OQIL INSON SALOMIDAN MAʼLUM
Bismillahir rohmanir rohiym!
Salomlashish odobi bu eng dastavval turmushda ota-ona tomonidan farzandiga oʻrgatilishi shart boʻlgan sunnat va farz amallaridan hisoblanadi. Shuning uchun ham “Odob boshi salom, gap boshi kalom”, deb bejiz aytishmagan. Barcha maxluqotlar ichida eng aqlli va mukarrami boʻlgan inson hayotini salom-aliksiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Bu odob amali bashariyat hayotida qadimdan nihoyatda katta oʻrin tutib, biron notanish kimsa bilan koʻrishib, tanishmoqchi boʻlsangiz ham salom berishingiz bilan gap-gapga qovushib, oʻrtadagi begonalikka darhol barham beriladi. Mashhur sahobalarimizdan Abdulloh ibn Abbos (r.a): “Har bir narsaning nihoyasi bor, ammo salomning nihoyasi barokatdir”, deganlar. Islomiy manbalarda keltirilishicha, eng yaxshi amal “ochlarni toʻydirish va tanigan-tanimagan kishilarga salom berishdir”.
Islomiyatda salomlashish tarixiga nazar soladigan boʻlsak, “Alloh taolo Odam (alayhissalom)ni yaratib, uni farishtalarga “Assalomu alaykum”, deb salom berishga buyurgan. Farishtalar “Assalomu alayka va rahmatullohi”, deb alik olishgan. “Shundan buyon insonlarda salomlashish odobi urf boʻlgan”, deyiladi islomiy manbalarda.
Salomlashish – koʻplab savoblarga doxil boʻlishga sababchi boʻladigan, aqli raso kimsa tark etishi mumkin boʻlmagan yagona husni odob hisoblanadi.
“Assalomu alaykum” va “Va alaykum assalom”, degan iboralarning maʼnosiga toʻxtaladigan boʻlsak, “Sizga tinchlik boʻlsin”, degan maʼnoni bildirib, salomlashayotgan odamlar bir-birlariga tinchlik, xotirjamlik tilashadi.
Har bir odob tariqatining oʻz tartib-qoidalari boʻlgani kabi, salomlashishning ham tartibotlari mavjud: tugal ravishda salomlashganimizda: “Assalomu alaykum va rahmatullohi va barokatuhu”, deyilishi lozim. Buning maʼnosi “Sizga tinchlik, Allohning rahmati va barokati boʻlsin”, deganidir. Salom berishning qadimdan bizlarning yurtimizda eng ixcham va ommalashib kelayotgan koʻrinishi – “Assalomu alaykum”, deyish boʻlib va uning eng ixcham javobi “Va alaykum assalom”, deyishdir.
Salom berish bu – Paygʻambar alayhissalomning sunnati va insonning odob belgisidir. Alik olish esa Alloh taoloning musulmonlarga farz boʻlgan odob amali hisoblanadi.
Otda va boshqa ulovlarda ketayotgan odam piyodaga salom berishi, piyoda ketayotgan odam oʻtirganga salom berishi, oʻtirgan odam esa yotgan kishiga salom berishi, ozchilik koʻpchilikka, yoshi kichiklar kattalarga, yuqori mavqedagilar past mavqedagi insonga birinchi boʻlib salom berishlari mujtahid ulamolarimiz tomonidan aytilgan. Bundan murod – musulmonlarda gʻururlanish va takabburlikning oldini olish va kamtarinlik, hokisorlik va birodar-birodariga mehr-oqibatli boʻlishlikni yuzaga keltirishdir.
Koʻpchilik oʻtirgan joyga borib qolgan kishi bir odamni xoslamasdan hammaga qarab: “Assalomu alaykum!” deb salom berishi joiz, ammo u “lar” qoʻshimchasini qoʻshmasdan salom berishi kerak, chunki “salom” Allohning ismidir, Alloh yagonadir. Oʻsha joydagi odamlarning birisi alik olsa, kifoya boʻladi. Mabodo, salom berilsa-yu, ushbu jamoatdagilarning birontasi ham alik olmasa, shu jamoatda oʻtirganlarning barchalari farzni tark etganligi uchun gunohkor boʻladilar.
Xonadon sohibi oʻz uyiga kirganida ham, oila aʼzolariga ham salom berib kirishi sunnat amallaridan hisoblanadi.
Salom berishda hazilga olmasdan, soʻzlarini jiddiy va hurmat bilan toʻliq, ifodali, samimiy tarzda aytish zarur. “Salom berdik”, “okey”, “privet”, “salom”, “somalaykum” (maʼnosi “sizga oʻlim boʻlsin”), “xayrli kun” kabi tarzlarda kamsitilib, buzuq shakllarda salomlashish shariatmizda qatʼiyan man etiladi.
Boshni qimirlatib, ovozsiz, qoʻlni qoʻqsiga qoʻyib salomlashish va alik olish ham mutlaqo nodurust. Faqat baralla ovoz chiqarib, eshittirilib, salom berilishi va alik olinishi zarur.
Ayrim insonlar davomiy tahoratda yuradigan “parhezgor” boʻlishi mumkin. Ularga ogʻzaki tarzda salom berilsa ham boʻladi. Tahoratsiz va nojoiz narsalarni ushlab, boyagi “parhezgor”ga salomlashish uchun qoʻlini uzatishi “parhezgor”ning tahoratiga zavol keltirish havfi bor boʻlganligidan nodurust hisoblanadi. Shuningdek, salom-alikda haddan tashqari engashib, bukilib, taʼzim qilib salom berish va alik olish ham sharʼan maʼqul emas. Xiyol engashib salom berilsa, boʻladi. Notanish kishilarga va yosh bolalarga ham salom berish islomiy va insoniy odoblar sirasiga kiradi.
Agar biron kimsa sizga birov orqali salom aytib yuborganligini eshitsangiz, bunga: “Assalomu alayka va alayhi”, deb shu zahotidayoq javob qaytaring. Salom maktub orqali yuborilgan boʻlsa, dilingizda yoki xat orqali “Va alaykum assalom”, deb javobi berilgani maʼqul.
Chiroyli ayollarga, bidʼatchi, behayo, fosiq va kofir kimsalarga salom berilmaydi va olinmaydi.
Salomga alik olish maqbul boʻlmagan oʻrinlarda salom berish ham makruh amallardan sanaladi. Jumladan: Qurʼon oʻqilayotgan va oʻqiyotgan joyda, namoz oʻqilayotgan va oʻqiyotganda, azon yoki takbir aytayotganda, hammomdagi va hojatxonada oʻtirgan kishiga, nomahram ayollarga (keksa momolarimiz va yoshi ulugʻ ayollar bundan mustasno), ogʻzida taomi boʻlgan kishiga va taom yeyayotganlarga, uxlab yotganga, duo oʻqiyotgan odamga, xutba oʻqiyotganga, haj ziyoratida “Labbayka” aytayotgan ehromdagi kishiga salom berib boʻlmaydi.
Qoʻl berib koʻrishilganda kaftni kaftga qoʻyib, ikki qoʻllab koʻrishiladi, istisno hollardagina bir qoʻllab koʻrishish mumkin. Baʼzida eng yaqinlari va qadrdonlarini uzoq vaqtlar koʻrmagan er kishilar quchoqlashib koʻrishishlari mumkin. Bunday hollarda bir-birlarini avval oʻng, keyin chap koʻksiga bosib, soʻng qoʻl berishib, hol-ahvollari soʻrashiladi va salomlashiladi. Ammo ogʻiz-burun oʻpishib salomlashish mutlaqo urf-odatlarimizga begona va zid odat hisoblanadi. Ulugʻ ulamolar, olim-u fuzalolarning, ulugʻ ustozlarning qoʻllaridan oʻpish mumkin. Keksa qariyalar esa yosh nevara va chevaralarini bagʻriga bosib, erkalatib, peshonalaridan oʻpsa boʻladi. Nomahram ayol bilan qoʻl berib koʻrishish sharʼan mutlaqo mumkin emas.
Koʻpchilik joylarda, ayniqsa bizning tumanimizda, Mangʻitdagi toʻy-maʼrakalarda va azalarda baʼzi kimsalarning koʻpchilikni bezovta qilib, hamma bilan qoʻl berib salomlashib chiqish holatlari mavjud. Aslida odam toʻy-maʼraka egasi oldiga borib qutlugʻlab yoki azaxona taʼziyasini bildirgach, koʻrsatilgan joyga borib oʻtirishi maʼqul boʻladi. Xorazm viloyatida bu masalada azaldan odob va tartibga rioya etiladi. Maʼrakaga keluvchi kishini xalq hurmatlab, nazar qilsalar, u oʻng qoʻlini koʻksiga qoʻyib, silliq tavozʼe bilan xaloyiqqa ozgina boshini qimirlatib, yuzlanib qoʻysa, shuning oʻzi kifoya boʻladi.
Aziz mushtariylar, juda oddiy boʻlib koʻringan salomlashish odobiga imkon qadar amal qilsak, albatta Allohning ajr-u savoblariga doxil boʻlishimiz aniq. Kelgusida sevimli gazetamiz orqali sizlar bilan uchrashishni va suhbatlashishni rahmdil Allohdan soʻrab qolaman.
Qodirbergan hoji Jumamurod oʻgʻli, Qoraqalpogʻiston Respublikasi xalq oʻqituvchisi, mehnat faxriysi, islomshunos.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶