Ochiq sayyor sud majlisida 21 nafar huquqbuzarga nisbatan maʼmuriy jazolar tayinlandi
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda sud-huquq tizimida olib borilayotgan islohotlar ushbu tizim faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarishga, odamlarning odil sudlovga boʻlgan ishonchini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Zero, inson huquqlari va erkinliklarini amalga oshirish, qonun ustuvorligi gʻoyasini hayotga tatbiq etishni taʼminlovchi asosiy mexanizm boʻlmish mustaqil sud hokimiyatini shakllantirish va takomillashtirish mamlakatimizda davlat tomonidan olib borilayotgan huquqiy siyosatning asosidir. Bugungi kunda sud jarayonlari nafaqat idoraviy, balki koʻchma, ochiq sayyor sud majlislari shakllarida olib borilayotgani aholi va tadbirkorlarning muammoli masalalarini joyida hal etib, adolatni qaror toptirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ana shunday ochiq sayyor sud majlislaridan biri yaqinda Amudaryo tumani Davlat soliq inspektsiyasi binosida ham oʻtkazildi. Jinoyat ishlari boʻyicha Boʻzatov tuman sudining tergov sudyasi Qayrat Kipshaqbayev raisligida oʻtkazilgan mazkur ochiq sayyor sud majlisida bir qator maʼmuriy ishlar huquqbuzarlik holatlarini sodir etgan shaxslar, ularning qonuniy vakillari va yaqinlari ishtirokida koʻrib chiqildi.
Sayyor sud majlisida oilaviy, yaʼni maishiy zoʻravonlik, mayda bezorilik, jumladan jamoat joylarida uyatli soʻzlar bilan soʻkinish, fuqarolarga haqoratomuz shilqimlik qilish hamda jamoat tartibini va fuqarolarning osoyishtaligini buzuvchi xatti-harakatlarda ifodalangan jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslik holatlari boʻyicha maʼmuriy ishlar atroflicha muhokama etildi va huquqbuzar shaxslarga nisbatan sud tomonidan maʼmuriy choralar qoʻllanilib, ularga bundan keyin qonunlarga rioya etish va ularni hurmat qilish boʻyicha zarur huquqiy tushunchalar berildi.
Shuningdek, ochiq sayyor sud majlisi jarayonida savdo va xizmat koʻrsatish qoidalarini buzish, tadbirkorlik faoliyatini davlat roʻyxatidan oʻtmasdan amalga oshirish, soliqlar yoki yigʻimlarni toʻlashdan boʻyin tovlash, moddiy yordamga muhtoj boʻlgan voyaga yetmagan va mehnatga layoqatsiz shaxsni moddiy taʼminlashdan boʻyin tovlash, ularni moddiy jihatdan taʼminlash uchun sudning hal qiluv qaroriga yoki sud buyrugʻiga binoan undirilishi lozim boʻlgan mablagʻni ikki oydan ortiq muddat mobaynida toʻlamaslik bilan bogʻliq holatlar yuzasidan huquqbuzarlarga nisbatan ochilgan maʼmuriy ishlar ham ochiqlik va shaffoflik tamoyillari asosida koʻrib chiqildi.
Bundan tashqari, ochiq sayyor sud jarayonida sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin boʻlgan ashyolarni ulardan kasbiy faoliyatda, sport faoliyatida hamda xoʻjalik-maishiy maqsadlarda foydalanish bilan bogʻliq boʻlgan hollarda jamoat joylarida ochiq, yaʼni gʻilofsiz holda olib yurish, ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik, tazyiq oʻtkazgan va zoʻravonlik sodir etgan yoxud ularni sodir etishga moyil boʻlgan shaxs tomonidan himoya orderi talablarini bajarmaslik bilan bogʻliq huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxslarning qilmishlari ham atroflicha muhokama etilib, qonuniy asosda choralar koʻrildi.
Ochiqlik va oshkoralik tarzida oʻtkazilgan ochiq sayyor sud majlisi jarayonida jami 21 nafar shaxsga nisbatan qoʻzgʻatilgan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlar koʻrib chiqildi va huquqbuzarlarni Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga nisbatan hurmat ruhida tarbiyalash, qaytadan huquqbuzarlik sodir etishlarining oldini olish maqsadida sud tomonidan ularga Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning tegishli moddalariga asosan jarima va maʼmuriy qamoq jazolari tayinlandi.
Robiya Yoʻldosheva

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶