“Qor qishda yogʻadi”, “Qorbobo Yangi yilda keladi…” yoxud 2-sonli DMTTdagi amaliy seminar qanday oʻtdi?
Maktabgacha taʼlim tashkilotlari koʻzimizning oq-u, qorasi boʻlgan kichkintoylarimizning ikkinchi uyidir. Chunki farzandlarimiz kunning asosiy qismini bogʻchada oʻtkazishadi, har kuni yangidan-yangi sheʼrlar, qoʻshiqlar yod olishib, uyga kelganda qoʻllarini koʻksiga qoʻyib ota-onalariga yodlaganlarini aytib berishadi. Aksariyat bolajonlarning nutqi bogʻchaga borgandan keyin ravonlashadi, ayrim oʻyinqaroq bolalar esa bogʻchaga borgach “quyilib”, kattaga hurmatda, kichikka izzatda boʻla boshlaydi. Chuchuk tillari ila salom berishni oʻrganadi. Albatta, farzandlarimizning odob-axloqli va zukko boʻlib ulgʻayishida tarbiyachilarning oʻrni alohida. Ularning tinimsiz saʼy-harakatlari hamda oʻz vaqtida kasbiy tajribalarini oʻstirib borishi zamirida kichkintoylarimizning ham zehni oʻtkirlashaveradi.
Yaqinda Amudaryo tumani maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimiga qarashli 2-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkilotida amaliy seminar oʻtkazildi. Seminarning maqsadi maktabgacha taʼlim tashkilotlarida bolaning individual ehtiyojlarini hisobga olgan holda, ilk va maktabgacha yoshdagi bolalarning rivojlanishiga oid davlat talablari asosida hamda davlat oʻquv dasturiga muvofiq bolaning har tomonlama barkamol rivojlanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, maktabgacha yoshdagi bolalarning oʻquv-tarbiyaviy faoliyatini tashkil qilish va amalga oshirishda tarbiyachilarning amaliy koʻnikmalarini rivojlantirishdan iborat. Bunday seminarlar barcha DMTTlarida, yil davomida, reja asosida tashkil qilinib kelinadi. Seminar ishtirokchilari bu orqali oʻzaro tajriba almashib, oʻzlarining kasbiy mahoratini oshirib boradilar. Mazkur seminarda ham 2-sonli DMTTning 4ta guruhida “Zumrad qish” oy mavzusi doirasida guruhlarda oʻtkaziladigan mashgʻulotlarni seminar ishtirokchilari kuzatib bordilar va oʻzlarining amaliy koʻnikmalarini yanada boyitdilar.
Dastlab, seminarda ishtirokchilar 4ta guruhga boʻlinib, mashgʻulot jarayonini kuzatish uchun guruhlarga kirdi. Shundan soʻng, muassasaning maktabga tayyorlov guruhi tarbiyachisi Mavluda Kamalova “Ust-bosh va oyoq kiyimlar” hafta mavzusi boʻyicha mashgʻulot oʻtdi. Mashgʻulot jarayonida kunlar sovuq boʻlishi, daraxtlarda yaproqlar boʻlmasligi haqida bolalarga tushunchalar berildi.
Keyin esa mashgʻulot yanada qiziqarli boʻlishi uchun “Bilmasvoy” obrazidagi qahramon shippakda, boshiga shapka kiygan holda tashrif buyurdi. Bilmasvoyga kiyimlar haqida savollar berilganda javob bera olmadi. Shu tariqa bolalar ikki guruhga boʻlinib, “sirli xaltacha” oʻyinini oʻynashdi. Bilmasvoy xaltachadagi kiyimlarni bolalarga olib koʻrsatdi va bolalar kiyim nomlarini aytishdi. Shunday qilib, bilmasvoy bilmaganlarini bilib oldi. Bu kabi, sahnalashtirilgan oʻyinlar orqali esa bolajonlarning topqirligi va hozirjavobligi rivojlanadi.
Shundan soʻng, 2-sonli DMTTning maktabga tayyorlov guruhi tarbiyachisi Feruza Bekimbetova “Bayramona yangi yil” hafta mavzusi boʻyicha mashgʻulot oʻtkazdi. Mashgʻulot davomida bolajonlarga Yangi yil bayrami haqida, yangi yilni qaysi mamlakatlarda qanday kutib olinishi toʻgʻrisida maʼlumot berib oʻtildi. Shuningdek, qish faslida qor yogʻishi, ayrim oʻrmon hayvonlari bu faslda uyquga ketishi, havo harorati pasayishi, turli xil qishki oʻyinlar va shu kabi maʼlumotlar berib oʻtildi.
Mashgʻulotdan koʻzlangan maqsad – tarbiyachilarda jarayon davomida oʻzaro hamkorlik, bir-biriga doʻstona munosabatda boʻlish, jamoada oʻzini tuta bilish koʻnikmalarini shakllantirish, shuningdek, bola “men”ini rivojlantirish, ularni shaxs sifatida shakllantirish va bu orqali bolalarni maktab taʼlimiga sifatli tayyorlashdan iborat.
Shu bilan birga, 2-sonli DMTTning katta guruh tarbiyachisi Saida Eshmuratova, oʻrta guruh tarbiyachisi Nargiza Quvvatovalar ham bir-biridan qiziqarli boʻlgan bilimlar bilan oʻrtoqlashdi. Ular oʻz mashgʻulotlari davomida didaktik materiallardan foydalanib, bolajonlarga fasllarni farqlashni, hafta kunlarini ajratishni tushuntirib oʻtdilar. Shu tariqa seminar mashgʻulotlari qizgʻin va bahs-munozaralarga boy tarzda davom etdi.
Mashgʻulotlar tarbiyalanuvchilarda barcha beshta taʼlim sohasi: jismoniy rivojlanish va sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, nutq, muloqot, oʻqish va yozish koʻnikmalari, bilish jarayonining rivojlanishi, ijtimoiy-hissiy va ijodiy rivojlanishni ragʻbatlantirgani bilan ahamiyatli boʻldi. Shuningdek, jarayonlar bolalar rivojlanishining muayyan sharoitlari, ehtiyojlari va xususiyatlarini hisobga olgan holda, oʻquv-metodik dasturlar va texnologiyalar, oʻquv qoʻllanmalari, ilmiy-metodik va oʻquv-metodik adabiyotlar, bolalar, ota-onalar uchun moʻljallangan adabiyotlar, internet-resurslar, taʼlimiy didaktik materiallardan foydalanilgan holda tashkil etildi.
Mashgʻulot jarayonlari tugaganidan soʻng seminar qatnashuvchilari oʻzaro suhbat oʻtkazdilar. 20-DMTT metodisti Oltinoy Abdalova, 10-DMTT metodisti Gulnora Nametova, 32-DMTT tarbiyachisi Nigora Yuldasheva, 31-MTT metodisti Ravila Choʻtboyeva hamda boshqalar har bir guruh kesimida olib borilgan mashgʻulotlar, ushbu mashgʻulotlarni oʻtkazgan tarbiyachilarning pedagogik mahorati hamda layoqati, yutuqlari va kamchiliklari hamda bolalar bilan birgalikdagi faoliyati, taʼlim-tarbiya jarayonida samarali shakl, metod va vositalaridan unumli foydalana olish qobiliyatlarini eʼtirof etdilar.
Albatta, oʻtkazilayotgan bu kabi seminarlar tarbiyachilarning kasbiy mahoratini rivojlantirish orqali jajji bolajonlarmizning atrofimizdagi olamni idrok qilishi, zukko va bilimli avlod boʻlib kamol topishiga xizmat qiladi.
Aziza Madrahimova

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶