʻQ MEROS
— Farzand vasiyat qilingan yerdan foydalanishni rad etsa, vasiyat
qiluvchining boshqa merosxoʻri boʻlmasa, mulk qanday tasarruf qilinadi?
U. HASANOV.
Doʻstlik tumani
— Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 1157-moddasiga koʻra,
agar qonun boʻyicha ham, vasiyatnoma boʻyicha ham merosxoʻrlar boʻlmasa yoxud
merosxoʻrlardan hech qaysisi vorislik huquqiga ega boʻlmasa yoxud ularning
hammasi merosdan voz kechgan boʻlsa, meros mol-mulk egasiz deb
hisoblanadi.
Meros mol-mulk meros ochilgan joydagi mahalliy davlat hokimiyati organi
yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organining arizasi boʻyicha meros
ochilgan kundan eʼtiboran uch yil oʻtganidan keyin sudning qarori asosida
egasiz, deb topiladi. Meros mol-mulk, agar uni qoʻriqlash va boshqarish
bilan bogʻliq xarajatlar uning qiymatidan oshib ketsa, koʻrsatilgan muddat
oʻtishidan oldin egasiz, deb topilishi mumkin.
Egasiz mol-mulk u turgan joydagi fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish
organi mulkiga oʻtadi, bu organ mol-mulkdan voz kechgan taqdirda, davlat
mulkiga oʻtadi.
Q. TOFAYeV,
Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri oʻrinbosari.
TELEKANALLAR UChUN MAXSUS QURILMA
— Yaqinda faoliyat boshlagan "Bolajon”, " Ma`daniyat va ma`rifat” hamda
"Dunyo boylab” kanallarini negadir biz koʻrolmayapmiz. Surishtirsak,
hozircha oddiy antennalarda ushbu kanallarni qabul qilib boʻlmas ekan. Xoʻsh,
biz qachondan boshlab yangi kanallar koʻrsatuvlarini tomosha qila olishimiz
mumkin?
I. VOHIDOV.
Bogʻdod tumani
— Hozirgi kunda "Bolajon”, "Ma`daniyat va ma`rifat” hamda "Dunyo boylab” telekanallari raqamli televideniye dasturlari paketi tarkibida uzatilmoqda. Ularni tomosha qila olish uchun "Telecom Innovations” qoʻshma korxonasi tomonidan ishlab chiqarilayotgan FTA, HD yoki SD turdagi raqamli qabul qilish qurilmalari(Set-top-box)ni xarid qilish lozim. Bunday qurilmalarni "Oʻzbektelekom” AKning "Yagona oyna” savdo markazlaridan sotib olish mumkin.
M. MAHMUDOV,
Oʻzbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari.
IJARADAGI TAKSI
— Birovning nomidagi avtomobil bilan ishonchnoma asosida yoʻnalishsiz taksi xizmati koʻrsatish mumkinmi?
B. BOYDADAYeV.
Sardoba tumani
— Maʼlumki, jismoniy shaxslar yoʻnalishsiz taksi faoliyati bilan shugʻullanish uchun oʻz avtotransport vositalarini ijara shartnomasi asosida yuridik korxonaga topshiradilar. Ana shu avtoulovda ishlash huquqi uning egasiga yoki korxona rahbari tomonidan har qanday haydovchiga berilishi mumkin. Lekin ijara shartnomasi avtotransport vositasi egasi bilan tuziladi.
Sh. ShOVAHOBOV,
Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi boshligʻi oʻrinbosari.
AVTOMOBIL VA MOBIL ALOQA
— Transport vositasini boshqarishda mobil aloqa vositasidan foydalanish
taqiqlanganidan yaxshi xabardorman. Ammo mening avtoulovimda telefonning
"Bluetooth” imkoniyatidan foydalanib, aloqani amalga oshirsa boʻladi. Yaʼni
suhbatlashish uchun qoʻlni rul boshqaruvidan olish shart emas. Bu holat ham
taqiqlanganmi?
J. KAMOLOV.
Kosonsoy tumani
— Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 21-noyabrdagi 241-sonli qaroriga asosan, haydovchilarning transport vositasini boshqarish chogʻida telefondan (shu jumladan, "Bluetooth” moslamalaridan foydalangan holda) foydalanishi taqiqlangan.
X. SAYDALIYeV,
Oʻzbekiston Respublikasi IIV Yoʻl harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi boshligʻi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶