AMUDARYoLIK SPORTChI TENNIS BOʻYIChA OʻZBEKISTON ChEMPIONI BOʻLDI
Tennis mamlakatimizda ommalashgan sport turlaridan biri hisoblanadi. Sportning bu turi tez fikrlashga, tez harakatlanishga, shiddatkor boʻlishga oʻrgatadi.
Bolalar va oʻsmirlar sport maktabiga kichkinaligidan qatnay boshlagan Sherzod Yoʻldoshev stol tennisini boshqa bolalarga qaraganda tez oʻzlashtirdi. U sport maktabi murabbiysi Hamida Rajabovadan tennis raketkasini qanday ushlashdan tortib, oʻyin texnikasi, taktikalarigacha tezda oʻrganib oldi.
Yosh sportchi musobaqalarda ham ishtirok etib, raqiblarini ortda qoldira boshladi. Ayniqsa, BOʻSM birinchiligi uchun oʻtkazilgan musobaqada ilk bor qatnashib, sovrinni qoʻlga kiritganida juda ruhlandi va oʻziga ishonchi yanada ortdi. Bundan ham katta, nufuzli musobaqalarda ishtirok etib, yurt sharafini himoya qilishni, Vatan bayrogʻini balandga koʻtarishni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻydi va avvalgidan ham qatʼiyroq shugʻullana boshladi.
Yosh sportchining mehnatlari oʻz samarasini berib, dastlab Qoraqalpogʻiston, keyinchalik Oʻzbekiston chempionati uchun oʻtkazilgan musobaqalarda faxrli oʻrinlarni egallay boshladi. Nufuzli musobaqalar gʻolibligini qoʻldan bermayotgan sportchi Nukus shahridagi Olimpiya zahiralari kolleji qoshidagi maktab-internatda, soʻng kollejning oʻzida stol tennisi boʻyicha mahoratli murabbiylar qoʻlida mashgʻulotlarni davom ettirdi. Bu davr mobaynida, ayniqsa, 2016-2018-yillar davomida Oʻzbekiston chempionati uchun oʻtkazilgan stol tennisi musobaqalarida qatnashib, faxrli oʻrinlar gʻolibi boʻldi.
Stol tennisi sporti bilan 8-yildan beri shugʻullanib, ham nufuzli musobaqalar sovrinini qoʻlga kiritib kelayotgan yosh sportchi shu yil 23-29-mart kunlari boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston chempionatida ishtirok etib, 1-oʻrinni egalladi. Nukus Olimpiya zahiralari kollejining 3-bosqichini bitirish arafasidagi sportchiga sovrin bilan birgalikda jismoniy tarbiya va sport yoʻnalishidagi oliy oʻquv yurtlariga imtihonsiz qabul qilish imtiyoziga ega boʻlgan litsenziya ham berildi.
Amudaryolik Sherzod Yoʻldoshev Qoraqalpogʻiston Respublikasida stol tennisi boʻyicha imtiyozli litsenziyani qoʻlga kiritgan birinchi sportchi boʻldi.
Mana shunday iqtidorli sportchi yoshlar mamlakatni dunyoga tanitadi. Dunyo arenalarida yurtimiz bayrogʻini yuqori koʻtarib, elga sharaf keltiradi va faxru-iftixorimizga aylanadi. Ishonamizki, Oʻzbekiston chempioni boʻlgan Sherzod Yoʻldoshev ham kelajakda xalqaro miqyosdagi musobaqalarda ishtirok etib, yurt shaʼnini sharaf bilan himoya qilish bilan birga oʻzi kabi mohir sportchilar yetishib chiqishiga hissa qoʻshadi.
O.Xudoyberganova.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶