KUYuK KOʻPIR OVULIDA TIBBIYoT XODIMLARI GIYoHVANDLIKKA QARShI KURAShISh OYLIGI DOIRASIDA UChRAShUV OʻTKAZIShDI
26-iyun – Xalqaro giyohvandlikka qarshi kurashish kuni munosabati bilan hamda Amudaryo tumani Tibbiyot birlashmasining ish rejasiga asosan iyun oyi giyohvandlikka kurashish oyligi deb eʼlon qilingan. Ayni paytda oylik doirasida tumandagi ovul va mahallalarda, korxona-tashkilotlarda, maktabgacha taʼlim tashkilotlari va maktablarda turli tadbirlar, uchrashuvlar hamda davra suhbatlari oʻtkazilmoqda.
Tadbirlarda giyohvandlikka qarshi kurashish, ularni keltirib chiqaruvchi illatlar, giyohvandlik natijasida kelib chiqadigan kasalliklar, ularning oldini olish, yoshlar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzi, kun tartibi, sogʻlom ovqatlanish, ommaviy sport bilan shugʻullanish bu kabi illatlarga berilmaslik imkoniyatlari ekanligi tushuntirilmoqda.
Shu yil 15-iyun kuni Kuyuk koʻpir ovul fuqarolar yigʻini binosida 26-iyun – Xalqaro giyohvandlikka qarshi kurashish kuniga bagʻishlab “Giyohvandlik – asr vabosi” mavzusida uchrashuv oʻtkazildi. Ovul fuqarolari ishtirokida boʻlib oʻtgan mazkur uchrashuvda Tibbiyot birlashmasi shifokorlari Jumaboy Yavkashev, Aminboy Xolbayev, Ikrom Nurmanovlar sogʻliqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar, Prezidentimiz tomonidan qabul qilinayotgan Farmon va Qarorlar xususida batafsil maʼlumotlar berishdi.
Shuningdek, Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan qabul qilingan buyruqlarga asosan har bir fuqaro oʻz sogʻligi uchun oʻzi masʼulligini tushuntirib, zararli odatlarga berilmaslik, buning uchun har bir inson kun tartibidan unumli foydalanishi, kun tartibida boʻsh vaqt qoldirmaslik, zerikishga yoʻl qoʻymaslik, farzandlarning yurish-turishlari ota-onalar tomonidan nazoratga olinishi kerakligi aytib oʻtildi.
Tibbiyot xodimlari giyohvand moddalar taʼsirida inson ongi va xulqida oʻzgarishlar sodir boʻlishini, giyohvand moddalar qabul qiluvchilar unga tobe boʻlib qolishini va oʻz xatti-harakatlarini boshqara olmasliklari, hayot goʻzalligini his etmasligi, fanlarni oʻzlashtira olmasliklari, hech narsaga qiziqmaslik, doʻstlarini, yaqinlarini yoʻqotishi, yurak, jigar, oʻpka, miya kabi aʼzolarni jarohatlashi, giyohvandlikka berilish oqibatida gepatit, organizmda immunitet tanqisligini keltirib chiqaruvchi virus va boshqa yuqumli kasalliklarga chalinish ehtimoli ortishini hayotiy misollar bilan tushuntirib oʻtdilar. Uchrashuv davomida ovul fuqarolari turli savollar bilan murojaat qilib, mutaxassislardan toʻliq javoblar oldilar.
Shu kuni 5-son oilaviy poliklinikasida ham tibbiyot xodimlari ishtirokida seminar mashgʻulotlari oʻtkazildi.
Seminarda Prezidentimizning 2020-yil 30-oktyabrdagi “Sogʻlom turmush tarzini hayotga keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisi”dagi Farmonining mazmun-mohiyati tushuntirildi. Shuningdek, tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan ishlarga toʻxtalib oʻtildi. Aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, fuqarolarni jismoniy faollikka, velosayr, kechki sayrlar oʻtkazish, toʻgʻri ovqatlanishga odatlantirish kabilar boʻyicha tavsiyalar berildi.
Uchrashuv va seminar soʻngida ishtirokchilarga giyohvandlikning oldini olish, toʻgʻri ovqatlanish, sogʻlom turmush tarziga rioya qilish, jismoniy harakatlarning ahamiyati kabi mavzularda bukletlar tarqatildi.
Jumaboy Yavkashev, tuman Tibbiyot birlashmasi shifokori.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶