Tadbirkorlar va yoshlarga “Odil sudlov – 2030” strategiyasi haqida maʼlumotlar berildi
Fuqaroning huquqlari qanchalik ishonchli himoyalanayotganini baholashda sud tizimiga boʻlgan ishonch darajasi asosiy mezon hisoblanadi, shu bois soʻnggi yillarda mamlakatimizda sud-huquq sohasini isloh qilish, sudlar faoliyatini ochiq va shaffof yoʻlga qoʻyish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 14-avgust kungi Farmoniga muvofiq “Odil sudlov — 2030”: Yangi Oʻzbekistonda inson huquqlarini ishonchli himoya qiluvchi xalqchil va adolatli sud tizimini barpo etish strategiyasi tasdiqlangan.
Mazkur strategiyaning mazmun-mohiyatini aholiga yetkazish maqsadida Amudaryo tuman sudi binosida tumanning Fuqarolik ishlari va Jinoyat ishlari boʻyicha sudlari raislari ishtirokida yigʻilish oʻtkazildi. Tadbirda tadbirkorlar, bank xodimlari, yoshlar va ichki ishlar boʻlimi xodimlari qatnashdi.
Yigʻilishni Fuqarolik ishlari boʻyicha Amudaryo tuman sudi raisi Adilbek Seytnazarov ochib berdi. U oʻz nutqida sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar, shuningdek “Odil sudlov — 2030”: Yangi Oʻzbekistonda inson huquqlarini ishonchli himoya qiluvchi xalqchil va adolatli sud tizimini barpo etish strategiyasining maqsad va vazifalari haqida batafsil toʻxtaldi.
Jinoyat ishlari boʻyicha Amudaryo tuman sudi raisi Jasurbek Baltabayev oʻz chiqishida strategiya sud-huquq islohotlarining izchil davom etishini taʼminlash, qonun ustuvorligi, mustaqillik, ochiqlik va samaradorlik tamoyillariga javob beradigan zamonaviy sud tizimini shakllantirish, aholining sudlarga ishonchini mustahkamlash maqsadida “Sudlar — xalqchil va adolatli odil sudlov qoʻrgʻoni va Yangi Oʻzbekistonning haqiqat ustuni” shiori ostida ishlab chiqilganini qayd etdi.
Taʼkidlanganidek, islohotlar 6 ta asosiy yoʻnalishda amalga oshiriladi: “Xalqchil sud”, “Adolat qoʻrgʻoni”, “Kafolatlangan adolat”, “Adolat posbonlari”, “Raqamli odil sudlov” va “Xalqaro eʼtirof”. “Xalqchil sud” — sudlar faoliyatining shaffofligi, sud jarayonlari va sud faoliyatiga oid axborotdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish orqali sud tizimining ochiqligini taʼminlash va jamiyatda sudga boʻlgan mutlaq ishonchni qaror toptirish, sudlarni byurokratiyadan butunlay xoli tizimga aylantirishni koʻzda tutadi.
Yigʻilishda fuqarolik va iqtisodiy sudlarda sud mediatsiyasi instituti joriy etilishi, 2027-yil 1-iyuldan ayrim sud qarorlarini qayta koʻrib chiqish vakolatiga ega hududlararo sudlar tashkil etilishi, 2027–2030-yillarda esa fuqarolik ishlari boʻyicha tuman va shahar sudlari bosqichma-bosqich tuzilishi haqida maʼlumot berildi.
Jumladan, sud ishlarini yuritishda qogʻoz shaklidan voz kechish, hujjat aylanmasini toʻliq elektron koʻrinishga oʻtkazish koʻzda tutilgani, 2027-yil yakuniga qadar “my.sud.uz” portali takomillashtirilib, uning yangi mobil ilovasi ishga tushirilishi, protsessual hujjatlarni tayyorlash va sud hujjatlarini izlash imkoniyatlari kengaytirilishi alohida taʼkidlab oʻtildi.
Sud-huquq sohasidagi islohotlarning mazmunini aholiga mana shunday ochiq muloqotlar orqali yetkazish har bir fuqaroning oʻz huquqlarini bilishi va ulardan toʻgʻri foydalanishiga imkon beradi. Strategiyada belgilangan vazifalarning izchil bajarilishi esa qonun ustuvorligi va inson qadri ustuvor boʻlgan zamonaviy sud tizimiga erishishning amaliy yoʻlini belgilaydi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶