OILA TINCh – JAMIYaT BARKAROR
Tuman fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish boʻlimiga turmush qurganlariga hali bir yil ham toʻlmagan kelin-kuyov ajrashish uchun ariza bilan murojaat qilishdi.
Koʻrgan koʻzga ikkovi ham aql-hushi joyida, bir oilani obod qilguday gʻayrati, savlati bor. Biroq oʻzlarining aytishlaricha, oʻzaro urush-janjal, nizolardan shunchalik toʻyib ketishgan ekanki, birga yashashga toqatlari yetmay qolibdi. Hali farzand koʻrishga ham ulgurmagan, ezgu niyatlar, orzu-armonlar bilan oila deya atalguvchi muqaddas qoʻrgʻonni bunyod etgan yoshlarning bu qarori bizni juda ajablantirdi. Ular yashaydigan mahalla oqsoqoli, maslahatchisi va yoshi ulugʻ onaxonlar bilan ularning oilasidagi muhitni oʻrgandik, ajrimning oldini olish, ahil yashab ketishlariga erishish borasida maslahatlashdik.
Ayon boʻlishicha, ulkan xonadonda uch nafar kelin, katta ikki kelinning besh nafar farzandlari bor ekan. Ota-ona, oʻgʻillar bamaslahat yangi hovli solishibdi. Yangi imoratga uchala kelinning ham koʻchgisi kelib, janjalni avjiga chiqarayotgan ekan.
– Urf-odatlarimizga koʻra, men kenja oʻgʻil boʻlganim uchun ota-onam bagʻrida qoli-shim kerak. Biroq rafiqam "yangi uyga koʻchmasak, sen bilan yashamayman, eski hovlida yashashni istamayman”, deyapti. Men ham men bilan faqat yangi hovli uchun yashayotgan boʻlsang, bor ketaver, dedim, – deydi kuyov.
Xullas, koʻpchilikning saʼy-harakatlari bilan ularning oilasi saqlab qolindi, katta oʻgʻil yangi hovliga koʻchdi.
Baʼzan, yangi oila qurgan, hatto bir-necha farzandli boʻlgan er-xotinlarning ham hayotdagi arzimas sabablar bilan ajralishga qaror qilayotgani juda tashvishlidir.
Keksalarning turmush qurishda puxta oʻylanish, shoshma-shosharlik qilmaslik lozimligi toʻgʻrisidagi maslahatlarida hikmat koʻp.
Afsuski, keyingi yillarda baʼzi yoshlarning oila qurishga juda yengil qarab, oila masʼuliyatini his qilmay, faqat hamma havas qilgulik toʻy, shohona liboslar, mebellar orzusida turmush qurayotgani bor gap. Natijada toʻydan keyin totuv turmush oʻrniga oʻzaro nizolar boshlanadi. Shu boisdan ham ajrimlar sodir etilayapti.
2016-yilning dastlabki sakkiz oyi davomida tuman boʻyicha 949 nikoh, 81 ta ajrim qayd etilgan boʻlsa, joriy yilimizning oʻtgan sakkiz oyida 916 ta nikoh va 73 ajrim qayd etildi.
Bu raqamlar ota-onalarni, keng jamoatchilikni bu borada hushyor tortishga undaydi. Boisi oila – jamiyatning kichik bir boʻlagi. Oilalardagi tinch-osoyishtalik, jamiyat tinch-osoyishtaligini taʼminlaydi.
Muborak PRIMBETOVA,
tuman FHDYo boʻlimi inspektori.
(Foto - http://fikr.uz)

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶