BOʻSh ISh OʻRINLARI MEHNAT YaRMARKASI OʻTKAZILDI
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirining 2023-yil 29-avgustdagi maxsus xatiga asosan har bir tumanlarda yirik xususiy korxona va tashkilotlarda koʻchma boʻsh ish oʻrinlari yarmarkalarini oʻtkazish, aholini boʻsh ish oʻrinlari bilan tanishtirib, doimiy ishga joylashishlariga koʻmaklashish topshirilgan edi. Shunga asosan Amudaryo tumani Kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimi tomonidan masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Amudaryotex” xorijiy korxonasida va “Tamara textil” masʼuliyati cheklangan jamiyatida boʻsh ish oʻrinlari yarmarkasi oʻtkazildi.
Tadbirda “Amudaryotex” xorijiy korxonasi, “Tamara-textil” masʼuliyati cheklangan jamiyati masʼullari, tuman Ichki ishlar boʻlimi, Yoshlar ishlari agentligi tuman boʻlimi vakillari va ish bilan band boʻlmagan hamda faol ish qidirayotgan fuqarolar ishtirok etdilar.
Mehnat yarmarkasini tuman Kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimi boshligʻi oʻrinbosari Bahodir Baltabayev ochdi va olib bordi. Yarmarka 2 joyda, avval “Amudaryotex” xorijiy korxonasida, keyin “Tamara textil” MChJda alohida-alohida oʻtkazilib, ish izlovchilar bevosita korxonalardagi ish jarayonlari va yaratilgan sharoitlar bilan tanishtirildi.
Mehnat yarmarkasida 52ta korxona va tashkilotlar 265ta boʻsh ish oʻrinlari bilan ishtirok etdilar. Unga tuman hududida yashovchi ish izlovchi fuqarolar, probatsiya hisobida turuvchilar, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”da turuvchi fuqarolar taklif qilindi. Bundan tashqari, tadbirkorlar, hunarmandlar, tijorat banklari, kasb-hunarga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish boʻyicha oʻquv maskanlari oʻqituvchilari qatnashdilar.
Yarmarka davomida tuman Kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimi tomonidan Toʻlqin ovulida tashkil qilingan Tikuvchilik oʻquv-kursining 10 nafar bitiruvchi qizlariga oʻqishni muvaffaqiyatli tamomlaganliklari toʻgʻrisidagi sertifikatlar topshirildi.
Mehnat yarmarkasida 94 nafar ishga joylashish istagidagi fuqarolarning 31 nafariga yoʻllanma berilib, ishga joylashtirildi, kasbga oʻqitish, qayta oʻqitish kurslariga 12 nafar fuqaro yuborildi, haq toʻlanadigan jamoat ishlariga 18 nafari jalb qilindi. 33 nafar fuqaroga esa mehnat qonunchiligiga oid masalalar, kasb-hunarga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish boʻyicha, chet davlatlarda mehnat faoliyatini rasmiy ravishda amalga oshirish, tijorat banklaridan kredit olish tartiblari va boshqa masalalar boʻyicha maslahatlar berildi.
Shu jihatdan olib qaraydigan boʻlsak, tumanimizdagi ish bilan band boʻlmagan fuqarolarning, ayniqsa, xotin-qizlar va yoshlarning bandligiga koʻmaklashish, ularni tumandagi boʻsh ish oʻrinlariga yoʻnaltirishga xizmat qilgan tadbirni juda ahamiyatli boʻldi, deyish mumkin.
Oygul RAJABOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶