SINF JURNALIDA USTOZ MUHRI BOR
Oddiy, fidoyi, mehribon muallimlarga bagʻishlayman.
Ustozlar qoʻlidan-qoʻliga oʻtib,
Har soat sinfga qaytaveradi.
Goʻyoki intizom, tartib oʻrnatib,
Ilm-u irfondan soʻz aytaveradi.
Sinf jurnalining sahfalarida,
Hayot yashiringan, hayot – betakror.
Tafakkur dunyosin lavhalarida,
Oddiy muallimning oddiy muhri bor.
Karra jadvalida mislsiz qudrat –
Tengsiz moʻʼjiza bor sanoqlarida.
Inkorga oʻrin yoʻq, mujassam hikmat,
Sinf jurnalining varaqlarida.
Asta odimlaydi sinfda muallim,
Yozma ish ustiga egilgan boshlar.
Aqllar charxlanib, charxlanib ilm.
Yuraklarga hadsiz hayrat bagʻishlar.
Sinf jurnaliga yozilar bir-bir,
Shogird kamolidan soʻzlaguvchi dars.
Mazmunida yashar nechalab taqdir –
Kelajak haqdagi munozara, bahs.
Hayratlar ishonch-u mehrga paygʻom,
Muallim va shogird qalbiga tutash.
Ularga begona kibr ila yolgʻon,
Orzu-niyatlari shunchalar uyqash.
Mendeleyev davriy jadvalin olib,
Muallim soʻz aytar: “bunda dunyo jam!
Ushbu unsurlardan kuch-qudrat olib,
Moʻʼjiza yaratib yashaydi odam!”
Soʻngra yechiladi nechta masala,
Kimyo sehri bilan yashaydi sinf.
“Kaltsiy karbonat”dan to “litiy”gacha,
Miqdori, hajmiga berilar taʼrif.
Formulalar qiziq, masalalar ham,
Ochilar sinfda kimyoviy sirlar.
Faqat “molibden”ning quvvati bilan,
Metin zanjir kabi jami unsurlar.
Shunday davom etar maktabda hayot,
Bir zum toʻxtamaydi taʼlim-tarbiya.
Ona tili, tarix va adabiyot,
Misli bir sehrgar biologiya.
Arximed, Gey-Lyussak... Nyuton kashf etgan,
Fizik qonunlarda ming xil haqiqat.
Oʻshal haqiqatlar ichida oʻsgan,
Til bilgan shogirdlar Vatanga qudrat.
Aʼlo baho oldi necha shogirdi,
Boʻlgʻusi shifokor, kimyogar, olim.
Yuzlarda tabassum quyoshday balqdi,
Jurnalni minnatdor yopdi muallim!
Robiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶