MEN SAMIMIYaTDAN KUCh OLDIM
Mamlakatimizda yuz berayotgan oʻzgarishlar, xalqimiz hayotiga kirib kelayotgan yangilanishlarni kuzatib, ich-ichimdan quvonib ketaman. Haqiqatdan ham quvongulik. Yurtimiz qiyofasi kun sayin chiroy ochayotir. Ayniqsa, odamlarning ruhiyatidagi koʻtarinki kayfiyat, ertangi kunga ishonch tuygʻusi, har bir qalbga manzur mehr-oqibat, totuvlik koʻngillarga xotirjamlik bagʻishlaydi. Men shular haqida oʻylaganimda har gal muhtaram Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyevning: “Har bir davlat xizmatchisi har kuni oʻzining mehnati bilan egallab turgan lavozimiga loyiqligini isbotlashi shart”, degan soʻzlari yodimga tushadi. Nazarimda, Prezidentimiz har bir davlat xizmatchisi uchun oltin qoida sifatida qatʼiy belgilab bergan bu taomil tufayli masʼul rahbarmi, oddiy xizmatchimi, deyarli barcha idora va tashkilotlarda sogʻlom maʼnaviy muhit yaratilmoqda.
Men, keksalik alomatimi, hayot tashvishlaridan charchadimmi, harqalay maʼlum muddat tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli markaziy shifoxonaning asab kasalliklari boʻlimida davolandim. Yuqoridagi fikrlarimning isboti sifatida aytamanki, men dori-darmonlardan ham koʻra, koʻproq shifokorlarning samimiy muomalalaridan shifo topdim va farzandlarim, oilam bagʻrida bardam-baquvvatman. Shifokorlar Shukurullo Boltayev, Malohatxon Xolimbetova, Bahromjon Tilovov, Muhabbat Madaminova, Maqsudaxon Shaydiyeva hamda hamshira qizlar oʻzlarining shirin muomalalari bilan dardlarimga darmon boʻlishdi. Ular nafaqat meni sogʻlom hayotga qaytarishdi, balki farzandlarim, yaqinlarim uchun ham xotirjam yashash baxtini hadya etishdi. Chunki oilada bir kishining betobligi, bemorning oʻnlab yaqinlari koʻngliga notinchlik soladi.
Men tabiatda uygʻonish, yashnash va yasharish, yaratish faslini boshlab kelayotgan Navroʻzi ayyom bilan har kuni oʻz mehnati, beminnat xizmati, goʻzal xulq-atvori tufayli egallab turgan vazifalarini vijdonan uddalayotgan mehridaryo shifokorlarni chin dildan tabriklayman. Ilohim, qoʻllaringiz aslo dard koʻrmasin, el-u yurt sogʻligi yoʻlidagi fidoyiligingiz uchun Allohning benazir mukofotiga sazovor boʻling, deyman.
Oyimjon OʻPOZALIYeVA, mehnat faxriysi,
Beruniy nomli mahalla faoli.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶