Yangi tashabbus — serdaromad soha sari dadil qadam
Bugungi kunda yurtimizda qishloq xoʻjaligi sohasi nafaqat iqtisodiy rivojlanish, balki xalqimizning farovon hayotini taʼminlashda ham beqiyos ahamiyat kasb etmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan sohada keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilayotgani, tadbirkor va fermerlarga yaratilayotgan imtiyozlar, subsidiyalar va qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari natijasida koʻplab yangi yoʻnalishlar rivoj topmoqda.
Ushbu imkoniyatlardan unumli foydalangan holda samara faoliyat yuritayotgan fidoyi va tashabbuskor insonlardan biri Amudaryo tumanining olis Besh ovul mahallasidagi “Doʻschanov Rahimboy” fermer xoʻjaligi raisi Alisher Doʻschanovdir. U oʻz mehnati va shijoati bilan nafaqat xoʻjaligini kengaytirmoqda, balki mahalliy bozorni sifatli mahsulotlar bilan taʼminlashga ham munosib hissa qoʻshmoqda.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari Shuhrat Teshayev tavsiyasi bilan Alisher Doʻschanov oʻz faoliyatini parrandachilikning istiqbolli yoʻnalishi boʻlgan oʻrdak yetishtirish bilan yanada kengaytirdi.
U dastlab Xorazm viloyatidan 500 dona oʻrdak olib kelib, ular uchun maxsus sharoitlar yaratdi. Harakat va mehnat evaziga bugun ushbu oʻrdaklar dastlabki narxidan uch barobar yuqori qiymatda baholanmoqda. Bu esa oʻrdakchilikning serdaromad sohaga aylanishi mumkinligini yaqqol koʻrsatmoqda.
Fermerning aytishicha, oʻrdak yetishtirish nafaqat foydali, balki istiqbolli soha. Kelgusida bu ishni yanada kengaytirib, koʻplab yangi ish oʻrinlari yaratish niyatida aniq rejalar tuzilmoqda.
Fermer Alisher Doʻschanovning yangi tashabbuslari faqat parrandachilik bilan chegaralanib qolmadi. U Prezidentimiz tomonidan yaratilayotgan keng imkoniyatlardan samarali foydalanib, imtiyozli kredit asosida chorvachilik xoʻjaligini tashkil etish rejalarini ham ishlab chiqmoqda.
Bugungi kunda tajribali tadbirkor subsidiyalar evaziga zarur texnikalarni sotib olib, xoʻjalikning moddiy-texnik bazasini mustahkamladi. Natijada, xoʻjalik faoliyati yangi bosqichga koʻtarilib, rivojlanish va taraqqiyot sari odimlamoqda.
Shuningdek, fermer baliqchilikni ham rivojlantirmoqda. Xoʻjalikda yiliga 7–8 tonna baliq yetishtirilib, bundan ham qoʻshimcha daromad olinmoqda. U bilan suhbat davomida baliqchilikning ham istiqbolli soha va barqaror daromad manbai ekanligiga amin boʻldik.
Alisher Doʻschanovning bu tashabbuslari qishloq xoʻjaligida yangi yoʻnalishlarni rivojlantirish, mahalliy bozorni sifatli mahsulotlar bilan taʼminlash va eng muhimi, aholi bandligini oshirishga xizmat qilayotgani bilan yanada ahamiyatli boʻlmoqda.
Bugun qishloqda birgina insonning dadil tashabbusi butun bir mahalla hayotiga ijobiy taʼsir koʻrsatmoqda. Bu esa, albatta, muhtaram Prezidentimiz olib borayotgan izchil islohotlar natijasida yaratilgan keng imkoniyatlarning amaliy samarasidir.
Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, serdaromad tarmoqlarga dadil qadam qoʻyayotgan fidoyi fermerlarimizning mehnati ertangi kunimiz farovonligini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Alisher Doʻschanovning ibratli tashabbusi esa qishloq xoʻjaligida yangi oʻsish nuqtalaridan biri sifatida namuna boʻladi.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶