Qoraqalpogʻistonlik talabalar uchun Yaponiyada ishlash imkoniyati haqida maʼlumot berildi
Qoraqalpogʻiston qishloq xoʻjaligi va agrotexnologiyalar institutining xalqaro aloqalarni faollashtirish yoʻlidagi saʼy-harakatlari oʻz amaliy samarasini bermoqda. Yaqinda institutga Yaponiyaning qishloq xoʻjaligi sohasidagi yetakchi kompaniyasi – “Green Leaf” vakillari xizmat safari bilan tashrif buyurdilar. Tashrifning asosiy maqsadi – institut bitiruvchilariga xalqaro mehnat bozoriga yoʻl ochish va oʻzaro innovatsion hamkorlikni mustahkamlashdan iboratdir.
Delegatsiya aʼzolari, yaʼni “Green Leaf” kompaniyasi prezidenti Savaura Shoji boshchiligidagi kompaniya xodimlarini institut rektori Berdiyar Jollibekov, OISCA–Uzbekistan ofisi menejeri Timur Buranbayev hamda institutda volontyor sifatida tajriba orttirayotgan yaponiyalik yoshlar kutib oldilar.
Institut rahbariyati bilan boʻlib oʻtgan davra suhbatidan soʻng, kompaniya prezidenti Savaura Shoji bitiruvchi va bitirish arafasidagi talabalar bilan uchrashdi. Soʻzga chiqqan kompaniya Prezidenti oʻz kompaniyasining faoliyati, qishloq xoʻjaligi sohasidagi ilgʻor, innovatsion yondashuvlari haqida batafsil maʼlumot berib, yoshlarni Yaponiyada ishlash imkoniyatlari bilan tanishtirdi hamda kompaniya institut bitiruvchilarini ishga joylashtirishga tayyorligini bildirdi.
Mazkur taklif talaba-yoshlar tomonidan katta qiziqish bilan qabul qilindi. Ular suhbat davomida ish sharoitlari, maosh, talab etiladigan til va kasbiy malaka darajalari haqida savollar berishdi va kompaniya rahbaridan batafsil javoblar olishdi. Bunday toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotlar yoshlarning global mehnat bozori talablarini aniq tushunishlariga yordam beradi.
Tashrif davomida mehmonlar institutning yoshlar masalalari boʻyicha birinchi prorektori Muhammmedali Dauletmuratov hamrohligida oʻquv va zamonaviy laboratoriya xonalari bilan tanishishdi. Yaponiyalik mutaxassislar bu yerda olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar va erishilayotgan natijalarga yuqori baho berdilar.
Shuningdek, Savaura Shoji institutda tashkil etilgan yapon tili kurslarida tahsil olayotgan talabalar bilan ham uchrashdi. U talabalar bilan samimiy suhbatlashib, "Green Leaf" kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilayotgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari haqida maʼlumot berdi hamda kelgusida oʻzaro hamkorlikni til oʻrganish orqali yanada rivojlantirish taklifini bildirdi.
Shu oʻrinda aytish joizki, qishloq xoʻjaligi yoʻnalishida tahsil olayotgan talabalarning chet elda ishlashi ularning bilim va tajribasini boyitishda muhim ahamiyatga ega. Bu orqali talabalar zamonaviy agrotexnologiyalar, innovatsion usullar va mexanizatsiya jarayonlari bilan tanishadilar. Chet eldagi amaliyot ularga dunyo standartlariga mos ish uslubini oʻrganish, til bilimini oshirish va madaniy koʻlamini kengaytirish imkonini beradi. Qaytib kelgach, talabalar oʻrgangan tajribalarini mahalliy qishloq xoʻjaligida qoʻllab, uning rivojiga munosib hissa qoʻshadilar. Shu tariqa, chet el tajribasi yosh mutaxassislarni malakali va raqobatbardosh kadr sifatida shakllantiradi.
Ayniqsa, Yaponiyada qishloq xoʻjaligini rivojlantirishga katta eʼtibor qaratayotgan davlatlardan biri sanaladi. Mamlakatda yer resurslari cheklangan boʻlsa-da, yuqori samaradorlikni taʼminlash uchun ilgʻor texnologiyalardan foydalaniladi. Zamonaviy dronlar, avtomatlashtirilgan texnika va sunʼiy intellekt yordamida mahsulot yetishtirish va hosildorligini oshirish tizimi yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, sugʻorish va hosil yigʻish jarayonlari qoʻl mehnatisiz amalga oshiriladi. Yapon hukumati fermerlarga subsidiyalar, imtiyozli kreditlar va innovatsion loyihalar uchun grantlar ajratadi. Shuningdek, organik mahsulotlar yetishtirish va eksport salohiyatini oshirishga alohida eʼtibor beriladi. Natijada, Yaponiya oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlab, qishloq xoʻjaligini barqaror rivojlantirish yoʻlida muvaffaqiyatga erishmoqda.
Bu kabi tashriflar Qoraqalpogʻistonlik yosh mutaxassislar uchun global mehnat bozoriga chiqish eshiklarini ochib, ularning kasbiy malakasini oshirishga xizmat qiladi. Institut va “Green Leaf” oʻrtasidagi hamkorlikning mustahkamlanishi mintaqa agrar sohasiga Yaponiyaning ilgʻor, ekologik toza innovatsiyalari kirib kelishiga ham mustahkam zamin yaratadi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶