Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining oʻttiz birinchi sessiyasi toʻgʻrisida AXBOROT
2017-yil 1-aprel kuni Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining oʻttiz birinchi sessiyasi boʻlib oʻtdi. Sessiyada tuman Kengashi deputatlari, tumandan saylangan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi deputatlari, tuman hokimi oʻrinbosarlari, hokimlik masʼul xodimlari, boʻlimlar rahbarlari, tuman Kengashining aholiga tibbiy xizmat koʻrsatishni, dori vositalari taʼminotini yanada yaxshilash, ushbu sohadagi qonunchilikni amaliyotga samarali tadbiq etishga koʻmaklashish, shuningdek bu sohada nazoratni samarali amalga oshirish boʻyicha komissiyasi aʼzolari, qishloq vrachlik punktlari va dorixonalar mudirlari, jamoat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.
Shuningdek, sessiya majlisida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Joldasbay Abdijamilov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining oʻrinbosari Dametken Bekboyeva ishtirok etdi.
Sessiya kotibligiga 23-Bobur saylov okrugidan tuman Kengashi deputati Ravshan Xalmuratov saylandi.
Sessiya kun tartibiga "Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisining 2017-yil 18-martdagi 196-B-sonli "A.Ya.Yuldashevni Amudaryo tumani hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlari boʻyicha oʻrinbosari lavozimiga tayinlash toʻgʻrisida”gi farmoyishi haqida”gi va "Tumanda birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarining faoliyatini takomillashtirish va yanada yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi masalalar kiritildi.
Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 22-dekabrdagi "Mahalliy ijroiya hokimiyati organlari faoliyatini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi yuzasidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining 2017-yil 31 yanvardagi 36-sonli qarori qabul qilinib, tuman hokimligi apparati strukturasiga oʻzgarishlar kiritilib, tasdiqlangan edi.
Shu munosabat bilan, Alisher Yuldashevni tuman hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari lavozimiga tayinlash yuzasidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisining farmoyishi qabul qilingan edi. Sessiyada mazkur farmoyish deputatlar tomonidan tasdiqlandi.
Kun tartibidagi ikkinchi masala muhokamasida tuman Kengashining aholiga tibbiy xizmat koʻrsatishni, dori vositalari taʼminotini yanada yaxshilash, ushbu sohadagi qonunchilikni amaliyotga samarali tadbiq etishga koʻmaklashish, shuningdek bu sohada nazoratni samarali amalga oshirish boʻyicha komissiyasi raisi Shirin Yangibayeva tumanda birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarining faoliyatini takomillashtirish va yanada yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida axborot berdi.
Axborotda aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish va dori vositalari taʼminotining bugungi holati boʻyicha, shuningdek, mazkur masalalardagi mavjud muammolarni oʻrganish hamda tibbiy xizmat sifatini takomillashtirish chora-tadbirlarini koʻrish maqsadida tumanda oʻrganishlar olib borilgani qayd qilinib, oʻrganishlar natijasida aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish sohasida bir qancha ijobiy ishlar amalga oshirilganligini va baʼzi kamchiliklar mavjudligini qayd etib oʻtildi.
Sessiyada mazkur Komissiyaning tuman aholisiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordami koʻrsatuvchi qishloq vrachlik punktlari tarmogʻini optimallashtirish boʻyicha tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan taqdim qilingan taklif asosidagi xulosasi bayon etildi. Qishloq vrachlik punktlari sonini 19 tadan 12 tagacha qisqartirish, shundan 8 ta qishloq vrachlik punktlari negizida kunduzgi statsionari mavjud boʻlgan qishloq oilaviy poliklinikalarini tashkil etish, 4 ta qishloq vrachlik punktini shu shaklda saqlab qolish, tashkil etiladigan qishloq oilaviy poliklinikalarining hududlarida aholi uchun arzon va sifatli dori vositalari hamda tibbiy buyumlar sotuvini yoʻlga qoʻyadigan "Dori-darmon” aktsiyadorlik jamiyati tizimining dorixonalarini joylashtirish, 2 ta qishloq poliklinikasi va 1 ta qishloq vrachlik punkti negizida yangidan 3 ta tez tibbiy yordam shohobchalari tashkil etish orqali qishloq joylardagi tez tibbiy yordam tarmogʻini kengaytirish, faoliyati tugatilayotgan 6 ta qishloq vrachlik punktlari binolarini qishloq vrachlik punkti va poliklinika shifokorlari uchun xizmat uy-joyi sifatida vaqtincha foydalanishga topshirish hamda qishloq vrachlik punktlarining yuridik shaxs maqomini tugatib, ularga moliyaviy-buxgalterlik xizmati koʻrsatishni tuman tibbiyot birlashmasi zimmasiga yuklash takliflari deputatlar eʼtiboriga havola qilindi.
Muzokaralarda tuman tibbiyot birlashmasi boshligʻining oʻrinbosari Xidirbay Tajimov, tuman Kengashining Qonuniylik, huquq tartibot va fuqarolar xavfsizligini taʼminlash masalalari doimiy komissiyasi raisi Gʻulomjan Yeshniyozov, "Gulnoz” xususiy dorixonasi rahbari Kuklanbay Kudenov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Joldasbay Abdijamilovlar soʻzga chiqib, kun tartibidagi masala boʻyicha oʻz fikrlarini bayon qildi.
Kun tartibidagi masala yuzasidan tayyorlangan tuman Kengashi qarori loyihasi oʻqib eshittirildi va deputatlar tomonidan bir ovozdan tasdiqlandi.
Shuning bilan sessiya oʻz ishini yakunladi.
Tuman hokimligining axborot xizmati.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶