BU MUQADDAS VATANDA AZIZDIR INSON
Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 26 yilligiga
Shukrona
Oʻzbekiston sobiq ittifoq davrida eng qimmatbaho xomashyo – paxta yetishtiruvchi respublika sanalsa-da, mamlakatdagi eng qoloq hududlardan biri edi. Markaz oʻzbekistonliklarning chinakam manfaatlari, oʻziga xos sharoiti va imkoniyatlarini pisand qilmas, maʼmuriy buyruqbozlik jabrini oddiy xalq koʻrar edi.
Paxtachilik sohasiga doir texnologiyalar, yonilgʻi-moylash materiallari, asbob-uskunalardan tortib, kundalik hayot uchun muhim boʻlgan xalq isteʼmoli mollari-yu hatto oʻzimizda yetishtirish imkoniyatlari keng boʻlgan don va goʻshtning 70 foizi, kartoshkaning 60 foizi, shakar 100 foiz chetdan olib kirilardi. Behisob zahiralari mavjud boʻlishiga qaramay, osh tuzi ham tashqaridan keltirilardi. Bundan koʻzlangan maqsad juda ayovsiz edi: Oʻzbekistonni markazga qaramlikda ushlab turish va jahon bozorida gʻoyatda qimmatbahoda sotiladigan paxta yetishtirishni yil sayin koʻpaytirish. Bu maqsadga xalal berishi mumkin boʻlgan, ajdodlarimizdan asrlar davomida sayqallanib yetib kelgan kasb-hunar zavolga yuz tutdi, xalqning tadbirkorlik qobiliyati boʻgʻildi.
Mustaqillik! Bu soʻzni shunchaki aytib boʻlmaydi. Jon qadar aziz, moʻʼtabar shu birgina soʻz zamirida ajdodlarimizning erk va ozodlik uchun olib borgan kurashlari, Yaratganning bizga nasib etgan bu qutlugʻ neʼmati va shu tufayli erishgan ozod va tinch-osuda turmushimiz bor.
Ha, mustaqillik bizga oʻz yurtimizga hukmronlikni, oʻlkamizning behisob boyliklariga egalikni qaytarib berdi. Oradan oʻtgan 26-yil mobaynida jafokash xalqimiz oʻz qoʻli bilan oʻzining yorugʻ kelajagini bunyod etdi.
26 yillik qutlugʻ dovondan turib yurtimizning, shu jumladan, tumanimizning bugungi qiyofasiga nazar tashlagan odamning yuragi faxr-iftixordan toʻlib-toshib ketadi. Tiliga beixtiyor shukrona keladi.
Oʻtgan kunlarni
xotirlaganda...
Istiqloldan oldingi yillarda Mangʻitdan Qilichboyga yo Qipchoqqa, Jumurtovga borib kelish uchun yoʻlga odamning yarim kuni ketardi. Respublikamiz markazi – Nukus shahriga kuniga ikki yo uch reys avtobus qatnar, uyam Turkmaniston davlati orqali uch-toʻrt soatlab yoʻl bosardi, desam ishonmaydiganlar topilsa kerak. Eh... u paytlarda turmush shunchalar nochor ediki...
... Oʻshanda 1968-yilning koʻklami edi. Qish qattiq kelganmidi yo bir ofatmi, koʻklamda qish boʻyi muzlab yotgan daryo suvi erib, oʻzaniga sigʻmay toshqin yuz berdi. "Toʻlqin” ovulida koʻpgina oilalarning hovli-joylari suv ostida qolib, vayronaga aylandi.
Shunda suv toshqinidan talofat koʻrgan avval xutor holida yashagan oilalarga posyolkalashtirib hovli-joy solish uchun yer berildi. Bu-ku yaxshi tadbir boʻldi. Biroq oʻsha vaqtlarda ikki-uch xonali joyni solib, epaqaga keltirguncha bir-ikki yillab hovlisi bor qarindoshlarinikida, hatto yertoʻlalarda yashagan oilalar ham boʻldi.
Endi shularni eslasam, hozir koʻz oʻngimizda hovli-joylarning, maʼmuriy binolarning, maktab, maktabgacha taʼlim muassasalari binolarining, savdo, maishiy xizmat koʻrsatishga moʻljallangan binolarning juda qisqa muddatlarda boʻy tiklab, foydalanishga topshirilayotganligi, aholining ham turar joylarini bir necha oylar ichidayoq qurib bitkazib olayotgani xalqimizning istiqlol sababli yuzaga chiqqan bunyodkorlik salohiyati tufayli ekanligi oydek ravshan boʻladi.
Bir vaqtlar dasturxonimizda faqat non boʻlar edi. Hovlilar boʻsagʻasigacha paxta ekilgach, qishloq odami tongdan shomgacha paxta dalasida ishlagach, mevani kim yetishtirsin, axir?! Toʻrtta moli beshta boʻlgan odam shaxsiy boylik orttirgan boʻlib, markaz siyosati qurboniga aylanib tursa, kim yurak yutib farovonlikka intilardi? Yaratganga beadad shukronalar boʻlsinki, bularning bari endi oʻtmishda qoldi.
Bugungi kun manzaralari
Ayni kunlarda mamlakatimizning, tumanimizning qaysi burchagiga bormang, koʻchalar biri-biridan obod, keng, ravon, oddiy mehnatkashlarning ham hovli-joyi zamonaviy uslublarda taʼmirlangan, har bir oila oʻz hovli-joyiga ega, deyarli hamma xonadonlarda oʻzimiz-da ishlab chiqarilgan mashinalar, qoʻrasi molga toʻla. Ha, Birinchi Prezidentimiz I.A.Karimovning har bir oila farovon yashashiga erishish uchun qishloqda yashovchi aholiga qoʻshimcha tomorqalar berish, hovli qurish uchun yer uchastkalari ajratish, tadbirkorlik va xususiy biznes bilan shugʻullanuvchilarga zarur shart-sharoitlar yaratishga va shu barobarida xalqning iqtisodiy ahvolini yaxshilashga doir olib borgan xalqchil siyosati oʻzbekistonliklarning hayotini qisqa muddatlarda tubdan oʻzgartirib yuborgani ayni haqiqat. Mamlakat ijtimoiy hayotida aholining birlamchi ehtiyoji boʻlgan oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga boʻlgan talabini qondirish ustuvor maqsad qilib qoʻyildi va shu yoʻnalishda olib borilgan saʼy-harakatlar oʻzbekistonliklarning qanchalar buyuk ishlarga qodir ekanligini butun dunyoga koʻrsatdi. Koʻrsatgani shu boʻldiki, avval chetga qaram boʻlgan Oʻzbekiston qisqa muddatlarda oʻz xalqini oʻzi boqa oladigan davlatga aylandi. 2015-yilda Oʻzbekiston BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO)ga aʼzo davlatlarning oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash sohasida Mingyillik rivojlanish maqsadlariga erishgani uchun beriladigan mukofotga sazovor boʻlgan 14 ta davlatdan biri sifatida eʼtirof etildi.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston xalqaro ekspertlar aniqlashicha, eng tinch-osoyishta mamlakat, oziq-ovqat xavfsizligi taʼminlangan mamlakat, iqtisodi barqaror rivojlanayotgan mamlakat sifatida ham yuqori oʻrinlardan joy olgan. Eng muhimi, inson omiliga eʼtibor kun sayin kuchaytirilmoqda. Munosib turmush va mehnat sharoitlari yaratish evaziga har kimning oʻz hayotidan, tuzumdan rozi boʻlib yashashiga erishish bugungi kunning asosiy vazifasidir.
Muhtaram Yurtboshimiz Sh.Mirziyoyevning joriy yilimizni "Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deya ataganlari zamirida yanada ulkan ezgu maqsadlar mujassamlashgan.
Xalq boy boʻlsa...
Dunyo tamadduniga ulkan hissa qoʻshgan fozil-fuzalolarning avlodi boʻlmish bagʻrikeng, nekbin xalqimiz barcha sohalarda ham ulkan salohiyatga egaligini allaqachon dunyo tan oldi, ilm-fanda, sanʼatda, adabiyotda, sportda...
Bularning zamirida ularga yaratilayotgan sharoitlar muhim oʻrin tutadi.
Sharoit... bu haqda oʻylaganimizda koʻnglimizni nurafshon qiladigan, ertagi kungi ishlarimizga ragʻbat beradigan omillar juda koʻp.
Shu yilning boshidan beri oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishni koʻpaytirish uchun chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, asalarichilik, quyonchilik, bogʻdorchilikni yoʻlga qoʻyish va muzlatkich oʻrnatish uchun 105 ta loyiha, sanoat salohiyatini oshirish uchun 39 ta loyiha, xizmat koʻrsatish va servis obʼektlari tashkil qilish uchun 107 ta loyiha tumanda faoliyat koʻrsatayotgan banklar filiallari tomonidan moliyaviy qoʻllab-quvvatlanib, kreditlar ajratildi.
Shuningdek, 110 nafar kollejlar bitiruvchilariga oʻz biznesini yilga qoʻyishlariga kreditlar berildi.
"Oddiy aholini tadbirkorlikka jalb qilish” shiori ostida joriy yil boshidan beri amalga oshirib kelinayotgan ishlar samarasi sifatida odamlarning daromad manbalarini yaratishlariga koʻmaklashish maqsadida tijorat banklari tomonidan 3-yil muddatga imtiyozli kreditlar berilgani xalqimizga chin maʼnoda madad boʻldi. Bu chora-tadbirlar mamlakatimiz rahbari Sh.Mirziyoyev taʼkidlaganlariday, xalqimiz turmushi sifatini oshirishga, har bir xonadonni, pirovardida davlatimizni boy va qudratli qilishga qaratilgandir.
Birinchi Prezidentimiz I.A.Karimovning 2015-yilda "Meva-sabzavot, kartoshka va poliz mahsulotlarini xarid qilish va ulardan foydalanish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarori qabul qilingan edi.
Qarorga muvofiq fermer va dehqonlarimizning ichki isteʼmol bozoridan ortgan qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini jahon bozoriga chiqarish imkoniyati yaratilgan, bundan olingan tushumlarning 25 foizini davlatga majburiy sotish belgilab qoʻyilgan edi.
Mamlakatimiz Prezidentining shu yil 28-iyuldagi "Mahalliy eksport qiluvchi korxonalarni ragʻbatlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Qaroriga muvofiq mahalliy eksport qiluvchi korxonalar va fermer xoʻjaliklar faoliyatini, ularning tashqi bozorlarda raqobatdosh mahsulotlar ishlab chiqarishi va eksport qilishini ragʻbatlantirish, shuningdek, valyuta bozorini yanada liberallashtirish maqsadida ularning mahsulotlar (ishlar, xizmatlar) eksport qilishdan valyuta tushumlarining 25 foizini majburiy sotish boʻyicha talab bekor qilindi.
Mamlakatimiz mustaqilligining 26 yilligi arafasida yana bir qutlugʻ ishga tamal toshi qoʻyildi: oʻtgan yili Oʻzbekiston oziq-ovqat korxonalari asotsiatsiyasi bazasida tashkil etilgan "Oʻzbekoziqovqatxolding” Xolding kompaniyasi UzAgro brendi ostida xorij bozorlariga yangi va qayta ishlangan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari, shuningdek oziq-ovqat sanoati mahsulotlari yetkazib bera boshladi. UzAgro brendi ostidagi koʻplab biologik xususiyatlari va taʼmi beqiyos boʻlgan mahsulotlar tez orada oʻz xaridorlariga ega boʻldi.
Har kuni oʻzgarishlar
Ha, avvalgi tuzumda faqat ishga borib kelib, oʻrtamiyona maoshni keyingi oygacha qanday yetkazishni xayol surib kun oʻtkazishlarimiz endi xotiraga aylandi.
Shiddatkor davrimizning har bir kuni mamlakatimizda qutlugʻ evrilishlar, oʻzgarishlar, bunyodkorliklar bilan kechayotir.
Eng muhimi, xalqimiz bu saʼy-harakatlar oʻz turmushi obodligi, farovonligi uchun ekanligini anglagan holda bu jarayonlarda faol harakat qilmoqda. Istiqlol davrida erishilgan yutuqlarning, qisqa muddatda amalga oshirilgan ulkan bunyodkorliklarning, oʻzgarishlarning ham sababi shu boʻlsa ajab emas.
... May oyining oxirlari edi. Bir kuni ertalabki nonushta paytida besh yashar nevaram:
– Ena, biznikiga ham Prezident bobom keladimi? – deb bolalarga xos shirin tilda soʻrab qoldi.
Nevaram muhtaram Yurtboshimizning viloyatlarga tashrif buyurganlarida xonadonlarga kirib, odamlar bilan suhbatlashganlarini televizorda koʻrgani uchun shunday xayolga borganini tushundim.
– Ha, keladilar qizim, keladilar, – dedim qatʼiy.
– Kelsalar, qaymogʻimdan berar edim-da, – dedi onasi tarelkaga solib bergan qaymoqqa qarab.
Tomogʻimga nimadir tiqilgandek boʻldi. Jajji qizalogʻim katta oʻgʻlimizga imorat solib berish uchun (shaharda yashasak-da, sogʻin sigirsiz boʻlmasdik) sigirimizni sotganimizdan soʻng sut-qatiqqa biroz tashna boʻlganimiz, yaqinda imtiyozli kreditga sogʻin sigir olganimizga mamlakatimiz rahbariga minnatdorchiligi ifodasi sifatida qaymogʻini hadya etmoqchi ekanligini anglab turardim.
Sigirimizni ancha vaqtgacha Prezidentimiz qarori bilan olganmiz, deb oila aʼzolarimiz bilan quvonishib aytib yurgan edik-da.
Oilamizda ulgʻayayotgan goʻdak ham Yurtboshimizning, davlatimizning elga gʻamxoʻrligini his qilib turganligini sezib, yuragim toʻlib ketdi va yana iqror boʻlaman, nainki mening nevaram, jamiyatimizning har bir aʼzosi – xoh u yosh, yo katta, sogʻlom yo nogiron, hech kim davlatimiz eʼtiboridan chetda qolayotgani yoʻq.
Tumanimizda birgina joriy yilning oʻzida 197 ta yangi uy-joylar, shundan 30 ta arzonlashtirilgan, 2 ta 32 oilaga moʻljallangan koʻp qavatli uy-joylar qurilib (yana uzoq muddatli kredit hisobiga!) foydalanishga topshirilayotgani, keksalarga nafaqasining naqd pulda berilishi yoʻlga qoʻyilgani, tumanimizning eng chekka hududlari ham uzluksiz elektr energiyasi bilan taʼminlanayotgani... xullas, har kuni bir ijobiy oʻzgarishlar...
Eng muhimi, bu bizning shu aziz diyorda baxtiyor, saodatli, farovon yashashimizga, turmushimizdan rozi boʻlib, emin-erkin yashashimizga xizmat qilmoqda.
Ilohim, inson qadr-qimmati yuksak tutilgan yurtimiz doimo tinch boʻlsin!
Oygul RAJABOVA.
(Foto - http://ijod.uz)

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶