Endi tijorat banklarida oylik abonent toʻlovi olinmaydi
Oʻzbekiston Pespublikasi Prezidentining 2017-yil 12-sentyabrdagi “Pespublika bank tizimini yanada rivojlantirish va barqarorligini oshirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori bilan tasdiqlangan chora-tadbirlar Dasturining ijrosi yuzasidan Oʻzbekiston Banklar assotsiatsiyasi tijorat banklari bilan birgalikda amaldagi bank xizmatlariga belgilangan tariflarni qayta koʻrib chiqdi. Bu haqda Markaziy bank rasmiy sayti xabar berdi.
Bunda, asosiy eʼtibor, bankning ratsional daromadliligini taʼminlagan holda tijorat banklari tarif siyosatlarini optimallashtirish va shu orqali bank xizmatlari jozibadorligini oshirish va yangi mijozlar jalb etishga, eng asosiysi, mijozlar bilan yaqin hamkorlik munosabatlarini oʻrnatishga qaratildi.
Oʻrganish natijalariga koʻra, bank xizmatlari boʻyicha Tavsiyaviy tariflar ishlab chiqildi va mamlakatimiz tijorat banklarining tarif siyosatlarini optimallashtirish boʻyicha Banklararo kelishuv imzolandi.
Taʼkidlash lozimki, Banklararo kelishuvga asosan tijorat banklari bank xizmatlari boʻyicha oʻrnatilgan toʻlovlarni Tavsiyaviy tariflarda belgilangan miqdorlardan asossiz ravishda oshirmaslik va ortiqcha tariflar oʻrnatilishiga yoʻl qoʻymaslik hamda banklar tomonidan tasdiqlangan tariflarni oʻzlarining rasmiy veb-saytlarida joylashtirish belgilandi.
Tavsiyaviy tariflarga muvofiq 187 ta xizmat turi koʻrib chiqilib, 63 ta xizmat turi bepul amalga oshirilishi, 86 ta xizmat haqi 15 foizdan 95 foizgacha arzonlashtirilishi, shuningdek xorijiy valyutada oʻrnatilgan 7 ta xizmat haqi milliy valyutaga oʻtkazilishi yuzasidan kelishuvga erishildi.
Bepul amalga oshirilishi belgilangan xizmatlarning 29 tasi jismoniy shaxslarga, 25 tasi yuridik shaxslarga, 9 tasi esa yuridik va jismoniy shaxslarga koʻrsatiladigan xizmatlardir (tijorat banklari tomonidan haq olinmaydigan xizmatlar roʻyxati ilovada keltirilmoqda).
Jumladan, mijozlardan olinadigan kredit ajratish boʻyicha 10 ta, buxgalteriya hisobini yuritish va bank hisobvaraqlari ochish boʻyicha 12 ta, xorijiy valyutadagi xizmatlar boʻyicha 9 ta, plastik kartalariga xizmat koʻrsatish boʻyicha 11 ta, jismoniy shaxslarga koʻrsatiladigan chakana bank xizmatlari boʻyicha 17 ta va boshqa xizmatlar boʻyicha 4 ta xizmat haqlari bekor qilindi (ilova).
Bank xizmatlari haqlarining bekor qilinishi, oʻz navbatida tijorat banklari tomonidan mijozlarga xizmat koʻrsatilishida qoʻshimcha qulaylik yaratish bilan birga, aholi va xoʻjalik yurituvchi subʼektlarning pul mablagʻlari iqtisod qilinishiga xizmat qiladi.
Qayd etish lozimki, Tavsiyaviy tariflarga koʻra, tijorat banklari tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar uchun toʻlovlarning 18 tasi 30 foizgacha, 23 tasi 30 foizdan 50 foizgacha, 24 tasi 50 foizdan 80 foizgacha, 21 tasi 80 foizdan 95 foizgacha arzonlashdi.
Umumiy tartibda milliy valyutada jismoniy va yuridik shaxslarga plastik kartalar ochish, korporativ kartani almashtirish, korporativ karta yoʻqotilgan yoki shikastlanganda uni tiklash, toʻlovi rad etilgan yoki toʻlanmagan hujjatlarni qaytarish, omonat daftarchasini yoʻqotganligi uchun jarima hamda xorijiy davlatlar elchixonalariga beriladigan maʼlumotnomalar boʻyicha ilgari xorijiy valyutada (yevro, AQSh dollari) belgilangan xizmat haqlari milliy valyuta – soʻmda belgilanadigan boʻldi.
Bank xizmatlarining sifatini oshirish maqsadida:
- bank xizmatlarini qatʼiy ravishda mijoz bilan tuzilgan shartnoma shartlariga asosan koʻrsatish (bunda, shartnomada koʻzda tutilmagan boshqa xizmat haqlari olinishiga yoʻl qoʻymaslik);
- xizmatlar koʻrsatilishida shartnomada belgilangan muddatlarga amal qilish;
- shartnoma shartlariga faqatgina mijozning roziligi bilan oʻzgartirishlar kiritish;
- mijozlar faoliyatida yuzaga kelgan muammolarni koʻrib chiqishda ularning moliyaviy holatining oʻziga xos jihatlarini inobatga olgan holda yondashish yuzasidan tijorat banklari bilan kelishib olindi.
Ushbu bank xizmatlari boʻyicha oʻrnatilgan Tavsiyaviy tariflar tijorat banklari va ularning mijozlari oʻrtasidagi shartnomaviy munosabatlarda 2018-yilning 1-yanvaridan boshlab toʻliq tadbiq etiladi.
Ilova
Tijorat banklari tomonidan haq (toʻlovlar) olinmaydigan xizmatlar roʻyxati
1) Kredit ajratish boʻyicha xizmat koʻrsatishda:
- kredit hisobvaragʻini ochish;
- kredit hisobvaragʻiga xizmat koʻrsatish;
- garov taʼminotini rasmiylashtirish;
- garov taʼminotini toʻliq yoki qisman garovdan chiqarish;
- ajratilgan kredit boʻyicha monitoring oʻtkazish;
- kredit qoldigʻini boshqa bankka sotish;
- kredit byurosidan maʼlumotlar olish;
- garov reyestriga yozuv kiritish;
- ochiq kredit liniyalaridan foydalanilmagan kredit summasi;
- kredit boʻyicha oylik abonent toʻlovi;
2) Buxgalteriya hisobini yuritish, bank hisobvaraqlari ochish boʻyicha xizmat koʻrsatishda:
- milliy valyutada asosiy (yoki boshqa bank mijoziga ikkilamchi) talab qilib olinguncha depozit hisobvaragʻini ochish;
- bank mijoziga ikkilamchi, boshqa hisobvaraq ochish va qayta rasmiylashtirish;
- talab qilib olinguncha, ikkilamchi va shu kabi depozit hisobvaraqlarni yopish;
- shu bank oldidagi kredit qarzdorligini qaytarish (qoplash) uchun mablagʻlarni oʻtkazish (debet aylanma);
- mijoz boshqa bankka oʻtganda hujjatlarni tayyorlash va rasmiylashtirish;
- bir filialda mijozning bir hisobvaragʻidan boshqa hisobvaragʻiga hamda maxsus hisobvaraqlarga pul mablagʻlarini oʻtkazish;
- byudjet tashkilotlarining byudjet hisobvaraqlariga xizmat koʻrsatish;
- kichik tadbirkorlik subʼektlari hisobvaraqlaridan soliq va boshqa majburiy toʻlovlarni oʻtkazish;
- hisobvaraqlarga xizmat koʻrsatish boʻyicha oylik abonent toʻlovi;
- akkreditiv hisobvaragʻini tasdiqlash;
- hisobvaraq orqali amalga oshirilgan toʻlovlar haqida koʻchirma olish;
- taʼsis hujjatlariga asosan hisobvaragʻini oʻzgartirish;
3) Xorijiy valyutadagi xizmatlar boʻyicha:
- yuridik shaxslarga hisobvaraq ochish;
- yuridik shaxsning hisobvaragʻini yopish;
- hisob-kitob cheklari summasini mijozning hisobvaragʻiga kirim qilish;
- jismoniy shaxslarga hisobvaraqlar ochish va hujjatlarni yuritish;
- omonat daftarchasini berish;
- mijoz omonat hisobvaragʻiga mablagʻlarni naqd va naqdsiz kirim qilish;
- omonatni oʻz nomiga bankning boshqa filialiga oʻtkazish;
- fuqarolar buyurtmasiga koʻra omonatlarni qidirish;
- pul oʻtkazmalarni bekor qilish va orqaga qaytarish;
4) Plastik kartochkalariga xizmat koʻrsatishda:
- ish haqi, stipendiya, pensiya, nafaqa, stipendiya toʻlovlari uchun milliy valyutada plastik kartochkalar ochish;
- milliy valyutada plastik kartochkalar hisobvaraqlarini qoʻshimcha mablagʻlar bilan toʻldirish;
- milliy valyutada plastik kartochkalarga mablagʻlarni kirim qilish;
- milliy valyutada plastik kartochkadan pul oʻtkazmalarini amalga oshirish;
- milliy valyutada plastik kartochkalar boʻyicha operatsiyalarni toʻxtatish (“stop” listga koʻyish);
- milliy valyutada plastik kartochka “taqiqga” (blokirovkaga) tushgan holda qayta faollashtirish;
- korporativ plastik kartochkadan mablagʻlarni chiqim qilish;
- korporativ plastik kartochkasi boʻyicha operatsiyalarni toʻxtatish (“stop” listga koʻyish);
- korporativ plastik kartochka “taqiqga” (blokirovkaga) tushgan holda qayta faollashtirish;
- jismoniy shaxslarning chet el valyutasidagi konversion kartasini valyuta mablagʻlari bilan toʻldirish;
- milliy valyutadagi terminallar orqali kirim qilingan naqd pulsiz mablagʻlarni depozit hisobvaraqlariga oʻtkazish (inkassatsiya);
5) Jismoniy shaxslarga chakana bank xizmatlari koʻrsatishda:
- omonat hisobvaragʻi ochish;
- fuqarolar buyurtmasiga koʻra omonatlarni qidirish;
- omonat daftarchasini olish;
- kredit asosiy qarzi va foiz toʻlovlari boʻyicha bir martalik toʻlovlar;
- aliment toʻlash uchun toʻlovlarni amalga oshirish;
- naqd pulsiz mablagʻlarni omonatga kirim qilish;
- ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlarni plastik kartalardan omonatga kirim qilish;
- omonat hisobvaragʻiga naqd pul mablagʻlarini kirim qilish;
- kreditlarni soʻndirish;
- omonat mablagʻlarini “harakatsiz hisobvaragʻlar” toifasiga oʻtkazish;
- bir bank tizimidagi omonat hisobvaraqlaridagi mablagʻlarni ushbu bankning boshqa filiallaridagi yoki shu bankning oʻzidagi boshqa omonat hisobvaraqlariga oʻtkazish;
- ish haqi, nafaqa, pensiya va unga tenglashtirilgan naqd pul mablagʻlarini bank kassasidan berish;
- omonat foizlari va asosiy summasini berish;
- jismoniy shaxslarga ipoteka krediti olish uchun toʻlangan boshlangʻich badali qaytarib berish;
- bir bank tasarrufidagi filiallarga boshqa banklardan kelib tushgan mablagʻlarni talab qilib olinguncha, muddatli va jamgʻarma omonatlariga oʻtkazish;
- bank balansidagi garovga (balansga) qabul qilingan mol-mulklarni sotib olish uchun mablagʻlarni shakllantirish;
- bir bank tizimida boshqa filiallaridan omonatlarni yechib olish;
6) Boshqa xizmatlar:
- yuridik shaxslarga ish haqi va unga tenglashtirilgan mablagʻlarni bank kassasidan berish;
- inkassatsiya qilingan naqd pul tushumlarini qabul qilish, qayta sanash va hisobraqamga kirim qilish;
- inkassator xaltasiga mablagʻlarni notoʻgʻri joylashtirilganda dalolatnoma tuzish;
- kafolatlarning shartini (miqdori va muddatini oʻzgartirmagan holda) oʻzgartirish kabi xizmat turlari koʻrsatilganda,
mijozlardan xizmat haqlari olinmaydi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶