POYTAXTLIK YeTAKChI NEFROLOG ShIFOKORLAR VA AHOLI BILAN MULOQOT QILDI
Aholi salomatligini mustahkamlash, kasalliklarni erta aniqlash va yuqori malakali tibbiy xizmatning eng chekka hududlargacha kirib borishini taʼminlash — bugungi kun tibbiyotining bosh mezonidir. Shu maqsadda Respublika Ixtisoslashtirilgan Nefrologiya va Buyrak transplantatsiyasi Ilmiy-amaliy tibbiyot markazining yetakchi mutaxassisi Otabek Mirmahammadov Amudaryo tumanida boʻlib, amaliy muloqotlar oʻtkazdi.
Tuman Tibbiyot birlashmasida tashkil etilgan ushbu uchrashuvda mahalliy shifokorlar, umumiy amaliyot vrachlari, hamshiralar hamda aholi vakillari ishtirok etishdi.
Maʼlumki, buyrak inson organizmining eng muhim "filtr"laridan biri hisoblanadi. Uning faoliyati buzilishi butun organizm zaharlanishiga va ogʻir asoratlarga olib kelishi mumkin. Uchrashuv avvalida soʻzga chiqqan Respublika markazi mutaxassisi Otabek Mirmahammadov bugungi kunda nefrologiya sohasidagi yangiliklar, buyrak xastaliklarining kelib chiqish sabablari va ularning oldini olish borasidagi zamonaviy yondashuvlar haqida batafsil maʼlumot berdi.
Qayd qilinganidek, buyrak xastaliklari koʻpincha notoʻgʻri ovqatlanish, kam suv ichish, yuqori qon bosimi, qandli diabet, infektsiyalar hamda dori vositalarini nazoratsiz qabul qilish oqibatida kelib chiqadi. Ularning oldini olish uchun kun davomida yetarli miqdorda suv ichish, tuzli taomlarni cheklash, sogʻlom turmush tarziga amal qilish, qon bosimi va qand miqdorini nazorat qilish, shuningdek, vaqti-vaqti bilan tibbiy koʻrikdan oʻtish muhim ahamiyatga ega.
Tashrifning asosiy maqsadlaridan biri — birlamchi tibbiy boʻgʻin, yaʼni qishloq oilaviy poliklinikalarida faoliyat yuritayotgan umumiy amaliyot vrachlarining malakasini oshirishga qaratildi.
Muloqot davomida buyrak kasalliklarini yashirin davrida aniqlash usullari, qandli diabet va qon bosimi yuqori boʻlgan bemorlarda buyrak yetishmovchiligi rivojlanishining oldini olish, aholi orasida profilaktik tekshiruvlarni toʻgʻri tashkil etish kabi masalalar chuqur tahlil qilindi.
Poytaxtdan kelgan mutaxassis mahalliy hamkasblariga buyrak yetishmovchiligining ogʻir bosqichlariga oʻtib ketishiga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha qimmatli tavsiyalar berdi va oʻzaro tajriba almashdi.
Uchrashuvda aholi vakillari bilan ham ochiq muloqot tashkil etildi. Fuqarolarga sogʻlom turmush tarziga rioya qilish, tuz va zararli mahsulotlarni meʼyorida isteʼmol qilish, oʻzboshimchalik bilan dori vositalarini qabul qilmaslik tushuntirildi. Taʼkidlandiki, oʻz vaqtida shifokorga murojaat qilish va kasallikni erta bosqichda davolash — buyrak transplantatsiyasi yoki gemodializ kabi ogʻir muolajalarga ehtiyoj qoldirmaslikning eng samarali yoʻlidir.
Tadbir doirasida Otabek Mirmahammadov tomonidan tumandagi ogʻir va surunkali buyrak xastaligi bor bemorlarga amaliy yordam koʻrsatilib, zarur tibbiy maslahatlar berildi.
Bu kabi tadbirlar amudaryoliklar salomatligini asrash, tibbiy madaniyatni yuksaltirish va sohadagi muammolarni joyida hal etishda muhim ahamiyat kasb etadi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶