Amudaryoda yoʻl infratuzilmasi yaxshilanmoqda
Mamlakatimizda yoʻl infratuzilmasini rivojlantirish, hududlarni oʻzaro bogʻlash va aholiga qulay transport sharoitlarini yaratish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylangan. Bu borada amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar joylarda oʻzining amaliy ifodasini topib, har bir hudud qiyofasini yangilashga xizmat qilmoqda. Amudaryo tumanida ham yoʻl xoʻjaligini rivojlantirish, mavjud yoʻllarni taʼmirlash va yangilarini barpo etish borasida samarali ishlar olib borilmoqda.
Bugungi kunda tumandan oʻtuvchi muhim transport yoʻnalishlaridan biri —A380 avtomobil yoʻli – Qipchoq pristani – Mangʻit shahri – Toshhovuz shahri – Turkmaniston Respublikasi chegarasi” yoʻnalishidagi avtomobil yoʻlida keng koʻlamli asfaltlash ishlari olib borilayotgani buning yaqqol isbotidir.
Mazkur yoʻl uzoq yillar davomida taʼmirtalab holatda boʻlib, avtotransport vositalarining erkin va xavfsiz harakatlanishi uchun qiyinchilik tugʻdirib kelayotgan edi. Ayniqsa, yoʻl qoplamasining eskirgani sababli haydovchilar va piyodalar uchun noqulayliklar, hatto xavf-xatarli vaziyatlar yuzaga kelayotgani koʻp bora kuzatilgan.
Hozirda olib borilayotgan asfaltlash ishlari zamonaviy talablar asosida, sifat va mustahkamlikni taʼminlashga qaratilgan holda amalga oshirilmoqda. Natijada yaqin kunlarda ushbu yoʻl orqali harakatlanish yanada qulay va xavfsiz boʻlishi kutilmoqda.
Raqamlarga murojaat qiladigan boʻlsak, bugungi kunda Amudaryo tumani hududida jami 1 438 kilometr uzunlikdagi avtomobil yoʻllari mavjud. Shundan 319 kilometri Amudaryo tumani yoʻllardan foydalanish davlat muassasasi balansida boʻlgan umumiy foydalanishdagi yoʻllardir. Ushbu yoʻllarning 71 kilometri davlat ahamiyatiga ega boʻlsa, 248 kilometri mahalliy ahamiyatdagi avtomobil yoʻllaridan iborat.
Afsuski, mavjud yoʻllarning 160 kilometri taʼmirtalab holatda boʻlib, buning asosiy sabablaridan biri sifatida yuk avtomobillarining belgilangan meʼyorlardan ortiqcha yuk bilan harakatlanishidir. Bu esa yoʻl qoplamasining tezda ishdan chiqishiga olib kelmoqda.
Shunga qaramay, 2025-yil davomida tumanda yoʻl qurilishi va taʼmiri borasida sezilarli ishlar amalga oshirildi. Xususan, qariyb 200 kilometr uzulikdagi yoʻlda turli koʻlamdagi taʼmirlash va saqlash ishlari olib borildi. Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan 11,1 kilometr avtomobil yoʻliga asfalt-beton qoplamasi yotqizildi. 22 kilometr yoʻlda nuqsonlarni bartaraf etish maqsadida oʻy-chuqurlar kartasimon usulda taʼmirlandi.
“Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida ham muhim ishlar bajarildi. Jumladan, loyihaning 2025-yilgi 1-mavsumida 14,2 kilometr, 2-mavsumida esa 6,2 kilometr yoʻl asfaltlandi. Bundan tashqari, yana 7,4 kilometr yoʻlda asfaltlash ishlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Koʻpriklar holatini yaxshilashga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Tumandagi avariya holatidagi 3 ta koʻprikda taʼmirlash ishlari boshlangan boʻlib, ularning 2 tasi allaqachon foydalanishga topshirildi.
Aholini uzoq yillar davomida qiynab kelgan muammolardan biri — tuproq qoplamali ichki yoʻllar masalasiga ham yechim topilmoqda. Xususan, 127 kilometr uzunlikdagi ichki yoʻllarga qum-shagʻal aralashmasi yotqizildi. Bundan tashqari, 11 kilometr ichki xoʻjalik yoʻllari ham taʼmirlandi.
Kelgusida amalga oshiriladigan ishlar ham keng koʻlamni qamrab oladi. 2026-yil uchun belgilangan rejalarga koʻra, ushbu yilni Amudaryo tumani uchun yoʻl infratuzilmasini rivojlantirishda muhim bosqich, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Rejaga muvofiq, 305 kilometrdan ortiq avtomobil yoʻllari hamda avariya holatidagi 6 ta koʻprikda taʼmirlash ishlari amalga oshiriladi.
Jumladan, Mangʻit shahridan Qilichboy ovuliga olib boruvchi 18 kilometr, Kuyuk koʻpir ovulidan Jumurtov shaharchasiga olib boruvchi 9 kilometr, Mangʻit shahridan Amir Temur nomli ovulga olib boruvchi 6 kilometr yoʻl hamda Qizilchali mahallasi hududidagi 0,5 kilometr yoʻl taʼmirlanadi.
Shuningdek, umumiy foydalanishdagi 50 kilometr yoʻlda oʻy-chuqurlarni bartaraf etish ishlari olib boriladi. “Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida aholi bilan hamkorlikda yana 22 kilometr yoʻlni asfaltlash rejalashtirilgan. Fuqarolarning murojaatlari va sayyor qabullar natijalariga asosan esa 200 kilometrdan ortiq tuproq qoplamali ichki xoʻjalik yoʻllariga qum-shagʻal aralashmasini yotqizish koʻzda tutilgan.
Xulosa qilib aytganda, Amudaryo tumanida yoʻl infratuzilmasini yaxshilash, transport harakati xavfsizligini taʼminlash va aholiga yanada qulay sharoit yaratish borasida olib borilayotgan ishlar izchil va tizimli ravishda davom etmoqda. Bu esa nafaqat bugungi kun, balki kelajak avlodlar uchun ham qulay infratuzilma yaratishdek xayrli maqsadga xizmat qiladi.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶