“YoShLAR POYeZDI” TARGʻIBOT AKTsIYaSI
Ertangi kun davomchilari sifatida davlatimiz tomonidan yosh avlodga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Mamlakatimizda viloyatlar va Qoraqalpogʻiston Respublikasi tumanlari boʻylab ichki turizmni rivojlantirish va yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida oʻtkazilayotgan "Yoshlar poyezdi” targʻibot aktsiyasini ham ana shu eʼtiborlardan biri sifatida eʼtirof etish mumkin.
Qoraqalpogʻiston Respublikasiga yetib kelgan "Yoshlar poyezdi” targʻibotchilari tumanimizga ham tashrif buyurdilar. Targʻibot tadbirlari doirasida olimlar, tadbirkorlar, xonandalar, oʻz sohasida yutuqlarga erishgan namunali yoshlar, Yoshlar ittifoqi faollari joylarda uchrashuv, ochiq muloqot va musiqali tadbirlar oʻtkazdilar.
Amudaryo akademik litseyida targʻibotchilar guruhi kutib olindi va litsey faollar zalida ular ishtirokida yoshlar bilan ochiq muloqot uchrashuvi oʻtkazildi. Muloqotda tuman hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari A.Yoʻldoshev, Yoshlar ittifoqi tuman boʻlimi raisi M.Shermetov hamda "Yoshlar poyezdi” targʻibotchilari – huquqshunoslik fanlari doktori, professor Feruza Muhiddinova, Oʻzbekiston ruhshunoslar uyushmasi aʼzosi Viloyat Davletova, tadbirkor Rayhon Boymurodova, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori Ulbosin Oʻrinboyeva, Yoshlar ittifoqi faollari Furqat Yusupov, Abiy Dauletboyev, tibbiyot xodimi Jenisgul Seytmuratova, xonandalar Arepbay Allaniyozov, Bayram Perdebayev, Shiraz Tursinboyevlar hamda Zinatdin jirovlar ishtirok etdilar. Muloqot davomidagi qizgʻin munozaralarda huquqshunoslik fanlari doktori, professor Feruza Muhiddinova hamda tuman hokimi oʻrinbosari Alisher Yoʻldoshevlar yoshlarni qiziqtirgan masalalar boʻyicha yetarlicha javob berishga harakat qildilar.
– Kelajakning munosib vorislari boʻlish – masʼuliyatli vazifa. Buni har bir yosh yurakdan, qalban his qilmogʻi lozim. Turli illat, yot gʻoyalar taʼsiridan hushyor boʻlish, faollikka intilish, hayotdan oʻz oʻrnini topib, muammolarga toʻgʻri yechim topa bilishga yoʻnaltirish targʻibot aktsiyasining asosiy maqsadi hisoblanadi, – deydi guruh rahbari Feruza Muhiddinova. – Tadbirlarimiz davomida yoshlarga ruhan koʻtarinkilik, maʼnaviy ragʻbat, toʻgʻri yoʻnalish bera olsak, biz maqsadimizga oz boʻlsa ham erishgan boʻlamiz.
Qizgʻin yigʻim-terim payti boʻlganligi sababli uchrashuvlar paxta dalalarida davom ettirildi. Targʻibotchilar guruhi tumanning "Doʻrman” ovulidagi "Oʻrozboyev Ulugʻbek” fermer xoʻjaligida boʻlib, u yerda paxta terayotgan terimchilar bilan suhbatlashdilar. Fermer xoʻjaligining dala shiyponida tushlik tashkil etilib, musiqiy tadbir oʻtkazildi va ilgʻor terimchilar sovgʻalar bilan ragʻbatlantirildi.
Shuningdek, targʻibotchilar tuman markazidagi "Boyovul” mahallasida istiqomat qiluvchi 95 yoshli onaxon Oʻtabika Polvonovaning xonadoniga tashrif buyurib, uning suhbatidan bahramand boʻldilar va kitobsevar onaxonga kitoblar sovgʻa qildilar.
Targʻibot guruhi aʼzolari "Doʻstlik” mahallasida yashovchi tugʻma nogiron, lekin oʻziga xos iqtidor egasi Rahmatilla Gulmirzayev xonadonida boʻlishib, bu oila yashash tarzi bilan tanishdilar. Tumanda faoliyat koʻrsatayotgan "Nogironlar jamiyati” jamoat tashkilotiga tegishli boʻlgan, yaqinda tashkil etilgan imkoniyati cheklanganlar kutubxonasiga tashrif chogʻida targʻibotchilar u yerda kitob mutolaa qilayotgan oʻquvchi, tugʻma nogiron Hamdam Jumamurodovning orzu-istaklari bilan qiziqdilar. Targʻibot guruhi aʼzolari imkoniyati cheklanganlar kutubxonasiga bir qancha kitoblar va "Brayl” alifbosidagi daftarlarni sovgʻa qildilar.
Tashrif yana paxta dalalarida davom ettirilib, guruh aʼzolari tumanimizdagi "Toʻlqin” ovulida joylashgan "Yunusbek Ismoilov” fermer xoʻjaligi paxtakorlari bilan uchrashdilar va qizgʻin terim jarayonida ularga ruhan koʻtarinkilik bagʻishladilar. Maʼnaviy ragʻbat tariqasida oʻtkazilgan tadbirlar "Oq oltin” ovulidagi "Yakubova Gavhar” fermer xoʻjaligining dala shiyponida davom ettirildi. Tadbirlarda ishtirokchilar sanʼatkorlarning dilrabo kuy-qoʻshiqlaridan bahramand boʻldilar.
"Yoshlar poyezdi” targʻibot aktsiyasi tadbirlari yoshlarda katta taassurot qoldirdi.
Ozoda XUDOYBERGANOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶