YuRT HIMOYaSIGA MUNOSIB YoShLAR TARBIYaLAYoTGAN USTOZ
Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, yurt himoyasiga, uning xavfsizligi, hududiy yaxlitligi va mustaqilligini taʼminlashga doimo shay turishlari uchun ular qalbida shu zaminga muhabbat va sadoqat tuygʻularini mustahkamlash muhim ahamiyatga ega. Shu bois keyingi yillarda umumtaʼlim muassasalarida chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik fani oʻquv jarayonlarini yanada takomillashtirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, shuningdek, kadrlar bilan taʼminlash masalalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Amudaryo tumanining Toryop mahallasidagi 51-sonli maktabning harbiy chaqiriqqa tayyorgarlik rahbari, isteʼfodagi harbiy ofitser Davronbek Davletmurodov ayni paytda yoshlarga harbiy taʼlim haqida boshlangʻich bilimlarni berib kelmoqda.
Maktabga 2021-yildan ishga kelgan Davronbek yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, boshlangʻich harbiy taʼlimni oʻrgatish ishlariga bor kuch va bilimlarini sarflab, oʻzining fidoyiligini koʻrsatmoqda. U dastlab maktabda ajratilgan alohida xonani mashgʻulotlar sifatli tashkil qilinishi uchun zarur koʻrgazmali vositalar bilan jihozlanishiga eʼtibor qaratdi. Gazniqob, maxsus harbiy kiyimlar, qurol-aslahalar maketlari kabi zarur koʻrgazmali vositalarni keltirdi. Sinfda xotira burchagini tashkil qildi va unda Vatanimiz sarhadlari daxlsizligini taʼminlashda halok boʻlganlar toʻgʻrisida fotolavha va maʼlumotlar joylashtirdi.
Mashgʻulotlar sifatini oshirish, jumladan, yoshlarda harbiylikka havasni kuchaytirish maqsadida tumandagi harbiy qismlar va Mudofaa boʻlimi bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyib, harbiylar bilan oʻquvchi-yoshlarning uchrashuvlarini ham tashkil qilib kelayotgan maktabning chaqiriqqa tayyorgarlik rahbari oʻzining harbiy xizmat mobaynidagi tajribalaridan unumli foydalnib kelmoqda.
Davronbek 2000-2004-yillarda Toshkent oliy umumqoʻshin qoʻmondonlik bilim yurti kursanti boʻldi. Oʻqishni tugatganidan soʻng, 2006-yildan Navoiy viloyatidagi harbiy qismda maʼlumotlarni qayta ishlash yoʻnalish boshligʻi boʻlib xizmatini boshladi. Keyinchalik Sirdaryo viloyatidagi harbiy qismda safarbarlik chaqiruv rezervi bataloni vzvod komandiri, shuningdek, Jizzax, Samarqand, Andijon, Namangan, Buxoro viloyatlari, Termiz shahridagi harbiy qismlarda kadrlar boʻlinmasi boshligʻi vazifalarida xizmat qildi.
Xizmat davri mobaynida “Mustaqillikning 20-yilligi” va “Mustaqillikning 25-yilligi” koʻkrak nishonlari bilan taqdirlandi. Undan tashqari, vatanparvar harbiyga bir necha bor Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining faxriy yorliq va minnatdorchilik xatlari ham topshirildi. Otasi Xoʻjamurod aka va onasi Oʻrozgul opalarga ham 2018-yilda Janubiy-Gʻarbiy maxsus harbiy okrugi qoʻmondonining tashakkurnomasi berildi.
Harbiy sohada samarali xizmat qilib, isteʼfoga chiqqan Davronbek tuman Mudofaa boʻlimi tomonidan yosh avlod taʼlim-tarbiyasiga hissa qoʻshishga jalb etilganidan soʻng, oʻz bilim va tajribalarini oʻquvchilarga oʻrgatishni sharaf deb bildi.
Tajribali harbiy ayni paytda oʻzi faoliyat koʻrsatayotgan maktabda nazariy va amaliy mashgʻulotlar tashkil etish bilan birga “Yosh qutqaruvchi”, “Temurbeklar” singari tanlovlarni ham oʻtkazish orqali oʻquvchilar egallayotgan bilimlar sinovdan oʻtkazib bormoqda.
Harbiy xizmatchilar hayoti bilan yaqindan tanishtirish maqsadida tumandagi harbiy qismlarda oʻtkaziladigan ochiq eshiklar kuni tadbirlarida ham maktab oʻquvchilarining ishtirokini taʼminlab, ular qalbidagi yurtga muhabbat va burchga sadoqat tuygʻularini mustahkamlamoqda. Oʻquvchilar ham chaqiriqqa qadar boshlangʻich tayyorgarlik koʻnikmalarini shakllantirayotgan, harbiylikka qiziqishlarini oshirayotgan, qalblaridagi vatanparvarlik tuygʻularini yanada mustahkamlayotgan ustozlaridan juda minnatdor.
Mamlakat kelajagini yaratishda shijoatli, qatʼiy, maqsadni aniq qoʻyib, shu asosda harakat qiladigan yoshlarning oʻrni katta. Shu sababli 51-sonli maktabning harbiy chaqiriqqa tayyorgarlik rahbari Davronbek Davletmurodov yosh avlodni yurt himoyasiga munosib, mard va jasur, haqiqiy vatanparvar boʻlib kamolga yetishlariga hissa qoʻshib, ularga harbiylikka doir bilimlarni mukammal oʻrgatishga harakat qilmoqda.
Ozoda Xudoyberganova.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶