Bolalar xavfsizligi – bosh maqsad: Nukusda oʻquvchilar uchun "Yoʻl saboqlari" oʻtkazildi
Bugungi tezkor zamonda koʻchalarimizda transport vositalari oqimining keskin ortib borayotgani barchamizdan, ayniqsa, kelajagimiz egalari boʻlgan bolalar xavfsizligi masalasiga har qachongidan ham jiddiyroq eʼtibor qaratishni talab etmoqda. Maʼlumki, bolalar tabiatan shoʻx va harakatchan boʻlib, baʼzida yoʻllardagi xavf-xatarni toʻgʻri baholay olmasliklari mumkin. Shu bois, ularga yoʻl harakati qoidalarini yoshlikdan oʻrgatish, koʻchada yurish madaniyatini shakllantirish va bolalar ishtirokidagi yoʻl-transport hodisalarining oldini olish muhim masalalardan biridir. Ayni shu maqsadda, hozirgi kunda respublikamiz boʻylab keng qamrovli "Diqqat, bolalar!" profilaktik tadbiri yuqori saviyada oʻtkazilmoqda. Mazkur tadbir doirasida Nukus shahridagi 42-sonli umumtaʼlim maktabida ham amaliy mashgʻulotlar tashkil etildi.
Tadbir maktabda maxsus tashkil etilgan va barcha koʻrgazmali qurollar bilan jihozlangan “Yoʻl harakati sinfi”da boʻlib oʻtdi. Ichki ishlar vazirligi Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati xodimlari va pedagoglar hamkorligida oʻtkazilgan ochiq darsda oʻquvchilarga yoʻl harakati qoidalarining hayotiy ahamiyati haqida tushuntirish ishlari olib borildi. Muloqot davomida oʻquvchilarga yoʻllarning qatnov qismidan emas, balki piyodalar uchun ajratilgan maxsus yoʻlakchalardan harakatlanish, svetofor ishoralariga qatʼiy amal qilish, tartibga solinmagan piyodalar oʻtish joylaridan foydalanganda oʻta hushyor boʻlish lozimligi hayotiy misollar yordamida tushuntirildi.
Shuningdek, oʻquvchilarga velosipedni qayerda haydash mumkinligi, katta yoʻlga chiqishdagi yosh cheklovlari, himoya vositalaridan foydalanish va yoʻl belgilariga rioya qilish madaniyati boʻyicha batafsil maʼlumotlar berildi. Tashkilotchilar tomonidan bolalarning olgan nazariy bilimlarini mustahkamlash va xotirasida saqlab qolish maqsadida yoʻl harakati qoidalari aks etgan maxsus eslatmalar, rang-barang bukletlar tarqatildi. Bu koʻrgazmali vositalar bolalarga har doim yoʻl qoidalarini eslatib turishga xizmat qiladi.
Taʼkidlash joizki, "Diqqat, bolalar!" tadbiri butun respublika boʻylab davom etmoqda. Barcha umumtaʼlim maktablarida "Yoʻl harakati qoidalari" burchaklari yangilanmoqda, ertalabki saflanishlarda tushuntirish ishlari olib borilib, "Yashil chiroq" musobaqalari va viktorinalar tashkil etilmoqda.
Bunday tadbirlardan koʻzlangan asosiy maqsad — bolalar oʻrtasida yoʻl-transport hodisalaridan jarohatlanishning oldini olish, ularning xavfsizligini taʼminlash va jamiyatimizda yuksak yoʻl harakati madaniyatini shakllantirishdan iboratdir. Zero, yoʻl qoidasi — umr foydasi, farzandlarimizning sogʻ-omonligi esa eng oliy baxtdir.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶