NAZARIY BILIM AMALIY MAShGʻULOTDA MUSTAHKAMLANADI
2017-yilning 4-5-iyul kunlari Respublikamiz poytaxti Toshkentda "Amaliy fanlarni oʻqitishning zamonaviy metodologiyasi: muammo va echimlar” mavzusidagi amaliy fanlar oʻqituvchilari forumi boʻlib oʻtdi.
Umumtaʼlim maktablarida amaliy fanlarni oʻqitish oʻqituvchidan eng avvalo yuksak bilim, pedagogik madaniyat va serqirra qobiliyat sohibi boʻlishni talab etadi. Sababi, amaliy fan oʻqituvchisi oʻquvchiga bir vaqtning oʻzida ham amaliy, ham nazariy jihatdan bilim berishga tayyor holda darsga kirishi kerak. Oʻquvchi oʻz olgan nazariy bilimini shu darsning oʻzidayoq amaliy jihatdan mustahkamlab olishi, hayotiy koʻnikmaga ega boʻlishi zarur. Shunda amaliy fan boʻyicha oʻtilgan bir soatlik dars oʻzini oqlaydi.
Ushbu forum yigʻilishidan koʻzlangan asosiy maqsad oʻz yoʻnalishida fidokorona mehnati bilan taʼlim sifati, samaradorligining oshishiga munosib hissa qoʻshib kelayotgan oʻqituvchilarni ragʻbatlantirish, ularning ish tajribalarini ommalashtirish, qolaversa, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 6-apreldagi 187-son qaroriga binoan qabul qilingan kompetentsiyaviy yondashuvga asoslangan yangi davlat taʼlim standartining mazmun va mohiyatini barcha taʼlim muassasalariga yanada kengroq joriy etishga qaratilgan. Forumning ish rejasiga kiritilgan "Mahorat darslari”, "Madaniy dastur”, yalpi va shoʻʼba yigʻilishlarida madaniy dam olish bilan birga, fursatdan unumli foydalanib, oʻz yoʻnalishi boʻyicha boshqa viloyat oʻqituvchilari bilan tajriba almashib, faoliyatida uchragan muammolar va ularning echimlari haqidagi fikr-mulohazalarini oʻrtoqlashgan oʻqituvchilar bunday yuksak eʼtibordan mamnun holda viloyatlariga qaytdilar.
Taʼlim tizimida yangilik va oʻzgarishlar avj olgan bir paytda mazkur forumning viloyat bosqichi 21-iyul kuni Nukus shahrida va tuman bosqichi 7-avgust kuni 38-sonli maktabda oʻtkazildi. Forumga tumanimizning barcha umumtaʼlim maktablarining texnologiya, tasviriy sanʼat va chizmachilik, musiqa madaniyati, jismoniy tarbiya va psixologiya fanlari oʻqituvchilari jalb qilindi. Ular bilan Respublika forumi materiallari va forumdan olgan oʻz taassurotlarimni oʻrtoqlashar ekanman, bunday oʻquv seminarlari "Mahorat maktabi”dagi mahorat darslari kabi oʻqituvchining yangiliklardan vaqtida xabardor boʻlishiga, oʻz ustida ishlab, tajribasini oshirishiga yaqindan yordam berishiga yana bir bor amin boʻldim.
2017-2018 oʻquv yilini umumtaʼlim muassasalarida 10-sinf ochilishidek muhim jarayon va kompetentsiyaviy yondashuvga asoslangan yangi davlat taʼlim standarti asosida boshlar ekanmiz, hamkasblarimga, barcha oʻqituvchi-murabbiylarga omad tilayman, xalqimizga esa mustaqilligimizning 26 yilligi qutlugʻ boʻlsin, tinchligimizga koʻz tegmasin, deyman.
Karomat Xudayberganova,
tuman XTMFMTTEB amaliy fanlar uslubchisi.
(Foto - http://tdpu.uz)

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶