Amudaryo tuman ichki ishlar boʻlimi boshligʻi Q.Ismailovning “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida tuman ichki ishlar boʻlimi tomonidan olib borilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi hisoboti haqida
Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashi
_____________________________________________________________
QARORI
2017-yil 25-iyul № 125/34-05
Amudaryo tuman ichki ishlar boʻlimi boshligʻi Q.Ismailovning "Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida tuman ichki ishlar boʻlimi tomonidan olib borilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi hisoboti haqida
Amudaryo tuman ichki ishlar boʻlimi boshligʻi Q.Ismailovning "Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida tuman ichki ishlar boʻlimi tomonidan olib borilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi hisobotini muhokama qilib, xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashi taʼkidlaydiki, mamlakatimizda fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga, jamoat tartibini saqlash va tinchlikni taʼminlashga davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Amudaryo tumanida huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikning oldini olish borasida keng jamoatchilik bilan hamkorlikdagi ishlarni tashkil etish maqsadida tuman hokimligi bilan birgalikda alohida qoʻshma dastur ishlab chiqilgan va ijroga qaratilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 20-apreldagi "Ichki ishlar organlari tayanch punktlarining profilaktika inspektorlarini xizmat uy-joyi bilan taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-2906-sonli qaroriga asosan profilaktika inspektorlari oʻzlari xizmat qilayotgan hududdan xizmat uy-joylari bilan taʼminlanib kelmoqda. Jumladan, tumandagi 47 ta ovul va mahallalar hududida profilaktika inspektorlari uchun jami 33 ta xizmat uylari ajratilishi rejalashtirilgan boʻlib, shundan bugungi kunga 1 ta "Toʻlqin” ovul fuqarolar yigʻini hududiga xizmat koʻrsatuvchi IIO TP profilaktika inspektoriga yangidan barcha shart-sharoitlarga ega boʻlgan turar joy qurilib foydalanishga topshirilgan va oila aʼzolari bilan yashab kelmoqda, 3 tasida taʼmirlash ishlari yakuniga yetkazilmoqda.
Bundan tashqari, profilaktika inspektorlariga imtiyozli kredit asosida berilishi rejalashtirilgan 33 ta shaxsiy avtotransport vositasi boʻyicha 33 nafar profilaktika inspektorlari tomonidan"Matiz” rusumli avtomashinaga tegishli shartnomalar tuzilib, 4 mln 500 ming soʻmdan boshlangʻich toʻlovlari toʻlangan.
Davlatimiz tomonidan ichki ishlar tizimida olib borilayotgan islohotlar profilaktika inspektorlarining ish samaradorligiga ijobiy taʼsir koʻrsatmoqda, ularni oʻz xizmat majburiyatlarini yanada sidqidildan va masʼuliyat bilan bajarishga undamoqda. Masalan, profilaktika inspektorlarining shaxsiy tashabbusi bilan koʻrilgan choralar natijasida joriy yilning 6 oyi mobaynida tumanda 32 ta oilaga turli darajada moddiy koʻmaklar koʻrsatilgan, 31 nafar fuqaro doimiy ish bilan taʼminlangan. Natijada 16 nafar fuqaro kam taʼminlanganlar roʻyxatidan chiqarilgan.
Jinoyatchilikning oldini olish maqsadida tuman hududida "Tungi xizmat” tashkil etilgan boʻlib, Ichki ishlar xodimlari va jamoat tashkilotlari vakillaridan jami 53 nafar xodim jalb qilingan. Shuningdek, tuman hududida xavfsizligini taʼminlash maqsadida patrul post xizmati yoʻnalishi boʻyicha 30 nafar xodim, 5 ta avtopatrul hamda 10 ta piyoda patrul xizmatga chiqarilgan.
Haftaning har payshanba, yaʼni "Profilaktika kuni”ni samarali tashkil etish maqsadida jami 68 nafar xodim, shu jumladan 26 nafar ichki ishlar organlari, 5 nafar huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organlar xodimi hamda 37 nafar jamoatchilik vakillari bilan hamkorlikda qator tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.
Yuqoridagi tadbirlar natijasida joriy yilning birinchi yarim yilligida oʻtgan yilning shu davriga nisbatan umumiy jinoyatchilik 92 tadan 90 taga, shundan oʻta ogʻir turdagi jinoyat 3 tadan 3 taga, ishsizlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar 9 tadan 9 taga teng saqlangan. Shuningdek, oʻtgan yilda ayollar tomonidan 20 tadan 7 taga, mast xolda jinoyat sodir etgan shaxslar 3 tadan 2 taga, guruhlar tarkibida sodir etilgan jinoyat 9 tadan 8 taga, voyaga yetmagan shaxslar tomonidan sodir etilgan jinoyat 4 tadan 2 taga kamayishiga erishilgan.
Oʻtgan yilning shu davrida avto transport vositasini olib qochish jinoyati 1 ta va qalbaki hujjatlar tayyorlash jinoyatlari 1 ta sodir etilgan boʻlsa, joriy yilda bu kabi jinoyatlar sodir etilishiga yoʻl qoʻyilmagan.
Ijobiy natijalar bilan bir qatorda sohada oʻz yechimini kutayotgan ayrim kamchiliklar ham mavjudligi kuzatilmoqda. Joriy yilning 6 oyi davomida tumanda jinoyat qidiruv sohasida 58 ta jinoyat qayd etilib, shundan 4 ta oʻgʻirlik jinoyati fosh etilmagan.
Shuningdek, tumanda ayrim jinoyatlarning oʻsishiga yoʻl quyilgan boʻlib, qasddan badanga ogʻir tan jarohati yetkazish jinoyati 2 tadan 3 taga, talonchilik jinoyati 1 taga, bezorilik jinoyati 3 tadan 6 taga, ogʻir oqibatli yoʻl transport xodicasi 4 tadan 5 taga, firibgarlik jinoyati 6 tadan 10 taga, qurol, oʻq-dori, portlovchi moddalar yoki portlash qurilmalariga qonunga xilof ravishda egalik qilish jinoyati 1 tadan 4 taga koʻpayishiga yoʻl quyilgan.
Oʻsishiga yoʻl quyilgan jinoyatlar profilaktikasida bir qator kamchiliklarning mavjudligi, aynan ushbu jinoyatlarning oldini olish va profilaktikasi boʻyicha ishlar asosan sodir etilgan qilmishning oqibatlariga qarshi kurashishdan iborat boʻlib qolayotganligini koʻrsatmoqda.
Shu bilan birga bugungi kunda huquqbuzarliklar va jinoyatlarning sodir etilishi sabablarini chuqur tahlil qilib borish, aniqlash va shu asosida ularga imkon berayotgan shart-sharoitlarni bartaraf etish yuzasidan zarur choralar koʻrish hamda joylarda qonuniylikni yanada mustahkamlash borasidagi ishlarni tubdan kuchaytirishni talab etmoqda.
Ayniqsa, voyaga yetmaganlar orasida huquqbuzarliklarning oldini olish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlarning samaradorligini oshirishga qaratilgan tizimli va taʼsirchan mexanizmlar ishlab chiqish hamda amalga oshirish hayotiy dolzarb masalalardan biriga aylanib bormoqda.
Amudaryo tuman ichki ishlar boʻlimi boshligʻi Q.Ismailovning "Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida tuman ichki ishlar boʻlimi tomonidan olib borilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi hisobotini muhokama qilib, "Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 6-moddasiga muvofiq, xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashi
QAROR QILADI:
1. Amudaryo tuman ichki ishlar boʻlimi boshligʻi Q.Ismailovning "Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida tuman ichki ishlar boʻlimi tomonidan olib borilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi hisoboti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Amudaryo tuman hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari (U.Polvanov)ga:
joriy yilda yangidan qurib, topshirilishi rejalashtirilgan 21 ta profilaktika inspektorlarining xizmat uy-joylarining belgilangan muddatda qurilishini va sifatli topshirilishini qatʼiy nazorat qilib borish;
bir oylik muddatda tuman ichki ishlar boʻlimi (Q.Ismailov) bilan birgalikda tayanch punktlarida taʼmirlash ishlarini toʻliq va belgilangan muddatlarda topshirish ishlarini jadalashshtirish va profilaktika inspektorlarining xizmat oʻtashi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratib berish topshirilsin.
3. Amudaryo tuman ichki ishlar boʻlimi (Q.Ismailov)ga:
jamoatchilik bilan birgalikda tumandagi barcha mahallalarda, birinchi navbatda, jinoyatchilikning ortishi kuzatilgan mahallalarda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilishini taʼminlash hamda natijalari yuzasidan xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashiga joriy yilning III choragi yakunlariboʻyicha axborot berish;
jinoyatlar sodir etilgan, ayniqsa, jinoyatlar soni oʻsishiga yoʻl qoʻyilgan 17 ta fuqarolar yigʻini hududiga biriktirilgan profilaktika inspektorlari va fuqarolar yigʻinlarining mahalla posbonlari faoliyatiga tanqidiy baho berish hamda ularning masʼuliyatini keskin oshirish;
"Mahalla” xayriya jamoat fondi Amudaryo tumani boʻlinmasi bilan birgalikda jinoyat sodir etilmagan Amir Temur, Doʻrman, "Oq oltin”, Qipchoq ovullari, Chordara, Yangiobod, Boyovul, Oybek, Boʻston, Xizr eli, Tosh qalʼa, Ayoqchi, Boʻz solma, Tor yop, Namuna, Oʻzbekiston, Qum yop mahalla fuqarolar yigʻinlari hududlariga biriktirilgan profilaktika inspektorlarini va fuqarolar yigʻinlarining "Mahalla posboni” jamoatchilik tuzilmasi rahbarlarini ragʻbatlantirish;
huquqbuzarliklar profilaktikasini tashkil etish maqsadida har bir sodir boʻlgan jinoyat boʻyicha keyingi kunning oʻzida fuqarolar yigʻini vakillari va shu hududda yashovchi aholi oʻrtasida sodir etilgan jinoyatning tafsilotlari hamda jinoyatning sodir etishga imkon bergan shart-sharotlarni bartaraf etish va kelgusida yoʻl quymaslik yuzasidan muhokama qilish;
har kuni profilaktika inspektorlarining fuqarolar yigʻinlari faollari, jamoatchilik tashkilotlari vakillari bilan birgalikda oʻz hududida kamida 10 ta xonadonga tashrif buyurishlarini tashkillashtirish;
jinoyatlarni sodir etishga moyil, shu jumladan muqaddam sudlangan, spirtli ichimliklarni isteʼmol kilishga ruju qoʻygan, giyohvandlikka chalingan hamda profilaktika hisobida turuvchi boshqa shaxslar kontingentini ajratib olish, ular bilan tizimli uchrashuvlar va yakka tartibdagi profilaktik tadbirlar oʻtkazish, ularning ishsizlarini tegishli tashkilot va muassasalar bilan birgalikda bandligini taʼminlash yuzasidan choralar koʻrish;
taʼlim muassasalarida oʻquvchilarning davomatini muntazam ravishda oʻrganib borish, mashgʻulotlarga qatnashmayotgan oʻquvchilar hamda ularning ota-onalari yoki ota-onalarining oʻrnini bosuvchi shaxslar bilan yaqindan muloqotlar oʻrnatish maqsadida joylarda "Davomat” tadbirlarini tashkil etish;
voyaga yetmaganlar va yoshlar oʻrtasida huquqbuzarliklarning oldini olish borasida mahallalarda keng jamoatchilik hamda ota-onalar ishtirokida profilaktika tadbirlarini yanada jadallashtirish, ularni ommaviy axborot vositalari orqali keng yoritilishini taʼminlash vazifalari yuklansin.
4. Ushbu qaror "Taraqqiyot koʻzgusi”gazetasida, xalq deputatlari tuman Kengashi va tuman hokimligining rasmiy veb-saytlarida eʼlon qilinsin.
5. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining qonuniylik, huquq tartibot va fuqarolar havfsizligini taʼminlash masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi (Gʻ.Yeshniyozov) zimmasiga yuklansin.
6. Ushbu qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Xalq deputatlari Amudaryo
tuman Kengashi raisi: S.Yoʻldashev

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶