TUMANIMIZ BUGʻDOYZOPLAPIDA MOʻL PIZQ-POʻZIMIZ YaPATILMOQDA
Bugʻdoy rizq-roʻzimiz, dasturxonimizning, turmushimizning toʻkinligini koʻrsatib turuvchi aziz neʼmat. Keksa onaxonlarimiz bugʻdoy mashaqqatli, halol mehnatlar evaziga yetishtirilgani uchun ham nondan xushtaʼm, toʻyimli neʼmat yoʻq, deya uqtirishadi.
Ha, dehqonchilik – zahmatli boʻlishiga qaramasdan sohadagi koʻpgina tadbirlar bugungi kunda texnikalar zimmasiga yuklanganligi sababli moʻl hosil olishga imkon yaratildi.
2019-yilda bugʻdoyzorlarda tuman boʻyicha oʻrtacha 30 tsentnerdan hosil yigʻishtirib olinishiga erishilgan edi. Oʻtgan yilning kuzida ham 2020-yil hosili uchun 3300 gektar yerga bugʻdoy ekilib, toʻliq nihol olindi. Koʻp yillik tajribalariga suyangan tumanimiz dehqonlari joriy yilda ham gʻallazorlardan moʻl-koʻl hosil yetishtirishga astoydil intilmoqdalar.
Bogʻ mahallasida faoliyat yuritayotgan “Qadamboy Poʻlat” fermer xoʻjaligining 71 gektarga yaqin ekin maydoni bor. Oʻtgan yilda shuning 40 gektariga paxta, 7 gektariga bugʻdoy va turli sabzavot, poliz ekinlari ekilib, moʻl hosil yetishtirilgan edi. Kuz faslida yana 2020-yil hosili uchun 7 gektar maydonga bugʻdoy ekildi va bir tekis nihol olishga erishildi.
Ayni kunlarda mazkur bugʻdoyzorlarda nihollar durkun oʻsib rivojlanmoqda. Barcha bugʻdoy dalalari mahalliy va mineral oʻgʻitlar bilan oziqlantirilib, sugʻorilmoqda.
Shuni aytish kerakki, har yili barcha ekinlardan moʻl hosil yetishtirilayotgani xoʻjalik moddiy-texnik bazasi mustahkamlanishiga asos boʻldi. Olingan daromadlar hisobiga yerlarni surish, ekin ekish va parvarishlashda ishlatiladigan texnikalar xarid qilinib, samarali foydalanilmoqda. Kuz-qish mavsumida mavjud texnikalar kuchi bilan bugʻdoyzorlarga mahalliy oʻgʻitlar sochilib, nihollarning yaxshi rivojlanishiga zamin yaratildi.
Xoʻjalik raisi Mansur Tojimov ish yurituvchi Obod Xudanovlar hozirgi kunda bugʻdoyzorlarning sifatli sugʻorilishini tinimsiz nazorat qilmoqdalar. Chunki dehqonchilikda har bir tadbirning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi ekindan koʻzlangan hosilni yetishtirishda muhim ahamiyatga ega.
Maʼlumki, joriy yil boshida tumanimizda gʻallachilik klasteri tuzilib, faoliyatini boshlagan edi. Endilikda gʻallachilik klasteri oʻrnatilgan tartibga koʻra, 2020-yil hosilidan boshlab, boshoqli donni fermer xoʻjaliklaridan shartnoma boʻyicha xarid qiladi va qayta ishlab, tumanimiz aholisiga, barcha isteʼmolchilarga tayyor mahsulot, yaʼni un qilib sotadi. Tabiiyki, bu gʻalla yetishtiruvchilar daromadi yuqori boʻlishini taʼminlaydi.
Mamlakatimiz aholisining koʻpchilik qismi asosan qishloq xoʻjaligi yumushlari bilan band boʻlib, shu orqali oilasi uchun daromad topadi. Ayni paytda qishloq xoʻjaligiga joriy etilayotgan mazkur islohotlar ekin maydonlaridan yanada samarali foydalanib, hosildorlikni oshirishga va pirovardida sohada band boʻlgan aholining daromadlari yuqori, turmushi farovon boʻlishiga erishishga qaratilmoqda.
O.PAJABOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶