OʻTGAN KUNLARGA BIR NAZAR...
Inson vaqt oʻtib, nafaqa yoshiga yetganda, oʻtmishiga bir nazar tashlab, bolalik, yoshlik, qarilikning ilk davrlarini esga oladi. Yaqin qarindoshlar, ota-ona, qoʻshnilar, oshna, yor-doʻstlar bilan kechgan umr yoʻllarini xotirlaydi.
Vaqt oʻtishi bilan inson koʻp narsaga eʼtibor berar ekan. Hayotdagi baʼzi bir yutuqlar, gʻalabalar, kamchiliklar xayol koʻzgusida jonlanib, ayniqsa, talabalik "oltin davr”ini juda ham koʻmsar ekan inson.
Men 1952-yil 19-oktyabrda tugʻildim. 1975-yilda oʻsha paytdagi QDPI jismoniy tarbiya fakultetini muvaffaqiyatli tugatdim. Sportning voleybol turi boʻyicha 1966, 67-, 68-, 71-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi oʻquvchilar spartakiadasi chempioni boʻldim. 1973-yil Oʻzbekiston Respublikasi yoshlar birinchiligida kumush medal sovrindori, 1973-yil Oʻzbekiston Respublikasi spartakiadasi ikkinchi oʻrin sohibi boʻldim. Ustozlarim Rustam aka Yuldoshev va Kulakov Yuriy Ivanovichdan cheksiz minnatdorman!
Sportda, hayotda erishgan barcha yutuqlarim uchun ustozlarim va rahmatli ota-onamga qalbimda cheksiz hurmat va ehtirom bilan yashayman.
Xalqimizda "hovli olma, qoʻshni ol”, degan ajoyib hikmat bor. Men umr yoʻldoshim Shukurjon bilan "Boyovul” mahallasiga koʻchib oʻtgan kunimizdan boshlab, meni yaxshi qoʻshnilarga hamroh qilgan taqdirimdan minnatdorman. Chunki hayotimdagi yaxshi-yomon kunlarimda (yomon kunlar hech qachon boʻlmasin!) jondek aziz qoʻshnilarim menga qoʻl-qanot boʻlib kelishadi. Biz mahallamizning fidoyi insonlari (Alloh rahmatiga olgan boʻlsin!) – Shomurod ogʻa Ernafasov, Toʻlgʻon opa, Gulchehraxon opalar, Neʼmat va Amin akalar, mashinalar ustasi Ozod aka, har doim uzogʻimizni yaqin, ogʻirimizni yengil qilishga intilib turguvchi shofyor Toʻliboy va Hamza akalar, Davlatboy aka Kamolov, ikkinchi jahon urushi ishtirokchisi Zina opa, Ismoil aka Yusupov, Jumaboy Qurbonov, Hayitboy ogʻa, soʻzlari shirin, mehribon Oymon va Gavhar opalardan hayot ilmini, oʻzbekona tutumlarni, mehr-oqibat va totuvlikda yashash ilmini oʻrgandik.
Baʼzan oila va hayot tashvishlaridan charchab, horgʻin kayfiyatda yurgan paytlarimda ana shu ulugʻ insonlar bir ogʻizgina shirin soʻzlari bilan mening koʻnglimni togʻday koʻtarib yuborishganlarini eslasam, haqiqatan ham qarindoshday mehrlari jonimga tutash insonlar, hayot qiyinchiliklarini, sinovlarini mardona yengib oʻtishim-da ahil va inoq qoʻshnilarim, hesh-aqrabolarim – yaqinlarimning oʻrni naqadar katta ekanligini his etaman.
Yaxshi zamonlar keldi, azizlar! Yayrab ishlaydigan, huzur qilib, yangiliklar sari intilib yashaydigan, halol mehnat qilgan kishi qadr topadigan davr bu! Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli hayotimizga kirib kelayotgan chiroyli oʻzgarishlar, Qoraqalpogʻiston va tumanimiz miqyosidagi yuksalishlar kishining qalbiga faxr va zavq bagʻishlaydi. Shular haqida oʻylarkanman, yana yoshligimga qaytgim, Oʻzbekiston mustaqilligini mustahkamlash yoʻlidagi ezgu ishlarda jasorat va matonat koʻrsatib ishlagim keladi, dilimda hozirgi yoshlarga havas uygʻonadi va:
– Toʻlib-toshib, hayotdan zavq olib yashang, bolalarim! Oʻqing, yuksak ilm choʻqqilarini zabt eting! Zero, siz yoshlarning eng ulugʻ matlabingiz shudir, sizni ona Vatan qoʻllab, ona Vatan kutmoqda! – deyman.
Baxtiyor RAJABOV,
sport taʼlimi faxriysi, "Boyovul” mahallasi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶