Xalq deputatlari Amudaryo tuman kengashining 71-sessiyasi toʻgʻrisida axborot
Joriy yilning 27-mart kuni Amudaryo tuman hokimligining majlislar zalida Xalq deputatlarin tuman kengashining navbatdagi 71-sessiyasi boʻlib oʻtdi.
Sessiya majlisida tuman hokimi Sobir Xoʻjametov, sektorlar rahbarlari, hokim oʻrinbosarlari, hokimlik masʼul xodimlari, boʻlimlar, tashkilotlar rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Sessiyani xalq deputatlari tuman Kengashi raisining oʻrinbosari Gʻulomjon Eshniyazov ochdi va olib bordi. Sessiya kotibligiga 14-Paxtakor saylov okrugidan deputat Tamara Yusupova saylandi.
Sessiyada dastlab “Amudaryo tumanini ishsizlik va korruptsiyadan holi hududga aylantirish hamda sektorlar rahbarlari tomonidan mahallalarda ishlarni tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi masala yuzasidan sektorlar rahbarlarining hisobotlari tinglandi.
Hisobotlarda sektorlar rahbarlari tomonidan aholi bandligini taʼminlash, tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi ish oʻrinlarini yaratish, aholining huquqiy madaniyatni yuksaltirish, korruptsiyaning oldini olishga qaratilgan amaliy chora-tadbirlarni kuchaytirish hamda ushbu yoʻnalishda tumandagi barcha korxona va tashkilotlar, mahallalar, taʼlim muassasalarida targʻibot tadbirlarini oʻtkazishga alohida eʼtibor qaratilayotgani qayd etildi.
Xususan, tuman hokimi – 1-sektor rahbari Sobir Xoʻjametov joriy yilda sektor hududida yashovchi 1 565 nafar ishsiz aholining iqtisodiyot tarmoqlarida bandligini taʼminlash maqsad qilib olinganini taʼkidlab oʻtdi. Shundan 45 nafar aholi hududiy investitsiya loyihalarini ishga tushirish hisobiga, 407 nafari xizmat koʻrsatish sohasini rivojlantirish hisobiga, 1048 nafari qishloq xoʻjaligi sohasida hamda 65 nafari qurilish sohasida ish bilan taʼminlanishi rejalashtirilgan.
Tuman prokurori – 2-sektor rahbari Aziz Roʻzmetov oʻz hisobotida mutasaddi tashkilotlar bilan birgalikda sektor boʻyicha jami 1 699 nafar ishsiz aholining, shundan 796 nafar ayollar va 532 nafar yoshlarning bandligini taʼminlash boʻyicha mahallalar kesimida alohida dasturlar ishlab chiqilganini qayd etdi.
Tuman Ichki ishlar boʻlimi boshligʻi – 3-sektor rahbari Jamoladdin Yusupovning hisobotida oʻtgan yil davomida sektor boʻyicha 6 ming 946 ta ish oʻrni tashkil etilgani, shundan 39 foizdan ortigʻi kichik biznes va xususiy tadbirkorlik hissasiga toʻgʻri kelgani taʼkidlandi. Joriy yilda 3 696 nafar ishsiz aholining iqtisodiyot tarmoqlarida bandligini taʼminlash rejalashtirilayotgani qayd qilinib, bu haqida deputatlarga batafsil maʼlumotlar berildi.
Kun tartibidagi dastlabki masala boʻyicha tuman Soliq inspektsiyasi boshligʻi – 4-sektor rahbari Jahongir Rahimovning hisobotida ham Amudaryo tumanini ishsizlik va korruptsiyadan holi hududga aylantirish hamda sektor rahbari tomonidan mahallalarda ishlarni tashkil qilish boʻyicha belgilangan chora-tadbirlar xususida batafsil maʼlumotlar berildi.
Sessiyada tuman hokimining birinchi oʻrinbosari Kamiljan Aytbayev “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasi hisobidan ijtimoiy yordamga muhtoj oilalarni moddiy qoʻllab-quvvatlash uchun zarur mablagʻ ajratish boʻyicha taklif kiritdi. Taklif deputatlar tomonidan muhokama qilinib, bir ovozdan tasdiqlandi.
Sessiya kun tartibidagi navbatdagi masala yuzasidan Amudaryo tumani Adliya boʻlimi boshligʻi Mansur Sadikov axborot berdi. Axborotda qayd qilinganidek, boʻlimga 2023-yil davomida jami 359 ta ariza va shikoyat kelib tushgan boʻlib, sudlarga 156 nafar fuqaroning manfaatida arizalar kiritilib, shundan 146 tasi qanoatlantirilgan. 18 ta davlat idora va tashkilotlarida oʻrganishlar oʻtkazilib, oʻrganishlar davomida 2101 ta qonunbuzilish holatlari aniqlangan va bartaraf etilgan.
Sessiya kun tartibidagi navbatdagi masala yuzasidan Majburiy ijro byurosi Amudaryo tuman boʻlimi boshligʻi vazifasini bajaruvchi Azizbek Tadjiyev hisobot berdi. Hisobotda qayd qilinganidek, 2023-yil davomida boʻlim ish yurituvida oldingi yil qoldigʻi bilan jami 253,2 mlrd. soʻmlik 28 594ta ijro xujjatlari kelib tushgan boʻlib, shundan, 174,1 mlrd. soʻmlik 13 246ta ijro hujjatlari tamomlangan yoki tugatilgan. 126,8 mlrd soʻmlik 8882ta ijro hujjati amalda undirilgan. Boʻlim tomonidan undiriladigan jinoyat natijasida yetkazilgan zarar, davlat boji, jinoiy va maʼmuriy jarimalar, davlat foydasiga oʻtkaziladigan olib qoʻyilgan mol-mulklarni sotishdan tushgan pullarning 50 foizi, yaʼni 3 mlrd 520 mln soʻm mablagʻ “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarni qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirilgan.
Sessiya kun tartibidagi keyingi masala yuzasidan tuman “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi direktori Shukurullo Yusupov hisobot berdi. Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-yanvardagi qaroriga asosan har yili 1-aprelga qadar vegetatsiya davri uchun yakuniy isteʼmolchilar kesimida ekinlarni sugʻorishga suv olish limitlari ishlab chiqilib, tasdiqlash uchun Xalq deputatlari tuman Kengashlariga kiritilishi belgilangan. Shunga koʻra 2024-yil vegetatsiya davri uchun suv olish limitlari ishlab chiqilib, deputatlar eʼtiboriga havola qilindi va bu boʻyicha Kengash qarori qabul qilindi.
Sessiya kun tartibidagi navbatdagi masala yuzasidan tuman Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi raisi Ilhom Palvanov hisobot berdi. Hisobotda qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlardan foydalanish holatini oʻrganish natijalari maʼlum qilinib, yerdan samarasiz foydalangan va yer ijara shartnomasi muddati tugagan xoʻjalik subʼektlarining yerlarini belgilangan tartibda tuman hokimligi zaxira yer fondiga qaytarish taklifi kiritildi.
Shuningdek, tumanda 2024-yil hosili uchun jami 31 ming 274 gektar maydonga qishloq xoʻjaligi ekinlarini joylashtirish rejalari hamda tomorqa va dehqon xoʻjaliklari yerlaridan samarali foydalanish, mahsulot yetishtirish hajmini oshirish boʻyicha koʻrilayotgan choralar haqida ham maʼlumotlar berildi.
Kun tartibidagi soʻnggi masalada deputatlarga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2024-yil 20-fevral kungi “Xalq deputatlari mahalliy Kengashlarida huquqni muhofaza qiluvchi organlarning hisobotlarini eshitish toʻgʻrisida”gi qarori asosida “Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashi tomonidan tuman huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari hisobotlarini eshitish tartibi” ishlab chiqilgani maʼlum qilinib, ushbu hujjat deputatlar muhokamasiga havola qilindi.
Sessiyada shuningdek, Kengash vakolatiga kiruvchi boshqa masalalar ham muhokama qilindi.
Barcha masalalar yuzasidan Kengash qarorlari qabul qilindi va shuning bilan sessiya oʻz ishini yakunladi.
Tuman hokimligining axborot xizmati.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶