Travmatologiya va ortopediyada yangi yondashuvlar amaliyotga joriy qilinmoqda
Respublika miqyosida soha boʻyicha yetakchi muassasalardan biri hisoblangan Respublika ixtisoslashtirilgan Travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazidan tashrif buyurgan tajribali travmatolog-ortoped shifokor Gʻulomjon Zufarov Amudaryo tumani tibbiyot birlashmasida boʻlib, shifoxonada davolanayotgan bemorlarni bevosita tibbiy koʻrikdan oʻtkazdi hamda joylarda faoliyat olib borayotgan davolovchi shifokorlarga amaliy va uslubiy tavsiyalar berdi.
Tashrif doirasida shifokor Gʻulomjon Zufarov tomonidan turli yosh toifasidagi bemorlarning holati atroflicha oʻrganilib, kasalliklarni erta aniqlash va samarali davolashga qaratilgan zamonaviy yondashuvlar muhokama qilindi. Xususan, bolalar orasida uchraydigan 5 ta turli ortopedik va travmatologik kasallik, shuningdek, kattalarda koʻp uchraydigan 3 ta asosiy kasallik — gonartroz, koksartroz hamda osteoxondroz boʻyicha alohida toʻxtalib oʻtildi.
Mutaxassis ushbu kasalliklar boʻyicha yagona reyestr yuritishning ahamiyatiga eʼtibor qaratib, aholi orasida xavf guruhiga kiruvchi shaxslarni barvaqt aniqlash maqsadida tizimli skrining ishlarini tashkil etish zarurligini taʼkidladi. Ayniqsa, bu kasalliklarning ilk bosqichlarida aniqlanishi davolash samaradorligini oshirishi, ogʻir asoratlarning oldini olishi qayd etildi.
Shuningdek, tumanda zamonaviy davolash usullarini joriy etish, innovatsion tibbiy texnologiyalardan foydalanish hamda profilaktika ishlarini kuchaytirish masalalari yuzasidan qator aniq taklif va tavsiyalar berildi. Muhokamalar davomida ushbu kasalliklarga qarshi kurashishda 12 turdagi davolash usuli va 3 turdagi diagnostika yoʻnalishini tuman tibbiyot muassasalari amaliyotiga bosqichma-bosqich joriy etish imkoniyatlari atroflicha koʻrib chiqildi.
Tashrif chogʻida bemorlarni individual tarzda koʻrikdan oʻtkazishga alohida eʼtibor qaratildi. Har bir bemorning holati, kasallik kechishi, oldin qoʻllanilgan davo choralari tahlil qilinib, keyingi davolash rejasi boʻyicha aniq tavsiyalar berildi. Bu esa bemorlar uchun samarali va manzilli tibbiy yordam koʻrsatish imkonini yaratdi.
Bundan tashqari, zamonaviy kam jarohat yetkazuvchi operatsiyalarni bajarish, yaʼni minimal invaziv usullar orqali jarrohlik amaliyotlarini oʻtkazish boʻyicha ham mahalliy shifokorlarga amaliy maslahatlar berildi. Bu usullar bemorlarning tezroq sogʻayishi, operatsiyadan keyingi asoratlarning kamayishi va reabilitatsiya jarayonining qisqarishiga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Umuman olganda, mazkur tashrif Amudaryo tumani tibbiyot birlashmasi shifokorlari uchun muhim tajriba almashinuvi maydoni boʻlib xizmat qildi. Berilgan tavsiyalar va amaliy koʻrsatmalar joylarda ortopediya va travmatologiya yoʻnalishida tibbiy xizmat sifatini yanada oshirish, aholi salomatligini mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶