Amudaryoda media-tur davomida hududning ulkan salohiyati namoyon etildi
Qoraqalpogʻiston Respublikasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, yangi investitsion loyihalar hamda hududlarning ishlab chiqarish salohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida Joʻqorgʻi Kenges tashabbusi bilan respublika miqyosida faoliyat yuritayotgan jurnalistlar, blogerlar, telekanallar muxbirlari va vaynerlar ishtirokida Amudaryo tumanida media-tur tashkil etildi. Mazkur media-tur nafaqat tumanda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishish, balki hududning iqtisodiy imkoniyatlari, sanoat salohiyati va aholi farovonligini oshirishga qaratilgan loyihalarning amaliy natijalarini oʻrganish imkonini berdi.
Media-tur ishtirokchilari dastlab Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatini oʻzaro bogʻlab turgan Amudaryo ustidagi avtomobil hamda temir yoʻl koʻprigi bilan tanishdilar. Ushbu muhim transport inshooti ikki hudud oʻrtasidagi iqtisodiy va logistika aloqalarini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Jurnalist va blogerlar tomonidan koʻprik hududida foto va videolavhalar tayyorlanib, uning transport tizimidagi oʻrni hamda hudud rivojiga qoʻshayotgan hissasi keng yoritildi.
Media-tur ishtirokchilari Jayxun ovulida faoliyat yuritayotgan “Nukus-Dilisha” MChJga qarashli un mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasida boʻlib, korxonaning ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishdilar.
Korxonada zamonaviy texnologiyalar asosida sifatli mahsulotlar tayyorlanayotgani, mahalliy xomashyodan samarali foydalanish orqali ichki bozor ehtiyojlarini qondirishga munosib hissa qoʻshilayotgani qayd qilindi. Bunday korxonalar nafaqat oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, balki yangi ish oʻrinlari yaratish va hudud iqtisodiyotini mustahkamlashda ham muhim oʻrin tutadi.
Media-tur ishtirokchilarida katta taassurot qoldirgan navbatdagi manzil 13 million AQSh dollari mablagʻi evaziga bunyod etilgan “Mangʻit suv tozalash” inshooti boʻldi. Mutaxassislarning maʼlumot berishicha, mazkur yirik loyiha joriy yilning sentyabr oyida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Inshootning asosiy vazifasi Amudaryo tumani aholisini sifatli va toza ichimlik suvi bilan taʼminlashdan iborat.
Loyihaning texnik imkoniyatlari ham eʼtiborga molik. Mazkur inshoot kuniga 40 ming kub metr ichimlik suvini tozalash quvvatiga ega. Ayni kunlarda qurilish-montaj ishlari toʻliq yakunlangan boʻlib, stantsiya zamonaviy suv tozalash texnologiyalari bilan jihozlangan. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, loyiha toʻliq ishga tushgach, tumanda markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlanganlik darajasi 80 foizga yetadi. Bu esa minglab aholi xonadonlarining turmush sifatini yaxshilash, sanitariya-gigiyena sharoitlarini yanada mustahkamlash va sogʻlom turmush tarzini taʼminlashga xizmat qiladi.
Media-tur ishtirokchilarining keyingi manzili Navoiy mahallasida joylashgan kichik sanoat zonasi boʻldi. Bu yerda faoliyat yuritayotgan korxonalar hududning sanoat salohiyatini oshirish va aholi bandligini taʼminlashda muhim rol oʻynamoqda.
Xususan, “Botir Xonqa” MChJning ichimlik suvi va sharbat qadoqlash idishlarini ishlab chiqarish korxonasi faoliyati oʻrganildi. Umumiy qiymati 2 milliard 632 million soʻmni tashkil etuvchi mazkur loyiha natijasida 10 ta yangi ish oʻrni yaratilgan. Korxonada zamonaviy uskunalar yordamida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar hududdagi ichki bozor talabini qondirish bilan birga, kelgusida eksport salohiyatini ham kengaytirishi kutilmoqda.
Media-tur davomida non va non mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Ravshanbek Yulduzxon” MChJ hamda sut mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Kamron Gold Media” MChJ faoliyati ham oʻrganildi.
Mazkur korxonalarda bugungi kunda 33 nafar fuqaro doimiy ish bilan taʼminlangan boʻlib, ular orasida ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollar va ilgari ishsiz boʻlgan fuqarolar ham bor. Bu esa korxonalarning nafaqat iqtisodiy, balki muhim ijtimoiy ahamiyatga ega ekanini koʻrsatadi. Korxonalarda 10 dan ortiq turdagi sifatli sut mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Har kuni 600 litrdan ortiq sut qayta ishlanib, isteʼmolchilarga yetkazib beriladi. Ayniqsa, mahsulotlarning tumandagi davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga shartnoma asosida yetkazib berilayotgani bolalarning sifatli va tabiiy oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlanishiga xizmat qilmoqda.
Media-tur davomida jurnalist va blogerlar Amudaryo tumanida amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy natijalari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega boʻldilar. Yangi sanoat korxonalari, zamonaviy infratuzilma obʼektlari, ichimlik suvi taʼminotini yaxshilashga qaratilgan loyihalar hamda aholi bandligini taʼminlash boʻyicha olib borilayotgan ishlar hududda izchil taraqqiyot jarayonlari davom etayotganini yaqqol namoyon etdi. Bugungi Amudaryo — bu nafaqat qishloq xoʻjaligi hududi, balki zamonaviy ishlab chiqarish, investitsiyalar va yangi tashabbuslar markaziga aylanib borayotgan maskandir. Eng muhimi, amalga oshirilayotgan har bir loyiha va bunyodkorlik ishlari inson manfaatlari, aholi farovonligi va hududning barqaror rivojlanishiga xizmat qilmoqda.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶