YoShLAR QALBIGA SANʼAT URUGʻINI EKAYoTGAN TAJRIBALI YoSh USTOZ
Yurtimizda madaniyat va sanʼat sohasini rivojlantirish, ayniqsa, yosh isteʼdod egalarini qoʻllab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylandi. Keyingi yillarda madaniyat markazlari faoliyatini jonlantirish, yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, ularning ijodiy salohiyatini yuzaga chiqarishga qaratilgan keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ana shunday ezgu saʼy-harakatlar samarasi oʻlaroq, joylarda fidoyi madaniyat xodimlari yetishib chiqmoqda. Ular orasida Amudaryo tumani Madaniyat boʻlimiga qarashli 34-sonli tuman madaniyat markazida sozanda vazifasida faoliyat yuritayotgan Ilyosbek Oʻrinboyevning ijodiy yoʻli alohida eʼtiborga loyiq.
Ijodkorning sanʼat olamidagi dastlabki yutuqlari 2012-yilga borib taqaladi. Shu yili 24-may kuni u “Yagonasan, muqaddas Vatan!” respublika tanlovining tuman bosqichida faol ishtiroki uchun faxriy yorliq bilan taqdirlandi va madaniyat sohasi rahbariyati eʼtiboriga tushdi.
Oʻtgan 15-yilga yaqin vaqt davomida isteʼdodli yosh ijodkor turli tanlovlarning hududiy, tuman va Respublika bosqichlarida, bayram tadbirlarida faol ishtirok etib, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, tuman hokimligi va tuman Madaniyat boʻlimining faxriy yorliqlari hamda tashakkurnomalari bilan taqdirlandi.
Ilyosbek Oʻrinboyevning soʻnggi 3-yildagi yutuqlariga nazar tashlasak, uning mahorati bilan birga yutuqlari ham tobora yuksalib borayotganiga guvoh boʻlish mumkin. U 2023-yilning sentyabr oyida “Yangi Oʻzbekistonning yangi qoʻshiqlari” tanlovining respublika bosqichida havaskor ijrochilar orasida faxrli 3-oʻrinni egalladi. Shu yili Botir Zokirov nomidagi zamonaviy estrada qoʻshiqchilari respublika koʻrik-tanlovida faol ishtiroki uchun unga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Madaniyat vazirligining faxriy yorligʻi topshirildi. 20-dekabrda esa Qoraqalpogʻiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan artist Rashid Xojasov xotirasiga bagʻishlangan respublika tanlovida faol ishtiroki uchun yana bir faxriy yorliqqa sazovor boʻldi.
Isteʼdodli ijodkor oʻsha yili yil yakunlari boʻyicha yurtimizning maʼnaviy yuksalishiga qoʻshgan salmoqli hissasi, madaniyat va sanʼat sohasidagi fidoyiligi uchun tuman madaniyat boʻlimi tashakkurnomasi bilan taqdirlandi.
Ilyosbek Oʻrinboyevning ijodiy yutuqlari — bu izlanish, mehnat va mashaqqatning mevasidir. U oʻz shogirdlariga ham chin ixlos bilan ijod qilishni, tuman madaniyat va sanʼatini yanada yuksaklarga koʻtarishga hissa qoʻshish yoʻlida qiyinchilik va mashaqqatlarni sabr bilan yengib oʻtishni maslahat beradi.
Serqirra ijodkor isteʼdodli sozanda — bu nafaqat milliy cholgʻular ijrochisi, balki yoshlar qalbiga sanʼat urugʻini ekib, ularni ezgu orzular sari yetaklovchi sanʼat sirlarini qunt bilan oʻrgatuvchi ustozdir. Uning asosiy vazifasi sozanda musiqachi sifatida tadbirlarni musiqiy jihatdan boyitish, dasturlarni mazmunan boy tarzda tashkil etishdan tashqari markazda ovoz yozish studiyasida iqtidorli yoshlarni saralab, ularning ovoz, sahna madaniyati va ijrochilik mahoratini muntazam ravishda oshirib borishdan iborat.
Jamoa studiya rahbari sifatida u shogirdlari bilan turli madaniy tadbirlar, bayramona kontsert dasturlari va tanlovlarga puxta tayyorgarlik koʻradi. Shuningdek, yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, ularda vatanparvarlik, estetik did va jamoada ishlash koʻnikmasini shakllantirishga ham alohida eʼtibor qaratadi.
Ilyosbek Oʻrinboyev kabi isteʼdodli va jonkuyar madaniyat xodimlarining saʼy-harakati bilan joylardagi madaniyat markazlari yoshlar uchun haqiqiy ijod maktabiga aylanmoqda. Sanʼatga mehr qoʻygan har bir yigit-qiz ana shu maskanlarda oʻz isteʼdodini kashf etib, katta sahnalar sari dadil qadam tashlamoqda.
Ilyosbekning ushbu xayrli va sermashaqqat ishlarida omad va muvaffaqiyatlar tilab qolamiz!
Nasibaxon YeShChANOVA, Amudaryo tumani madaniyat boʻlimi tasarrufidagi 34-sonli madaniyat markazi mutaxassisi

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶