Hurmat-ehtiromga munosib ustoz
Samimiy, iliq, chiroyli soʻzlarni faqat kitoblarda oʻqishimiz emas, uni kimlargadir aytishimiz ham kerak. Zero, hayotda koʻpchilikning hayotiga daxldor, ezgulikka xizmat qiluvchi ishlarni amalga oshirgan, har qanday maqtovlarga sazovor insonlar oramizda koʻp.
Taʼlim faxriysi Ozod Otajonov ana shularning biri.
....Hozirgi 20-sonli, sobiq Lermontov nomli maktabga endigina qadam qoʻygan oʻgʻlon Ozod har kuni ertalab onasi – Qilichboy hududidagi ilk muallimalarning biri Tojigul Yusupovaning qoʻlidan tutib maktabga otlanar chogʻi, avval bolalariga non sindirib, har birining ulushini berib, albatta, uch-toʻrt boʻlak nonni oʻrab, kitob-daftariga qoʻshib qoʻltigʻiga qisib olishi sababini anglolmasdi. Bu haqda bir kuni soʻraganida onasi uni erkalab, yelkasiga qoqib:
– Shungayam eʼtibor qilib yurganmiding, – deb soʻradi muloyim kulib mehr bilan. Keyin siniq ovozda davom etdi: – Bolam, men sinfimdagi hamma bolalarning ham onasiman, ularning baʼzilari darsga och keladi. Nonni shular uchun olib boraman.
Umr boʻyi oʻqituvchilik qilib, bolalarga gʻamxoʻrlik bilan saboq berib, el aro hurmat-ehtirom qozongan onasi yosh Ozodning qalbida bolaligidan oʻqituvchilikday moʻʼtabar kasbga ulkan havas uygʻotdi. Aʼlo baholarga oʻqigani bois, oʻzi oʻqigan maktabni tugatgach, boshlangʻich sinf oʻqituvchisi boʻlib ish boshladi. 1968-yilda Buxoro Davlat Pedagogika institutining biologiya fakulteti sirtqi boʻlimiga oʻqishga kirdi va ishdan ajralmagan holda oliy maʼlumotli boʻldi. 1977-yilda esa maktab direktorining ilmiy ishlar boʻyicha muovini, 1985-yildan sobiq “Gʻalabaning 40 yilligi”, hozirgi 70-sonli maktab direktori boʻldi.
– 20-sonli maktabda ishlagan kezlarimda oʻquvchilar chor-atrofdan 7 kilometrlab yoʻl bosib kelishlariga juda jonim achir edi. U paytlarda ichki yoʻllar asfalt emas, qolaversa, oʻquvchilarning ham ust-boshlari yupun boʻlardi. Maktabimiz oʻqituvchilari bilan hozirgi Doʻrman ovuli hududida ham bir maktab qurilsa edi, deb havas qilardik. Ammo orzu qilish bilan ish bitarmidi? 1973-yilda oʻsha vaqtdagi M.Gorkiy nomli sovxozning M.Gorkiy boʻlimi boshligʻi boʻlib ishlaydigan Yoʻldosh Oʻrozboyev (joylari jannatda boʻlsin!) bilan bu haqda maslahatlashdim, hech boʻlmasa, boshlangʻich sinflar uchun filial ochaylik, dedim. U kishi juda maʼrifatli, el xizmatidan ogʻrinmaydigan odam edi. Taklifimni obdon oʻylab koʻrdi-da, “siz kerakli idoralarga borib, hujjatlarni bitiring, bolalar uchun maktabni hashar yoʻli bilan oʻzimiz quramiz. Oʻzim boshida turaman, el qoʻl mehnatidan koʻmak beradi, osh-noni – mendan”, dedi ishonch bilan. Oʻshanda goʻyo u kishining daldasi menga qanot boʻldi. Kerakli idoralarga qatnayverib, zada boʻlsam ham niyatimdan qaytmadim. U paytlardagi tuzum shuni taqozo etardi-da. Bir yoqadan bosh chiqarib, toʻrtta xona, oʻrtasi uzun koridorli maktab imoratini boshlab yubordik. Loydan paxsa koʻtardik, chor-atrofdan hasharga kelmagan odam qolmagandi, – deya eslaydi Ozod aka.
Oʻsha, 1973-yilda ishga tushgan boshlangʻich maktab 1985-yilda 8 yillik – toʻliqsiz oʻrta, keyinchalik kengaytirilib, oʻrta maktabga aylantirildi.
Shunday qilib, 1985-yilda oʻzi qurilishiga bosh-qosh boʻlgan maktabga Ozod Otajonovni direktor qilib tayinlashdi. Shu tariqa keksalik nafaqasiga chiqquniga qadar mazkur maktabga rahbarlik qildi.
Ozod aka Otajonov jamoasiga insof, adolat tamoyillari asosida rahbarlik qilish bilan birga oʻquvchilarga mohirlik bilan dars berib, hudud yoshlarining koʻnglida ilmga havas uygʻotdi, jamiyatga nafi tegadigan insonlar boʻlib kamolga yetishiga munosib hissa qoʻshdi. Turmush oʻrtogʻi Davlatbika Tursunova bilan ikki oʻgʻil, toʻrt qizni elga munosib qilib voyaga yetkazishdi, turli kasblarni egallagan farzandlar ham otasiga munosib boʻlib, el koriga yaramoqdalar.
Ozod Otajonov hozir 70 yoshda. Atrofida 19 nafar nevara, 3 nafar chevaralar. Shunday boʻlsa-da, tinib-tinchimaydi, jamoat ishlarida faol, mahallasida hech bir tadbir, toʻy-maʼrakalar usiz oʻtmaydi, yoshlarga pand-nasihat qilib, yoʻl-yoʻriq berishdan charchamaydi. Faxriy oʻqituvchini butun Qilichboy elining katta-yu kichigi taniydi, hurmat qiladi.
Ozod aka Otajonovning 70 yoshida ham juda ziyrak, faol va xotirasi kuchliligiga odam havas qiladi. Qilichboy tarixini puxta oʻrgangan ustoz Lermontov nomli maktabda ishlab yurgan kezlarida Ikkinchi jahon urushiga ketib, qaytib kelmagan qilichboylik yigitlar haqida hamkasbi, qiziquvchan oʻqituvchi Kenja Jumaniyozov bilan birga barcha maʼlumotlarni toʻplashgan. Koʻpchiligining urushdagi mavhum davrini, qayerda vafot etganlarini aniqlashga ham muvaffaq boʻlgan ekan. Bu maʼlumotlar Ikkinchi jahon urushida halok boʻlgan hamyurtlarimiz haqida tayyorlangan “Esdaliklar” kitobidan ham joy olgan.
– Qilichboy tarixiga oid hamma maʼlumotlarni yoddan bilaman, qiziqtirgan savollaringizni beravering, – deydi ustoz doim yoshlar bilan uchrashuvlarida. Va buni uddalay oladi ham. U doimo ezgu ishlarga bosh-qosh boʻlgani, yoshlarga ustozlik qilgani bilan ham oʻz hayotidan mamnun, chehrasidan nur yogʻilib turadi.
Biz faxriy oʻqituvchi Ozod aka Otajonovni yurtimizda keng nishonlanadigan qutlugʻ sana – Oʻqituvchi va murabbiylar kuni bilan qizgʻin qutlab, umriga baraka tilaymiz!
Oygul PAJABOVA.
Suratda: Ozod Otajonov oʻquvchilar davrasida.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶