SUD TIZIMI ISLOHOTLARI – FUQAROLAR HUQUQ VA MANFAATLARIGA XIZMAT QILADI
Sudyalar mustaqildirlar, faqat qonunga boʻysunadilar. Sudyalarning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga biron-bir tarzda aralashishga yoʻl qoʻyilmaydi va bunday aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab boʻladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 112-moddasi.
Mamlakatimizda sud-huquq sohasida joriy etilayotgan islohotlar fuqarolar huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishga qaratilgandir. Natijada oʻtgan yillarda jinoyat protsessual, fuqarolik protsessual qonunchiligiga jiddiy oʻzgartishlar kiritilib, sud tizimi ijro etuvchi hokimiyat organlari nazorati va taʼsiridan chiqarildi.
Umumiy yurisdiktsiya sudlari ixtisoslashtirilib, fuqarolik, maʼmuriy, iqtisodiy, jinoiy ishlar boʻyicha sudlar tashkil etildi.
Muhtaram Prezidentimiz Sh.Mirziyoyevning 2017-yil 21-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni mazkur sohadagi ahvolni sifat jihatidan yuqori bosqichga koʻtarishga asos boʻldi.
Farmonga muvofiq, fuqarolik, jinoiy, maʼmuriy va iqtisodiy sud ish yurituvi sohasida sud hokimiyatining yagona oliy organi – Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi tashkil etildi. Sudlarning jinoyat ishlarini qoʻshimcha tergovga qaytarishdek amaliyotga chek qoʻyildi.
Tizimda amalga oshirilayotgan oʻzgarishlar mamlakatimiz Asosiy Qonunining 112-moddasida taʼkidlangan “Sudyalar mustaqildirlar, faqat qonunga boʻysunadilar. Sudyalarning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga biron-bir tarzda aralashishga yoʻl qoʻyilmaydi va javobgarlikka sabab boʻladi”, degan qoidaga toʻla hamohangdir.
Prezidentimiz rahbarligida shu yil 13-iyun kuni sud organlari tizimida odil sudlovni taʼminlash borasidagi ishlarning ahvoli, muammolar va istiqboldagi vazifalarga bagʻishlab oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida ham sohada oʻz yechimini topmagan kamchilik va muammolar atroflicha tahlil qilinib, muhim amaliy xulosalar chiqarildi.
Sohada Konstitutsiyaviy talablar asosida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar fuqarolarimizning huquq va erkinliklarini, manfaatlarini taʼminlashga xizmat qilmoqda.
Yerkin UTENIYaZOV, fuqarolik ishlari boʻyicha Amudaryo tuman sudi raisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶