Qoraqalpogʻiston qishloq xoʻjaligi va agrotexnologiyalar institutida bitiruvchi-yoshlarga mutaxassislik diplomlari tantanali ravishda topshirildi
Qoraqalpogʻiston qishloq xoʻjaligi va agrotexnologiyalar instituti mamlakat agrar tizimining asosiy yoʻnalishlari boʻyicha yetuk mutaxassislar tayyorlashga ixtisoslashgan nufuzli taʼlim maskanlaridan biri sanaladi. Institutda taʼlim-tarbiya ishlari jahon andozalariga mutanosib tarzda olib boriladi. Xususan, qishloq xoʻjaligiga yangi, innovatsion texnologiyalarni joriy etish, paxtachilik, gʻallachilik, pillachilik, chorvachilik kabi yoʻnalishlarda yuqori malakali kadrlarni tayyorlashdan tashqari, tajriba-xoʻjalik laboratoriyalarida olib boriladigan ilmiy izlanishlarning ijobiy natijalarini agrar tizim bilan integratsiyalashgan holda amaliyotga keng joriy etishda bilimdon, izlanuvchan talabalar ishtirokini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratiladi.
Yaqinda 2021 – 2025 oʻquv yillari oraligʻida institutda oʻzlarining alohida bilim va salohiyatlari va intilishlari orqali ustozlarining bergan bilimlarini qunt bilan oʻzlashtirib, institutni muvaffaqiyatli tugatgan bitiruvchi-talabalarga mutaxassislik diplomlarini topshirishga bagʻishlangan tantanali marosim boʻlib oʻtdi.
Tantanali marosimda institut rektori Berdiyar Jollibekov, prorektorlar, fakultetlar dekanlari, institut pedagogika jamoasi, professor-oʻqituvchilar, bitiruvchi-yoshlar va ularning ota-onalari ishtirok etdilar.
Tadbirni institut rektori Berdiyar Jollibekov ochdi va bitiruvchilarni samimiy tabrikladi. U oʻz soʻzida mamlakatimizda yoshlarning har tomonlama chuqur bilim olishlari, bakalavriyat tahsilidan soʻng oʻqishni keyingi bosqichlarda muvaffaqiyatli davom ettirishlari, xususan, oʻzlarining ilmiy salohiyatlarini roʻyobga chiqarishlari uchun yaratilgan shart-sharoitlar, davlatimizning bilimdon yoshlarga koʻrsatayotgan cheksiz gʻamxoʻrligi xususida batafsil toʻxtaldi.
Shu bilan birga oʻz hayotlarining yangi bosqichiga qadam qoʻyayotgan bitiruvchi-yoshlarga, albatta, ushbu dargohda oʻtgan har bir kunda ustozlaridan olgan nazariy bilim va amaliy tajriba ularning kelajak hayot yoʻllarida tayanch boʻlishini alohida taʼkidlab, institut tahsilini olgan bugungi yoshlar mamlakat taraqqiyoti va jamiyat farovonligiga munosib hissa qoʻshishiga ishonch bildirdi hamda kelajakdagi maqsadlariga erishishlarida oʻzaro hamjihatlikka daʼvat etdi.
Shundan soʻng, institutning barcha fakultetlarida tahsil olgan va oʻzlarining namunali xulq-atvorlari, kuchli bilim va salohiyatlari bilan oʻqishda hamda jamoat ishlarida eng yuqori natijalarga erishgan bitiruvchilarga mutaxassislik diplomlari va esdalik sovgʻalari topshirildi.
Tantanali marosim davomida soʻzga chiqqan bitiruvchi-yoshlarning ota-onalari va tadbir mehmonlari institutut pedagogika jamoasiga, ayniqsa, oʻzlarining xalqaro darajadagi bilim va tajribalari orqali farzandlarining yetuk mutaxassis kadrlar boʻlib yetishishlarida fidoyilik koʻrsatgan professor-oʻqituvchilarga chuqur minnatdorchilik bildirdilar.
Robiya Yoʻldosheva.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶